October 8, 2022

Dizaynda faktlarga asoslanib qaror qabul qilish

Dizaynda maʼlumotlar va faktlarga (data) asoslanib qaror qabul qilish muhimligi haqida bilamiz. Taxminlarga asoslanib qilingan qaror notoʻgʻri boʻlish ehtimoli yuqori. Aslida, faktlarga asoslanib qaror qabul qilish hayotimizning ajralmas qismi hisoblanadi.

Hayotiy misollar:

  • Elektronika yoki boshqa jihozlar sotib olishdan oldin qaysi bozorda narx arzonligi, qayerda sifatli mahsulot borligini oʻrganib chiqib, qaror qabul qilamiz.
  • Shifokorga koʻrinishdan oldin yaxshi shifokor qidirib, tanishlardan surishtiramiz va ularning tajribasi yordamida qaror qabul qilamiz.
  • Shifokorlar bemorni bezovta qilayotgan ogʻriqqa asoslanib davolashmaydi. Avval har xil analizlarni oʻrganib, kasallikni aniqlaydi va shundan keyin davolashni boshlaydi.
  • Kimdir bizdan qarz soʻraganida, u qarzni qaytara olishi yoki qaytara olmasligi, avval boshqalardan qarz olib qaytib bergan-bermaganligiga asoslanib qaror qabul qilamiz.
  • Kimdir bizni aldasa unga nisbatan ishonchimiz yoʻqoladi. Chunki u bizni aldaganligini bilamiz (data).

Triatlon bilan shugʻullanishni boshlaganimdan beri, Ironman musobaqasiga qiziqishim kuchaydi. Ironman, 3,86 km suzish, 180 km velosport va 42 km yugurishni oʻz ichiga oladi. Bularning barchasini 16–17 soat ichida, tanaffussiz bajarish kerak va har bir bosqich uchun alohida vaqt boʻyicha limitlar bor.

2021-yilgi Ironman boʻyicha jahon chempionatida norvegiyalik Kristian Blummenfelt, 7:49:16 vaqt bilan, 1-oʻrinni egalladi va dunyo rekordini yangiladi. Kristianning aytishicha, uning mashgʻulotlarida data va analizlarning oʻrni katta. Mashgʻulotlar vaqtida, turli xil koʻrsatkichlar gadjetlar yordamida oʻrganib boriladi va natijalarga asoslanib mashgʻulotlar rejalashtiriladi.

Sportda ham kuchli boʻlish uchun faqatgina mashgʻulotlar yetarli emasligi, organizmning turli xil bosimlarga reaksiyasi va boshqa muhim maʼlumotlar oʻrganilishi muhimligi isbotlangan.

Dunyodagi eng kuchli sportchilar ham maʼlumotlar asosida qaror qabul qilib, dunyo rekordini yangilashyapti.

Demak, ma’lumotlar asosida qaror qabul qilishimiz, yaxshi natijalarga erishishimizga yordam berar ekan.

Kristin Blummenfelt qanday qilib data yordamida mashgʻulotlar oʻtkazishi haqida quyidagi videoda koʻrishingiz mumkin: