Ingliz tilini qanday oʻrganaman?
Ushbu postni yozishimga Khamidulla Inoyatovning Dasturchi bo’lish uchun nimadan boshlash kerak? nomli postlari turtki boʻldi. Postda Super Dispatch kompaniyasida ishlagan vaqtlarida mening ingliz tilimda sezilarli oʻzgarish boʻlgani haqida yozgan ekanlar. Oʻz tajribamni boʻlishishim boshqalarga foydali boʻlishi mumkinligini oʻylab, bu postni yozishga qaror qildim.
Maʼlumot uchun: Ingliz tilida Upper-intermediate darajasidaman. Bir oy avval Skyeng screening test orqali darajamni aniqladim. Skyeng Advanced darajasini chiqardi.
Ingliz tilini 2002-yildan beri oʻrganaman. Yillar boʻyicha hisoblasak, 20 yil oldin bu jarayon boshlangan. Lekin oxirgi 4–5 yilda nisbatan yaxshi natijaga erishdim. Avvalgi 15–16 yil unumli boʻlmagan.
Ingliz tilini oʻrganishda qilgan xatolarim
Ingliz tilini oʻrganishda koʻpchilikda kuzatiladigan ushbu xatolarni men ham takrorlaganman. Keling ularni birgalikda koʻrib chiqamiz:
Til oʻrganishni faqat grammatikani bilish va soʻz yodlash deb tushunganman
Grammatika qoidalarini oʻqib, har kuni 10–15 ta soʻz yodlar edim. Lekin eng katta muammo — yod olgan soʻzlarni ishlatmasligimda edi. Qoidalarni oʻrganganingiz bilan ularni amalda qoʻllamasangiz hammasi esingizdan chiqadi.
Maʼlum vaqt til oʻrganib, keyin tashlab qoʻyganman
Keyingi xato, tilni davomiy oʻrganmaganim boʻlgan. Motivatsiya kelib qolsa, oʻzimga vaʼdalar berib, harakat qilar edim, lekin 2–3 oydan keyin yana avvalgi hayotga qaytardim. Motivatsiya vaqtinchalik ekanligini, oʻz oldimga maqsad qoʻyib uni ustida davomiy ishlashim kerakligini kech tushunib yetganman.
Oʻz oldimga aniq maqsad qoʻyib, reja tuzib, maqsad sari intilmaganman
Til oʻrganishdan aniq maqsadim boʻlmagani uchun, reja ham tuzmaganman. Yaʼni xohish boʻlganda dars qilar edim xolos. Til oʻrganishdan qanday maqsadim borligi haqida oʻylab ham koʻrmaganman.
Oxirgi yillarda qanday qilib yaxshi natijaga erishdim?
Oʻz oldimga aniq maqsad qoʻyib oldim va maqsadga erishish uchun reja tuzdim
Avvalgi maqsad — ishda ingliz tilida bemalol muloqot qila olish edi. Undan keyin grammatik xatolarsiz yoza olish, keyin esa ingliz tilida darajani oshirish kabi maqsadlar kelib chiqdi.
Har bir ishni ingliz tilida amalga oshirishga harakat qildim
Yaʼni ingliz tili muhitini yaratishga harakat qildim.
- Eslatmalar yozishni (note taking) toʻliq ingliz tilida amalga oshirishni boshladim.
- Kitoblarni toʻliq ingliz tilida oʻqishni boshladim.
- Audiokitoblar va podkastlarni ingliz tilda eshitaman.
- Filmlar yoki har xil videolarni ham inngliz tilida koʻraman.
- Ingliz tilida gaplashadigan hamkasblar bilan turli xil suhbatlar qurishga harkat qilaman va suhbat oxirida mening ingliz tilim haqida fikrlari, koʻproq nimalarga eʼtibor berishim kerakligi haqida maslahatlar soʻrayman.
Essential Grammar In Use kitobini tugattim
Har kuni, hatto dam olish kunlari ham Murphyʼdan bitta qism tugatardim, grammatika qoidalarini oʻqib, mashqlarni bajarar edim. Kitobni tugatishdan oldin, har kuni bittadan unit koʻrib chiqsam qanchada tugatishimni ham hisoblab chiqqanman.
Har xil oflayn va onlayn kurslarni sinab koʻrdim va Skyeng servisida qolishga qaror qildim
Avvaliga Toshkentdagi baʼzi kurslarning darslariga borib koʻrishni boshladim, lekin ular menga yoqmagani uchun onlayn kurslarni qidirishni boshladim.
