November 30, 2024

iqror

Men bilan hamma narsa boʻlishi mumkin. Lekin sevib, doʻstlashib boʻlmaydi. Zararli kasallik kabi sherigim hissiyotlarini yemirishni boshlayman. Men bilan koʻproq birga boʻlganlar hislarsiz, insoniyliksiz bir mujdaga aylanadi. Men uning tuygʻularini tortib olmayman - yoʻq, ular menga kerakmas, tushunmayman. Men ularni shunchaki yoʻq qilaman. Huddi oʻzimnikini yoʻqotganim singari

Men bir vaqtlar tush koʻrganman. Dadam va men qatnashgan sanoqli tushlardan biri. Hullas tushimda dadam va men bir birimizga qarab oʻtiribmiz. Atrof qorongʻu va sovuq. Tushunarsiz, yurakni tilka pora qiluvchi ovoz eshitilardi. Zax va qoʻlansa havo oʻpkamni har bir hujayrasini yemirayotgandek edi. Birdan "bilib qolding-a" degan ovoz eshitildi. Biroz kulguli va shu bilan birga juda qoʻrqinchli ovoz edi bu. Ovozni tasvirlay olmayman. Dadamni kulib turganiga koʻzim tushdi. Ovoz manbasini izlash uchun atrofga qaradim. Endi eʼtibor beribman, men belimgacha yer ostida edim. Yer ham emas, shilimshiq botqoq. Juda yomon, buni ham tasvirlash qiyin. U paytdagi qoʻrquvni soʻz bilan taʼriflash mumkin emas. Ovoz manbasini topa olmadim. Lekin dadam hamon kulayotgandi. Birdan tushunarsiz sokinlik, tushunarsiz deganim sababi u sokinlik emas lekin ovoz bor deb ham aytolmayman. Oʻsha paytda ovoz ikkimizdan birimiz tomonidan chiqarilganini tushunib yetdim. Lekin bu ovoz dadam tarafdanmi yoki men tomonimdanmi anglay olmadim.

Keyinroq tushundim. U kamida shayton boʻlsa kerak. Lekin ovoz kimdan chiqdi? Dadam yoki men?

Keyinroq dadamni ahvolini koʻrib oʻsha ovoz dadamdan chiqqan degan qarorga keldim. Axir boshqa qanday oʻylay? Oilasiga eʼtibor bermaydigan, shuncha farzandni tugʻdirib qoʻyib ularni hatto non ovqatiga qaramagan odamni kim deb atash mumkin?
Oilasini bitta aroqqa almashgan odamni boshqa nima deb oʻylash mumkin?

Ota mexri boshqacha. Hamma narsadan qadrli ota ifori. Otaning kiyimlari hech boshqa matoga almashtirib boʻlmaydigan qadrli boʻladi. Avval shunday edi. Lekin kiyinroq ulardan faqat ter, aroq hidi kela boshladi.

Boʻldi, men iqror edim. U tush menga berilgan jazo!

Butun oila, butun dunyo men uchun jazodek tuyuldi. Keyinchi, hissiyotlar ahamiyatsiz boʻlishni boshlaydi. Yaʼni oʻlishni boshlaysan. Ayang yigʻisi endi senga shunchaki koʻz yosh bo'lib tuyuladi. Hayotdan faqatgina nafratlanish emas, jirkanish hissini tuyasan tugʻilganing uchun. Hayot kuchli va doimiy ogʻriq deb oʻylaysan

Bir sirni ochaman. Agar senga laʼnat qilib oila berilgan boʻlsa, hech qachon baxtli boʻlolmaysan. Hech qachon oroming boʻlmaydi

Har qancha yomon odam boʻlishga harakat qilsam ham oʻxshamadi. Qizlar bilan sevishish? Men shunchaki oddiy munosabatlarni ham tushunmayman. Har qancha urinsam ham boshqa rahmga oid tuygʻular bosib ketaveradi. Toʻgʻridan toʻgʻri yomon ish qilishku aniq qoʻlimdan kelmaydi. Kimdandir oʻgʻirlash...kimnidir narsasini soʻramay olsam kechasi uhlolmayman. Yesam oshqozonim buziladi. Qachonki oʻziga aytmagunimcha ahvolim yomonlashib boradi

Yomon odam boʻlish buncha qiyin? Eng alam qiladigani, atrofimda yomonlar koʻp. Men har qadamda yomon odatlari bor kimsaga duch kelaman. Lekin oʻzimga kelganda bu hech qachon oʻxshamaydi.

Nega bunday qilmoqchiman? Tush sabab. Menga dada kerak. Hammadan koʻproq. Men bu xotira bilan yashay olmayman. Tushimdagi ovoz mendan chiqqaniga ishonishni istayman. Shunda dadamdan yaxshi xotira qoladi. Agar yagona tilak tilash imkoni boʻlganda, xotiramni oʻchirish va unda yagona dadam haqidagi yaxshi xotiralarni qoldirishni tilagan boʻlardim

Men hissiyotlarni yo'q qilaman. Chunki shunday odamman, sovuq va yuraksiz. Yagona tilagimni amalga oshirish uchun yashayman. Shuning uchun doʻstlarim yoʻq: chunki bir kun ularni butkul unutishdan qoʻrqaman. Shuning uchun men azobga loyiqman, do'stlarsiz, sevgisiz. Men bilan do'stlashib va yoki sevib bo'lmaydi...