HAKIM TERMIZIYNING ANIQ VA TABIIY FANLARGA OID MEROSI
Turkistonlik ulugʻ qomusiy olim, buyuk mutasavvif Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan al-Hakim at-Termiziy (taxminan 750-869) dunyo tarixidagi taniqli siymolardan biridir. Fiqh, tasavvuf va kalom ilmlarida yetuk ulamo sanalgan bu kishining aniq va tabiiy fanlar sohasidagi qarashlari ham diqqatga sazovordir. Termiziyning bu fanlarga oid ikkita mashhur asari hozirgacha saqlanib qolgan. Bular “Solnoma” (“Yillar toʻgʻrisida kitob”) va “Navroʻznoma” (“Yilboshi toʻgʻrisida kitob”) boʻlib, ikkalasi ham astronomiya, xronologiya va meteorologiyaga oiddir. Xususan, “Solnoma” asarida 12 ta muchal, va bu muchallarga toʻgʻri keladigan yilda nimalar yuz berishi mumkinligi xususida soʻz ketadi. Lekin biz buni bashorat qilish deb tushunmasligimiz kerak, negaki Hakim Termiziy hech qanday folbin yoki bashoratchi emas. Balki asarda koʻplab yillik kuzatishlar, tajribalarga asoslanib maʼlum yilda biror narsa-hodisaning yuz berish ehtimoli toʻgʻrisida soʻz boradi. Bu maʼlumotlar esa shu yilda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yaxshi yoki yomon narsalarga kishilar oldindan tayyorlanib turishilari uchun nihoyatda zarur va foydalidir. Bunda har ehtimolga qarshi chora-tadbir, tadorik koʻrib qoʻyish tushunilsa, maqsadga muvofiq boʻlishi mumkin.
Endi asarning oʻziga qaytadigan boʻlsak, unda dastlab soʻz sichqon muchali toʻgʻrisida ketadi. Asarga koʻra, bu muchaldagi yil barakali va saodatli boʻladi. Yilning boshi xursandchilik, shodlik bilan oʻtadi. Bahor va yoz fasllari oʻrtacha, dehqonchilik mahsulotlari yaxshi va arzon boʻlishi mumkin Kuz bemahal kelsa-da, mevalar serob boʻladi. Lekin shamollar koʻp esishi mumkin. Qish esa uzoq davom etib, hayvonlarning bir qanchasi oʻlib ketishga ham mumkin. Shuningdek, bu yilda sichkonlar koʻpayib, narsalarga zarar yetkazishi ehtimoli ham bor.
Termiziy muchallarda kasalliklarning kechishi masalasiga ham toʻxtaladi. Masalan, tovuq muchalidagi yilda kasalliklar oʻrtacha boʻladi. Yaʼni insonlar kasalliklarga koʻp chalinishmaydi. Lekin bu kasalliklar yomon kechishi mumkin. Tovuq muchalidagi yilda hashak, oʻt-oʻlanning koʻp, lekin mayda, yaʼni past va kichikroq boʻlishi toʻgʻrisidagi maʼlumot chorvadorlar uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu muchaldagi yilda umaroyu fuzaloning ahvollari yaxshi boʻlishi yana bir qiziq maʼlumotdir.
“Navroʻznoma” asari nomidan Navroʻz bayrami va uni nishonlashga oidday koʻrinsa ham, aslida unday emas. Navroʻz deyilganda bunda yangi yilning birinchi kuni — yilboshi nazarda tutilgan. Shu jihatdan bu asar yilning boshi haftaning qaysi kuniga toʻgʻri kelishiga asosan mazkur yilda qanday narsa-hodisalar sodir boʻlishi mumkinligi haqidadir. Bunda ham bashorat yoki folbinlik emas, “Solnoma”dagidek maqsad koʻzlangan. Agar yilning boshi yakshanbaga toʻgri kelsa, bu kun Quyoshga aloqador boʻlib, mazkur yilda neʼmatlar koʻpayib, fitna va musibatlar kamayishi mumkin. Narxlar ham oʻrtacha, dehqonchilik mahsulotlari yaxshi boʻlishi kutiladi. Mevalar koʻp pishib yetilsa-da, yilning soʻngida narxlar koʻtarilishi ehtimoli bor. Shu yoʻsinda asarda haftaning yetti kunidan boshlanuvchi yetti xil yil va ularda kutiladigan narsa-hodisalarga birma-bir toʻxtalib oʻtiladi.
Bu maʼlumotlardan koʻrinadiki, Termiziy astronomiya, xronologiya, meteorologiya fanlaridan yaxshigina xabardor boʻlgan. Shuningdek, bularga oid boshqa olimlarning asarlari va tajribaviy maʼlumotlarini ham oʻrgangani seziladi. Termiziy yashagan davrda musulmonlar asosan hijriy - qamariy taqvimdan kundalik turmushlarida foydalanishgan. Ulugʻ bobomiz esa turkiylarning shamsiy taqvimiga asoslangan muchallar xususida soʻz yuritmoqda. Demak, Termiziy Islomgacha boʻlgan turkiylarning astronomiya va xronologiya sohasidagi bilimlaridan ham xabardor boʻlgan. Umuman, Termiziyning mazkur sohadagi qarashlari orqali minglab yillar ilgarigi ota-bobolarimiz ancha-muncha bilimlardan xabardor, dunyoqarashi keng insonlar boʻlishgani yana bir bor oʻz isbotini topadi.
1. أبو عبد الله محمد بن على بن الحسن الحكيم الترميني. سالنامه. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. Asosiy fond, №. 12602/XVIII. 212a — 214b var.
2 . أبو عبد الله محمد بن علي بن الحسن الحكيم الترميذي. نوروزنامه . OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. Asosiy fond, №. 9836/XI. 121b —125a var.