NAVOIY YURIDIK TEXNIKUMIDA HUQUQNI MUHOFAZA QILISH AKADEMIYASI HAQIDA TARG‘IBOT TADBIRI O‘TKAZILDI
📆 Joriy yilning 5-fevral kuni Navoiy yuridik texnikumida “O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga qabul jarayonlari to‘g‘risida” mavzusida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
📝 Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining mas’ul xodimi F.Mardanov ishtirok etib, talabalar bilan uchrashdi. U o‘z chiqishida Akademiyaning Tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirish tartibi, qabul jarayonlarining bosqichlari hamda ta’lim olish jarayonida yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
📚 Tadbir davomida Akademiyaga kirish uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, imtihon topshirish jarayonlari, jumladan, test sinovlari, jismoniy tayyorgarlik, suhbat va tibbiy ko‘rik bosqichlari haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, o‘quv jarayonida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
🎓 F.Mardanov o‘z nutqida Akademiyada tahsil olish yoshlar uchun mustahkam bilim va huquqni muhofaza qilish organlarida faoliyat yuritish imkoniyatini yaratib berishini qayd etdi. Bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi, kasbiy o‘sish imkoniyatlari hamda xizmat davomida beriladigan imtiyozlar haqida ham ma’lumotlar berildi.
🤝 Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, batafsil javoblar oldilar. Ushbu targ‘ibot tadbiri yoshlarni huquqni muhofaza qilish sohasiga yo‘naltirish, ularning kelajak kasbini to‘g‘ri tanlashida muhim ahamiyat kasb etdi.