- Kurslar siz xohlagan vaqtda dars oʻtmaydi. Hatto siz bilan yakkama-yakka dars oʻtishini ham oʻzingiz istagan vaqtga belgilay olmaysiz. Masalan meni holatimda ertalab soat 9:00 gacha darsga borishim ideal holat edi. Sababi, bu vaqtda menda energiya boʻladi, men yangi bilim olib, keyin ishimni boshlashim mumkin. Kurslar soat 9:00 dan keyin ish boshlashadi yoki ishdan charchab chiqib, darsga borishga toʻgʻri kelar edi.
- Kursga borishga vaqt va energiya sarflaysiz. Yana bir muammo yoʻlga ketadigan vaqt va energiya edi. Onlayn kursda, xohlagan joydan darsda qatnashsangiz boʻladi.
- Darslar har doim ham oʻz vaqtida boshlanmasligi. Juda koʻp kuzatganim, birovning vaqtiga nisbatan hurmatsizlik, kimdir har doim kech qoladi, bu holatni guruhda ham yakkama-yakka dars oʻtishda ham koʻp kuzatganman.
Skyneng platformasi boʻyicha tajribalarim
Onlayn dars olish haqida izlanib koʻrib, Skyeng platformasini ishlatib koʻrishga qaror qildim. Servisdan hozirgacha deyarli har kuni foydalanaman.
- Oʻzingizning maqsaddan kelib chiqib, oʻqituvchi tanlash imkoniyati
- Oʻqituvchi bilan xohlagan vaqtingizda dars oʻtishni kelishib olish
- Interaktiv darslar, qoʻshimcha video, audio va shu kabi resurslar borligi.
- Skyengning oʻziga xos dizayni darslarni zerikarli oʻtmasligini taʼminlaydi.
- Skyeng Speaking Clubs yordamida oʻzingizga yoqqan mavzuni tanlab, sessiyaga qoʻshilib, har xil studentlar bilan turli mavzularda suhbatlashish mumkin.
- Skyeng Talks yordamida dunyoning turli joylaridan oʻqituvchilar bilan 15 minutdan 30 minutgacha har xil mavzularda suhbatlar qurish mumkin.
- 103 ta darsda qatnashdim
- 90 dan ortiq uy vazifalarini bajardim
- 378 soat vaqtim darslar uchun sarflandi
- 200 dan ortiq speaking clubʼlarda qatnashdim
- 90 dan ortiq Skyeng Talks da qatnashdim
- 1600 ta soʻz yangi soʻz yodladim
Boshlanishida oʻqituvchi tanlashga vaqt ketadi, menda 1 oy vaqt ketgan. Mening talablarimga mos kelmaydigan oʻqituvchi bilan birinchi darsdan keyinoq xayrlashar edim. Skyengda xohlagancha oʻqituvchi almashtirish imkoniyati mavjud.
Super Dispatch kompaniyasidagi muhitning taʼsiri
Ingliz tilida muloqot qilishni yaxshilashimda Super Dispatchʼdagi muhitning roli katta. 2017-yillargacha asosan, oʻzbek tilida ish yuritganimiz uchun, ingliz tiliga juda katta ehtiyoj sezilmagandek boʻldi. Lekin bu davrda men ingliz tilida murakkab boʻlmagan kitoblarni oʻqib, tushuna olardim. Ingliz tilida koʻriladigan filmlarni yoki podkast va audiokitoblarni ham bemalol tushuna olardim. Eng katta muammo, ingliz tilida yoza olish va muloqot qila olish edi.
Super Dispatch kompaniyasi bilan ishlashni boshlaganimizdan keyin, amerikalik xodimlar bilan muloqot qilishda muammolar paydo boʻla boshladi. Shunda Farhodjon Chinberdiyev bizga qanchadir muddatdan keyin barcha ish jarayonimiz ingliz tiliga oʻkazishimiz kerakligini tavsiya qildilar va adashmasam 6 yoki 8 oy muddat belgilandi, bu davrgacha elektron pochta va Slackʼdagi yozishmalar oʻzbek tilida ham amalga oshirilar edi. Muloqot uslublarini ingliz tiliga oʻtqizishga kelishganimizdan keyin, ingliz tili ustida qattiq ishlay boshladim.
- Kompaniyada har hafta amerikalik xodimlar bilan turli xil mavzularda 30 minut gaplashish uchun virtual coffee uyushtirardik.
- Men yozgan matnlarga ingliz tilida mendan koʻra tajribasi koʻp kasbdoshlar ora-orada tuzatishlar qilishim boʻyicha maslahatlar berishardi. Ular ichida Jahongir Rahmonov, Farhodjon Chinberdiyev, Bekzod Babamuradov va Sukhrob Khakimovlarning yordamlari katta boʻlgan.
