August 16, 2020

Xudo ateistmi?


Faraz qilaylik-ki, asosiy dinlarimizda tasvirlangan, e'tiqod markazi bo'lmish xudo haqiqatan ham bor. Xo'sh, uning e'tiqodi qanday? U nimaga ishonadi? Kimga topinadi?
Bu savollarga musulmonlarimiz "La ilaha ilalloh", ya'ni "Allohdan boshqa iloh yo'q", degan monoteistik mantra bilan javob qilishadi. Turgan gapki, ularning Allohi, Al-Ilohi, xudosi o'zidan boshqa xudolar yo'qligidan boxabardir. Demak, u hech kimga topinmaydi, hech kimga sig'inmaydi.
Xo'sh, xudo e'tiqod, diniy ishonch kabi tuyg'ularga egami?
Bu savolga "Xudo hamma narsani bilguvchidir" ta'kidi javob bo'lishi mumkin. Ishonch, bilishdan farqli o'laroq, biron fakt yoki mantiqiy isbotga asoslanmay, biron iddaoni rost, deb qabul qilishdir. Bilish esa, shu iddaoni uning faktual yoki mantiqiy isbotlaridan kelib chiiqb, qabul etishdir. Bilish boshlangan nuqtada ishonch yo'qoladi.
Masalan, bir odam muzlatgich ichida bir shisha mineral suv borligiga ishonadi. Aynan ishonadi, chunki u haqiqatan ham muzlatgichda mineral suv bor-yo'qligini ta'kidlovchi fakt yoki mantiqiy isbotlarga ega emas. Faqat ishonadi (balki unga shu muzlatgichda mineral suv bor ekanligi haqidagi fikr yoqar, balki shunchaki "bor-yo'q" variantlari orasidan birini tasodifan tanlab olgandir). Bordi-yu, o'sha kishiga muzlatgich eshigini ochib, ichida bir shisha mineral suv bor-yo'qligini ko'rsatsak (ya'ni unga shu ontologik muammoni hal qiluvchi fakt bersak), uning ishonchi yo'qolib, o'rnini "bilish" egallaydi. Endi u muzlatgichda mineral suv bor-yo'qligini aynan biladi.
Mavzuga qaytsak. Madomiki, xudo mutlaqo hamma narsani bilsa, demak uning ishonchi yo'q. Uning ishonchga ehtiyoji ham yo'q.
Demak, xudo 100% ateistdir.
Dindorlar dahriylarni qarg'ashar ekan, o'zlari o'ylab topgan xudo ham dahriy ekanligini unutmasliklari lozim.

https://t.me/anti_ateis