April 16

Soktareda Sadriddin Ayniy sadosi

Sadriddin Аyniy tarixnavislikda isteʼdodli adib, yozuvchilikda tarixning ulugʼ bilimdoni sanalib, u xalqning oʼtmishini xuddi oʼzi yashayotgan zamona kabi mukammal bilar hamda badiiyat libosini mahorat bilan tasvirlashda tengsiz edi. Ayniyni chetlab na Rudakiy va Firdavsiyning, na Sa’diy va Hofizning, na Jomiy va Navoiyning, na Bedil va Donishning ijod olamiga dadil kirib borish mumkin emas. Sadriddin Ayniyning ilmiy-adabiy merosi o‘tmish, bugun va kelajakni bir-biriga bog‘lovchi bir oltin halqadek go'yo.

Joriy yilning 15-aprel kuni Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi hamda Abu Ali Ibn Sino nomidagi Viloyat axborot-resurs markazi tashabbusi bilan “Ayniyxonlik” nomli adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ma'naviy-ma'rifiy tadbirda professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda adabiyot ixlosmandlari faol ishtirok etishdi.

Tadbirni Filologiya fakulteti dekani, f.f.d., professor G.I. Toirova kirish so‘zi bilan ochib, mazkur anjuman Sadriddin Ayniy ijodini chuqur o‘rganish va yoshlar ongida milliy-adabiy qadriyatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Shundan so‘ng f.f.d., professor Q.Q. To‘xsanov tomonidan “Sadriddin Ayniy – zullisonayn yozuvchi” mavzusida ma’ruza qilinib, unda adibning o‘zbek va tojik adabiy aloqalaridagi o‘rni, ikki tilli ijodkor sifatidagi badiiy-estetik xususiyatlari ilmiy asosda yoritildi.

Tadbir davomida 3-bosqich o‘zbek filologiyasi hamda 4-bosqich tojik filologiyasi talabalarining badiiy chiqishlari namoyish etilib, ular orqali adib asarlarining g‘oyaviy-badiiy mazmuni sahnaviy talqinlarda aks ettirildi. Shuningdek, markaz mutaxassisi Feruza Ashurova tomonidan tashkil etilgan yangi adabiyotlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va zamonaviy kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etishga xizmat qildi.

Tadbir tashkilotchilaridan biri, f.f.d., professor D.X. Quvvatova tomonidan Sadriddin Ayniy hayoti va ijodiga doir izchil ilmiy-biografik ma’lumotlar bayon etilib, adib merosining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati keng yoritildi. Yakunda O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori, f.f.d. D.Z. Rajabov tomonidan umumlashtiruvchi fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan talabalar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. Umuman olganda, mazkur adabiy-ma’rifiy anjuman yoshlar o‘rtasida ilm-fan va kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishni oshirish, milliy adabiy merosni chuqur anglash va targ‘ib etishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etdi.