April 26, 2020

Falsafiy ertak. Javlon Jurayev

Bir kuni bir bolakay zerikkanidan akasining rasm daftariga rasm chizib o’tirgan ekan. Hamma bolalar kabi u o’z o’yinqaroq mashg’ulotini qog’ozga mitti odamcha rasmini chizishdan boshlabdi. Bola bari bir bola-da – mo’jizalarga ishongani tufayli, uning tasavvurida u chizgan odamchaga jon kirib, u bilan suhbatga kirishibdi:
– Salom. Men kimman? – deb so’rabdi odamcha.
– Sen mitti odamchasan, – javob beribdi bolakay, - Men seni zerikkanimdan chizdim.
– Zerikkaningdan? U nima degani? – tushunmabdi odamcha.
– Zerikish – bir o’zing qolganingda nimadir qilishni qattiq xohlash.
– Unda men ham zerikar ekanman-da, - xo’rsinibdi odamcha, - Axir, men ham yolg’izman.
– Nega endi, - debdi bolakay, - men sen bilan har doim birga bo’laman. Ikkimiz eng yaqin o’rtoq bo’lamiz.
– Rostanmi? – xursand bo’libdi odamcha, - Yashasin! Lekin, – yana xomush tortibdi odamcha, - men seni ko’ra olmasam, faqat ovozingni eshitsam, qanday qilib sen bilan o’rtoq bo’laman? Demak, men baribir yolg’iz bo’lar ekanman...
– Mayli, hafa bo’lma, - debdi bolakay, - Men senga do’st bo’lishi uchun yana bir odamcha chizib beraman.
Shunday deb, bolakay mitti odamcha yoniga yana bir odamcha chizibdi. Bola tasavvuri unga ham jon ato etibdi.
– Salom. Men kimman? – deb so’rabdi yangi odamcha.
– Sen ham mitti odamchasan, - deb javob beribdi bolakay sevinib, - Yoningdagi sening do’sting. U yolg’iz bo’lmasligi uchun seni chizib berdim. Ikkingiz tanishib do’stlashib olinglar. Hammamiz yaqin do’st bo’lamiz.
Bola ko’z o’ngida ikki odamcha do’st tutinib, bir-biri bilan so’zlasha boshlabdi. Bolakay ikki odamchani yana-da xursand qilish uchun, ular tepasiga quyosh, atrofiga gullar, kapalaklar chizib beribdi.
– Bu narsalar nima? – hayron bo’libdi odamchalar, - Ular juda chiroyli ekan.
– Bular gullar, - javob beribdi bolakay, - Men ularni sizlar uchun chizdim. Gaplashib zerikkanda, ikkingiz ular orasida bekinmachoq o’ynashingiz mumkin.
– Sen istagan narsangni chiza olasanmi? – hayron bo’lishibdi odamchalar, - Biz nega chiza olmaymiz?
– Istasangiz, men sizlarga o’rgataman, - debdi bolakay, - Bu juda oson.
– Istaymiz, albatta istaymiz, - sevinchdan sakrashibdi odamchalar.
Shunda bolakay ikki odamchaga rasm chizishni o’rgatibdi. Odamchalar avvaliga o’zlariga o’xshash odamchalarni chizishni o’rganibdilar. Bu yangi odamchalarga ham bolakay tasavvuri jon ato etaveribdi. Odamchalar o’zlari chizgan odamchalarning “Men kimman?” degan savoliga o’zlari bilgancha javob berishibdi. Asta-sekin ular uychalar chizishga o’tishibdi. Bir zumda rasm daftar varog’i mitti odamchalar va ularning uychalariga to’lib ketibdi.
Odamchalar istagan narsalarini chizish va bir-birlari bilan gaplashishga shu qadar berilib ketibdilarki, bolakay haqida tamoman unutishibdi. Bolakay ularning o’yiniga qo’shilishni istab aytgan gaplari tinmay vijir-vijir qilayotgan odamchalar shovqinida eshitilmay qolibdi.
Vaqt o’tib odamchalar ko’p marsani o’rganishibdi. Endi oddiy uychalarmas, katta-katta shaharlar chizishni bilib olishibdi. Ba’zi odamchalar nafaqat chizishni – chizilgan narsani o’chirishni ham o’rganibdilar.
Shu orada odamchalar orasida “Men kimman?” degan savolga boshqa odamchalar bergan javob bilan qoniqmagan, bunga to’liqroq va chuqurroq izoh izlaydigan odamchalar paydo bo’libdi. Bunday izlanuvchan odamchalarning ba’zilari ko’p ilmlarni kashf qilishibdi.
Ammo hamma qabul qilgan andoza haqiqatlarni qabul qilishni istamay, oliy haqiqatni izlagan ko’plab ilmsevar odamchalar boshqa odamchalar qahriga duchor bo’lib, o’chirilib tashlabdilar.
Ba’zi odamchalar “Men kimman?” degan savollariga “men mitti odamchaman” degan javobni topibdilar. Shunda ular bu ertakning boshida turgan bolakayni eslabdilar. Unga doim do’st bo’lib qolish va’dasini berganliklari yodlariga tushibdi. Va ular atroflaridagi shovqin-suron ichida bolakay gaplarini eshitishni o’rganibdilar. Ular bolakay bilan yana do’stlashib, birga o’ynay boshlabdilar...
Ertakning yakunini bilmayman. Chunki u hali tugallanmagan. U hali ham davom etyapti. Mitti odamchalar hali ham o’z bilganlaricha yashashda, bolakay bilan do’st bo’lish va’dalarini buzishda davom etishyapti. Bilganlarning aytishicha, bir kunmas bir kun odamchalarning bu ishidan toqati toq bo’lgan bolakay rasm daftar varog’ini yirtib olib, g’ijimlab, uni bir chetga uloqtirib tashlar emish. Yana kim bilsin.
Javlon Jurayev “O‘zlik sari yetti qadam”

@GijduvonZakovatTurnir