- Kompaniyada alohida ingliz tili uchun speaking clubʼlar oʻtqizilardi (bu jarayon hozir ham bor).
- Kompaniya ingliz tilini oʻrganish uchun kursga byudjet ajratgan. Ingliz tilini kuchaytirishni xohlovchilar, bu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.
Grammarly ilovasidan foydalanaman
Grammarly yordamida uzunroq matnlarni tekshirib olaman. Menga imloviy xatolarni tuzatishga ancha yordam beradi.
Xulosa
Maqsadingizni aniqlab oling
Til oʻrganishdagi eng katta maqsadingizni aniqlab oling. Maqsad boʻlsa, reja tuzib, uning ustida qattiq ishlashga dalda boʻladi.
Reja tuzing va qatʼiy nizomga amal qiling
Oʻzingizni 3–5 yildan keyin qay darajada boʻlishingizni orzu qiling yoki tasavvur qiling va shu asosida 1 yillik reja tuzing. 1 yillik rejadan kelib chiqib, 6 oylik reja tuzing. 6 oydan keyingi maqsadga qanday erishish yoʻli haqida oʻylang, 1 oylik reja tuzing va undan haftalik rejani chiqaring. Nihoyat kunlik reja tuzing, yaʼni har kunlik qiladigan ishingiz 1 yillik rejaga taʼsir qilishi kerak. Yaʼni tizimli ishlang. Har bir ishni bajarishda, uni davomiy bajarish muhim. Har kuni 30 minut yoki 1 soat vaqt sarflasak, yil davomida oʻzimiz kutmagan natijaga erishishimiz mumkin.
Ingliz tili muhitini yarating
Audiokitoblarni ingliz tilida eshiting, kitoblarni ingliz tilida oʻqing, maqolalarni ham ingliz tilida oʻqing va ingliz tilida gapirishni mashq qiling. Ishda yoki uyda ingliz tili soatlarini tashkil qiling. Oynaga qarab ingliz tilida gapiring, boshqalar bilan suhbatingizni yozib olib, qayta tinglab, xatolarni tuzatishga harakat qiling.
Zamonaivy uslublardan foydalaning
Lugʻat yodlashda va grammatika qoidalarini oʻrganishda, interaktiv servislardan foydalaning. Grammarly kabi servislarda xatosiz yozayotganingizni tekshirib oling.
Uch yoki olti oyda ingliz tilini oʻrgatadigan kurslarga ishonmang
Shu kabi mazmundagi reklamalarga koʻp duch kelamiz. Aslida til oʻrganish bunday oson jarayon emas. Har bir sohani oʻrganishda boʻlgani kabi til oʻrganishda ham oʻziga xos mashaqqatlari bor. Jarayon mashaqqatli ekanligini tushunish tezda demotivatsiya boʻlib qolishning oldini oladi.
Faqatgina kurslarga borish bilan cheklanmang
Til kurslariga borishingizning oʻzi kamlik qiladi. Kurslarni oʻzi bilan cheklanmang. Barchamizning vaqtimiz cheklangan, 1–2 soatda oʻqituvchi sizga kurs davomida asosiy tushuncha va yoʻnalish berishi mumkin, oʻzingizni ustingizda mustaqil ishlashni koʻpaytirsangiz, natija ham koʻpayadi, maqsadga ham tez erishasiz.
Har oy, 3 -6 oy va 1 yilda qanday natijalarga erishganiningizni koʻrib chiqing
Ingliz tilida retrospective soʻzi bor va bu soʻz oʻtgan zamondagi bajarilgan ishlarni qayta koʻrib chiqish maʼnosini beradi. Bu jarayonni har bir sohada qoʻllash orqali, jarayon qanday kechgani, qanday yutuqlarga erishildi, qanday xatolar qilindi va keyingi bosqichlarni rejalashtirishga ancha yordam beradi. Til oʻrganishda ham oyda bir yoki 3-6 oyda yoki yilda bir retrospective oʻtqazib, oʻzingizni qay darajada oʻsganingizni, qanday xatolar qildingiz, kelajakda ana shu xatolarni qayta takrorlamaslik uchun nimalar qilishingiz kerakligi haqida oʻylab koʻrishingiz oʻsishingizga yordam beradi.
Agar siz Skeyng servisidan foydalanmoqchi boʻlsangiz, quyidagi havola orqali roʻyxatdan oʻtib, toʻlovni amalga oshirsangiz, sizga 2 ta darslik bepul taqdim qilinadi:
Skyengda roʻyxatdan oʻting, toʻlovni amalga oshiring va 2 bepul darsga ega boʻling, omadingizni qoʻldan boy bermang 😀