Startup Weekend dasturidan keyingi fikrlar
Toshkentda ilk marotaba, 27–29 aprel kunlari Techstars Startup Weekenddasturi bo‘lib o‘tdi. Dastur 54 soatni o‘z ichiga oladi va shu vaqt davomida ishtirokchilar o‘zlarining biznes g‘oyalari ustida ishlab, haqiqiy loyiha tayyorlashadi.
Dasturda 70 dan ortiq qatnashchi, 14 ta mentor va 4 ta hay’at a’zolari qatnashdi. Kamina ushbu dasturda mentor sifatida qatnashdim.
Dastur haqida batafsil ma’lumot:
Startup Weekend Toshkent qanday tartibda o‘tishi yoki qanday natijalarga erishilgani haqida yozmoqchi emasman. Dastur davomida 12 ta jamoa bilan ishladim. Jamoalar bilan ishlash jarayonida, ular tayyorlagan loyihalar foydalanuvchi interfeysi uchun dizayn qanday tayyorlanishi bo‘yicha yordam berdim va 13 nafar mentorlar bilan har bir jamoaning hay’at a’zolariga tayyorlagan taqdimotlarini ko‘rib chiqib, to‘ldirishlar qilishga yordam berdik.
Asosan, Toshkent Shahridagi Inha Universiteti talabalari, Super Dispatch, D:Code va Daryo.uz xodimlari ishtirokchi sifatida qatnashdilar. Bundan tashqari qo‘shnilarimizdan, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston yoshlari qatnashishdi.
Meni qoyil qoldirgan jarayonlardan biri, har bir jamoa qatnaschilari, g‘oyalari haqida izlanish olib borish uchun, mahsulot foydalanuvchilari bilan intervyular tashkil etishdi. Qaysidir jamoa poliklinikaga yana qaysidir jamoalar savdo markaziga borib, odamlar bilan intervyular o‘tkazishdi.
Men O‘zbekistondan yanada ko‘proq ishtirokchilar qatnashishini kutgan edim. Ayniqsa, Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti va boshqa oliy o‘quv yurti talabalari, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi va O‘zbekistondagi boshqa startup kompaniyalar xodimlari qatnashishini kutgan edim.
Nima uchun?
Dastur davomida haqiqiy jamoa qanday bo‘lishi kerakligi haqida ma’lumot olindi va amalda sinab ko‘rildi. Ayniqsa, ba’zi kompaniyalardagi kabi, dasturchi faqat kod yozishi, dizayner faqat interfeys chizishi, direktor faqat ularni boshqarishi kabi jarayonlar emas, hamma birdam bo‘lib, muammolarni qanday qilib birga yechishi mumkinligi haqida amaliyot bo‘lib o‘tdi.
Inha Universiteti va Toshkent Xalqaro Vestminster Universiteti talabalari har doim oldinda. Ular asosan Google I/O Extended, IWD Tashkent — Women Techmakers 2018, DigiGirlz Uzbekistan va Google Design Sprint kabi dastularni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishida asosiy tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanishdi va shug‘ullanishmoqda.
O‘zbekistondagi boshqa oliygoh rahbarlari va talabalari Inha Universitetidan o‘rnak olishsa bo‘lardi.
Umuman olganda, balandparvoz gaplarni yig‘ishtirib, texnologiyalar rivojlanishi uchun birgalikda harakat qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Buning uchun O‘zbekistonda Startup Weekend kabi dasturlarni ko‘proq tashkil qilishimiz kerak.