Psixologlar faoliyatidagi jinoiy javobgarliklar.
Har bir professional psixolog o‘z kasbiy chegarasi va kompetentligini bilishi zarur. Lekin bilimsizlik yoki tajribasizlik oqibatida ham psixologlar o‘z kasbiy faoliyati nuqtayi nazaridan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Quyida, psixologning o‘z kasbiy faoliyati davomida kuzatilishi mumkin jinoiy javobgarliklar, Jinoyat kodeksi bo‘yicha keltirib o‘tilgan.
Jinoyat kodeksi 103-prim 1 moddasi. O‘zini o‘zi o‘ldirishga undash.
Ushbu modda bo‘yicha psixolog mijozni o‘zini o‘zi o‘ldirishga undashda figurant bo‘lib qolishi mumkin. Mijozlarga bergan har bir tavsiyamiz ularning hayoti va harakatiga taʼsir ko‘rsatishi mumkinligini esdan chiqarmasligimiz zarur. Agar ushbu harakatlarda psixolog aybdor deb topilsa, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
116-modda. Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik.
Baʼzida tajribasizlik oqibatida psixolog (tibbiy psixolog va psixoterapevt)lar o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
141-prim 1 moddasi. Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish.
Psixolog o‘z mijozlarining shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
143-modda. Xat-yozishmalar, telefonda so‘zlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanishi tartibini buzish
Ijtimoiy tarmoqlarda psixologlar o‘z ishining natijasini ko‘rsatish maqsadida, mijozlar bilan yozishma, va chatlarni eʼlon qilib boradilar. Aslida ushbu harakat ham xabarlarning sir saqlanishi tartibini qasddan buzish va bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
168-modda. Firibgarlik.
Asosiy faoliyati katta daromad topishga qaratilgan “psixologlar” firibgarlik, yaʼni aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan, foydasiz marafon, trening va kurslar tashkil etib kelishmoqda va bunga ham jazo muqarrar. Yaʼni bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xullas shunaqa gaplar hurmatli hamkasblar. Jinoyatdan saqlaning!