October 8, 2022

Qanday qilib tanqidiy fikrdan unumli foydalanamiz?

Manba: Doodle Ipsum

Dizaynermiz, tanqidiy fikr bilan har doim toʻqnashamiz. Ishimizni mahsulot menejeri, mijozlar, foydalanuvchilar va dasturchilar tanqid qilishlari tabiiy holat.

Tasavvur qiling, bor kuchingiz bilan mehnat qilasiz, lekin boshqalar sizni ishingizdan kamchilik topadi. Jahlingiz chiqib, kayfiyatingiz buziladi. Lekin tanqidiy fikrni toʻgʻri qabul qilish ishimizning muhim qismi hisoblanadi. Negativ fikr bilan toʻqnashganda quyidagilarni maslahat beraman:

Tanqidiy fikrga hech qachon tez reaksiya bildirmang

Tanqidga emotsional holatda javob bermang. Emotsional holat aql bilan ish tutishdan toʻsadi, bunday holatda odam oʻzining kamchiligini koʻrmaydi. Agar emotsional holatda himoyaga oʻtayotganingizni yoki zarba berishga tayyorlanayotganingizni sezsangiz, tanaffus qiling. Biroz chalgʻing va bu mavzuga sal kechroq qayting. Lekin mavzu ochiq qolmasin, mavzu issiqligida muammoni hal qilishga harakat qiling.

Tanqidni oʻsish uchun imkoniyat sifatida qabul qiling

Ishingizga tanqidiy yondashayotgan odam, siz haqingizda hech qanday salbiy fikrda emas. U sizni ishingizga baho beryapti. Shaxs sifatida sizni kamsitmayapti, sizni shaxsiy hayotingizga aralashmayapti yoki sizni ustingizdan kulmayapti. Aksincha, sizni xato yoki kamchiligingizni koʻrsatyapti. Shuning uchun, tanqid egasiga nisbatan nafratda boʻlish oʻrniga, unga minnatdorchilik bildiring. Uni toʻgʻri qabul qilishga harakat qiling va nega bunday fikrda ekanligini oʻrganishga harakat qiling.

Agar tanqid oʻrinli boʻlsa, yechim haqida oʻylab koʻrib, muammoni bartaraf qilishingizni ayting va albatta muammo ustida ishlab, uni yeching. Agar sizda yechim boʻlmasa, tanqidiy fikr bildirgan odamdan u yechimni qay holatda koʻrayotganini soʻrang.

Agar atrofingizdagilar ishingizga tanqidiy fikr bildirishmayotgan boʻlsa, yoki siz ishlaydigan jamiyatda tanqid qoralansa, bunday muhitda oʻsishga imkoniyat boʻlmaydi. Siz bilan har kuni ishlaydigan xodimlardan sizni ishingizda kamchilik boʻlsa, tanqidiy fikr bildirishlarini bu sizga oʻsishingizda yordam berishini aytishingiz foydali boʻladi