October 8, 2022

Dizayn kurs sotib olishda tavsiyalar

Oʻzbek tilidagi kurslar orqali dizaynni oʻrganish yoki men dizaynni qaysi kursda oʻrganganim yoki qaysi kursni tavsiya qilishim haqida savollar olyabman.

Javob quyidagicha:

Men oʻzbek tilidagi kursda oʻqimaganim uchun, ularni tavsiya qila olmayman. Oʻzi mutaxassis boʻlmasdan turib, pul ishlash uchun biznes oʻrgatish bahonasida daromad topayotgan trenerlar koʻpaymoqda. Bu holat dizayn sohasida ham uchramoqda. Yaʼni, oʻzi kuchli dizayner boʻlmasdan turib, instrumentni oʻrgatadigan kursni, dizayn kurs deb sotishmoqda.

Dizayn boʻyicha kurs sotib olishdan oldin quyidagi narsalarga eʻtibor berishni tavsiya qilaman:

1. Kurs nimani oʻrgatadi?
Kurs sizga instrumentni oʻrgatsa, buni oʻzingiz ham eplay olasiz, internetda videodarslar keragidan ortiq topiladi. Lekin dizayn bu instrument emas. Figma, Photoshop yoki Sketch dasturlarida dunyoda hech kim chiza olmagan interfeysni chizsangiz ham, siz yaxshi dizayner boʻla olmaysiz, yaxshi koʻrinishga ega interfeys chizadigan boʻla olasiz. Instrumentni oʻrgatayotgan kursdan qoching. Bu kabi kurslarni dizayn kurs, deb sotishning yana bir xavfli tomoni, kursda oʻqigan odam, dizayn sohasini oʻrganyabman deb oʻylaydi va kursni tamomlagach, yaxshi pul topish yoki yaxshi ishga joylashishga umid qiladi. Lekin bu sarob boʻlib chiqadi, chunki interfeys chizadigan instrumentda ishlash dizaynning bir bosqichi va bu bosqichga yetib kelguncha, bir qancha muhim dizayn jarayonlarni bosib oʻtish kerak boʻladi.

2. Kurs muallifi kim?
Muallif haqida izlaning, u oʻzi dizayner boʻlib qanday ishlar qilgan, qanday muammolarni yechgan, nechi yillik tajribaga egaligiga qiziqing. Dizayner oʻzini senior yoki lead yoki dizayn direktor deb tanishtirsa, ishonib ketmang. Bu darajalarga chiqish uchun yillab mehnat qilish va katta jarayonlarni bosib oʻtish kerak boʻladi. Agar u 10 yillik tajribaga ega boʻlsa, unga ham ishonib ketmang. Senior darajaga chiqish uchun 5–10 yil faqat instrumentga fokus qilinmaydi. Bu darajaga erishish uchun, soft skills, leadership skills, ochiq fikrli boʻlish va yana boshqa shu kabi qobiliyatlar talab etiladi.

3. Muallifning bilim berish tajribasini oʻrganing
Kuchli dizayner boʻlishning oʻzi, boshqalarga taʼlim berishga kamlik qilishi mumkin. Boshqalarga bilim berish yoki kasb oʻrgatish mashaqqat talab qiladi. Kurs muallifining bu sohada tajribasi boʻlishi, kamida foydali boʻlgan blogpostlar yozgan boʻlishini ham eʼtiborga olish kerak.

4. Muallifning shaxsiy hayoti yoki diniy eʼtiqodiga aldanmang.
Kurs sotib olishdan maqsad, dizayn sohasini oʻrganish boʻlsa, faqat shunga eʼtibor berish kerak. Muallifning eʼtiqodi yoki shaxsiy hayoti dizaynni oʻrgatishga bogʻliq joyi yoʻq.