Ma'rifatga baxshida umr...
Ma’rifatga baxshida umr - bu shunchaki yashab o‘tilgan yillar hisobi emas, balki jamiyatning ma’naviy kamoloti yo‘lida sarf etilgan mashaqqat manzili demakdir. Bunday umr egalari o‘z shaxsiy manfaatlaridan kechib, o‘zgalar qalbiga bilim va ziyo urug‘ini qadashni hayotining mazmuni deb bilishadi. G'ayrat Murodov -o'z hayotini ilm-u ma'rifatga baxshida qilgan olim sifatida e'tirofga loyiq.
Joriy yilning 16-aprel kuni filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi, taniqli adabiyotshunos,ko'plab shogirdlarning sevimli ustozi Gʻayrat Murodovning ilmiy-ijodiy faoliyati sharafiga atab ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir Buxoro davlat universiteti rektori, professor O.H.Hamidovning kirish so'zi bilan boshlandi. Shuningdek,Buxoro viloyat hokimining davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi A. S. Rustamov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Sh.S.Sulaymonov, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari G.Ibrohimova, taniqli yozuvchi, “Doʻstlik” ordeni sovrindori Joʻra Fozil singari ko'plab ilm ahllari professor Gʻayrat Murodov sharafiga atab iliq so'zlar aytishdi. Ayniqsa, ustoz G'ayrat Murodovga atab tayyorlangan videorolik mashaqqatli yo'l uchun ko'ngil izhori misoli jarangladi.
Ustozning ilmiy va ijodiy faoliyati milliy adabiyotimizni chuqur o‘rganish, yoshlar qalbida kitobxonlik, tafakkur va ma’naviy qadriyatlarga hurmatni yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda. Tadbir davomida talabalar ijrosidagi sahna ko'rinishlari, xususan, Gʻayrat Murodov “Abadiyat va adabiyot”, “Mohiyat va adabiyot” toʻplamlaridan o'rin olgan she'rlari hamda buxorolik shoirlarning she'riy tabriklari tadbir ishtirokchilariga manzur bo'ldi.
Tadbir so'ngida Filologiya fakulteti dekani ,professor G.I.Toirova , O'zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, professor D.Z.Rajabovlar ustozni ulug' yosh bilan samimiy qutlashdi.