October 8, 2022

Dizayner sifatida tez oʻsishda shaffoflikning oʻrni

Dizayn yechim ustida ishlash jarayonida eng koʻp takrorlanadigan xatolardan biri, dizaynerning yechimning oxirgi bosqichiga qadar ishlab, keyin mahsulot menejeri va dasturchilarga taqdim qilishi hisoblanadi. Bu jarayonni “Izolyatsiyada ishlash”, deb nomlagan boʻlar edim.

Izolyatsiyada ishlashining quyidagi minus taraflari bor:
- Dizayner oxirgi natijaga erishish uchun koʻp vaqt sarflaydi va mehnat qiladi. Uning ishiga hech kim tanqidiy fikr bildirmasligini kutadi. Chunki, u yechim ustida koʻp ishlaganiga, yechimni toʻgʻri deb oʻylaydi.
- Komandadagi odamlar dizayner ishiga tanqidiy fikr bilan yondashganda yoki boshqa yechim taklif qilganda, qabul qilgisi kelmaydi. Chunki, qilgan mehnati bekor boʻlishini ich-ichidan xohlamaydi.
- Komandadagilar boshqacha natija kutgan boʻlishlari mumkin va izolyatsiyada tayyorlangan dizayn biznes qoʻygan talablarga mos kelmasligi yoki foydalanuvchilar muammosini hal qilmasligi mumkin.
- Dasturchilar bunday yechimni tayyorlashga koʻp vaqt ketishi mumkinligini sabab qilib koʻrsatishlari mumkin.

Dizayner sifatida tez oʻsishda, komandadagi odamlarning roli katta. Dizayn jarayonida har bir bosqichni komandadagilarga tez-tez taqdim qilib turish orqali, komandada kommunikatsiyani yaxshilash va hamma yechim haqida bir xil natija kutishini ta’minlash mumkin.

Professional sifatida oʻsishda, boshqalarning fikrini eshita olish va emotsiyalarga berilmasdan ish tutishning oʻrni katta. Izolyatsiyada ishlash natijasida, boshqalarning fikrini eshitish kechikadi yoki ular bilan muloqot oʻz vaqtida boʻlmagani uchun, professional sifatida oʻsish ham sekinlashadi.

Tez oʻsish uchun dizaynerlar oʻzlarining ish jarayonlarini shaffof holatga keltirishlari kerak. Ya’ni, qanday muammoni yechayotganlari, nega aynan bu muammo ustida ishlayotganlari va qanday qilib muammoni yechayotganlari haqida komandaning boshqa a’zolariga tez-tez xabar berib turishlari kerak boʻladi.

Menejerlar yoki komanda liderlari jarayonni mikromenej qilmasliklari uchun, dizaynerlarning oʻzlari har bir bosqich haqida tez-tez ma’lumot berganlari ma’qul.

Izolyatsiyada ishlash orqali dizaynerlar oʻzlarining professional sifatida oʻsishlarini sekinlashtiradilar.