October 8, 2022

Eskiz va uning dizayndagi oʻrni

Super Dispatch kompaniyasidagi eskizlar

Ushbu maqolada eskiz nimaligi, uning dizayn jarayondagi oʻrni va eskizlashda yordam beradigan foydali maslahatlarni yozaman.

Eskiz nima?

Eskiz — har qanday dizayn jarayonda tezlik bilan ishlangan xomaki chizmalar. Eskizga tugallanmagan ish sifatida qaraladi.

Eskizlashning foydalari

Dizayn yechimni tayyorlash jarayonida, eskizning roli unchalik ahamiyatsizdek tuyulishi mumkin, lekin eskizlashning quyidagi foydalari mavjud:

Vaqt tejash

Eskizlar vaqtimizni tejaydi. Keling, vaqt sotib oladigan ilova misolida koʻrib chiqamiz. Bizning oldimizda vaqt sotib olish uchun foydalanuvchi interfeysini ishlab chiqish vazifasi bor. Agar biz muammoni oʻrganib, ishni eskiz chizishdan boshlasak, eskiz yordamida qisqa vaqt davomida, jarayondagi barcha holatlarni koʻrib chiqishimiz mumkin. Yaʼni eskiz xomaki versiya boʻlganligi uchun mayda detallar ustida ishlamaymiz, aksincha muammoni umumiy holda yechishga eʼtibor beramiz.

Natijada, qisqa vaqt ichida jamoadagi barcha odamlarda dizayn yechim qanday ishlashi haqida tasavvur paydo boʻladi. Agar biz ishni dizayn yechimni sayqallashdan boshlasak, asosiy muammo haqida unutib, mayda detallar ustida ishlashga oʻtib ketib, koʻp vaqt yoʻqotishimiz mumkin.

Demak, eskizlarini tayyorlash uchun koʻp vaqt sarflamaslik kerak.

Yangi gʻoyalar oʻylab topish

Eskizlash yordamida qisqa vaqt ichida mahsulot konsepsiyasini ishlab chiqqanimizdan soʻng, bizga jarayonning koʻplab noaniq qismlari koʻrina boshlaydi. Jamoadoshlar bilan eskilarni muhokama qilib, ular va oʻzimizning fikrlarimiz asosida, yangi konsepsiyalar ustida ishlashimiz mumkin boʻladi.

Dizayn yechimdagi muhim jarayonlarni har bir nuqtasigacha oʻylab chiqish

Dizaynerlar koʻpincha perfeksionist boʻlganlariga, baʼzi holatlarda, yechimning har bir nuqtasiga eʼtibor berish oʻrniga, qanday rangdan foydalanish, logo oʻlchamini oʻzgartirish, qanday illustratsiya yoki ikonkadan foydalanish yoki shu kabi dizaynning keyingi bosqichlarida ishlanadigan jarayonga oʻtib ketishadi. Natijada dizayn jarayon juda koʻp vaqt olishi va bu vaqt davomida komandadagi boshqalar dizayner tayyorlayotgan yechimdan xabarsiz qolishlari mumkin. Agar oq-qora dizayndan foydalansak yoki qogʻozda eskiz chizsak, bu kabi detallarga eʼtibor bermasdan, yechim qanday ishlashiga koʻproq eʼtibor berishimiz mumkin.

Jamoadagilarning yechim haqida bir xil toʻxtamga kelishlariga yordam berish

Eskiz yordamida boshqalarga oldindan dizayn yechim qanday holatda boʻlishi mumkinligini tushuntirish oson boʻladi. Dasturchilar avvaldan bu haqida maʻlumotga ega boʻladilar va oʻzlarining fikrlarini bildirishlari yoki ular ham yechim ustida ishlashni boshlashlari yoki eskiz asosida ishni rejalashtirishlari mumkin boʻladi.

Tez iteratsiyalarda ishlash

Eskizlash tez kechadigan jarayon boʻlgani uchun, gʻoyalarni tez sinab koʻrish, sinov asosida yangi koʻnikmalar hosil qilib, keyingi iteratsiyalar ustida ishlashga yordam beradi.

Super Dispatch kompaniyasida oʻzim chizgan eskizlardan misollar

Eskizlashda qanday instrumentlardan foydalanmiz?

Eskiz chizishda, iloji boricha eng tez uslubni tanlagan maʼqul. Eskiz muammoga yechimni ifodalab berishi yetarli, unda har bir detalga jiddiy ishlov berish shart emas. Tajribamdan kelib chiqib, quyidagi instrumentlarni tavsiya qilaman:

Doskada eskizlash

Agar jamoadoshlaringiz bilan bir xonada ishlasangiz yoki bir joyda yigʻilib eskizlarni muhokama qiladigan boʻlsangiz, doskadan foydalanib eskiz chizgan maʼqul. Hamma uchun jarayon koʻrinarli va tushunishga oson boʻladi.

Qogʻozda eskizlash

Qogʻoz va qalam yordamida, qisqa vaqt ichida foydalanuvchi interfeysidagi barcha holatlarni chizib chiqish mumkin. Dizaynerlik faoliyatimda eng koʻp shu usuldan foydalanganman. Lekin qogʻozda eskizlashda, tuzatishlar qilish yoki yangi eskizlarni chizish, biroz vaqt olishi mumkin. Qogʻozda chizilgan eskizlarni devorga yopishtirib, jamoa bilan koʻrib chiqish mumkin.

Eskizlash uchun moʻljallangan dasturlardan foydalanish

Oʻzimiz dizayn chizadigan instrumentlar (Figma, Sketch, Adobe XD va hokazo) yordamida eskiz chizishimiz mumkin. Lekin bu kabi instrumentlarda eskizga fokus qilishdan koʻra, dizayn detallari ustida ishlashga chalgʻib qolish mumkin.

Oxirgi 2–3 yildan beri Excalidraw dasturidan foydalanaman. Sababi, juda sodda va ortiqcha instrumentlar yoʻq, har qanday eskizni qisqa vaqt ichida tayyorlash mumkin. Oʻzimning shaxsiy vebsaytim eskizni Excalidraw yordamida 15–20 minut ichida tayyorlaganman.

Shaxsiy vebsaytimning Excalidraw dasturida chizilgan eskizi

Xulosa

Eskizlash dizayn jarayonning eng muhim bosqishlaridan biri ekan. Eskizlash qisqa vaqt olishi, kam resurs va energiya talab qilishi kerak.

Agar dizayn jarayonida eskizlardan foydalanmasangiz, keyingi loyiha ustida ishni boshlayotganda, muammoni oʻrganish bosqichidan keyin, eskizlashdan foydalanib koʻring. Qanday natijaga erishganingizni izoh sifatida qoldirsangiz boshqalar uchun foydali boʻlishi mumkin.