Shaxs
July 2

"QORA UCHLIK" shaxsiyat xususiyatlari

“Qora uchlik” yoki “Qora triada” (The dark triad) — bu (2002 yilda Delroy L. Paulxus va Kevin M. Uilyams tomonidan ishlab chiqilgan shaxsiyatning psixologik nazariyasi) psixologiyada uchta jiddiy tajovuzkor, ammo patologik boʻlmagan salbiy shaxsiyat xususiyatlarini birlashtiruvchi atama boʻlib, ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  1. Narsissizm (Narcissism)
  2. Makiavellizm (Machiavellianism)
  3. Psixopatiya (Psychopathy)

Ya’ni “Qora uchlik” shaxsiyat xususiyatiga ega bo’lgan shaxs bir vaqtning o’zida, o’z xulq-atvorida, narsissizm, makiavellizm va psixopatiyani aks ettiradi. Bu xususiyat ularning jamiyatga boʻlgan asosiy munosabatini belgilab beradi.

Ushbu narsissizm, makiavellizm va psixopatiya xususiyatlarning har biri alohida oʻrganilgan boʻlsa-da, ularning kombinatsiyasi odamning boshqa odamlar bilan munosabatlariga va ijtimoiy muhitdagi xatti-harakatlariga kuchli taʼsir koʻrsatishi mumkin.

1. Narsissizm

Narsissizm — bu shaxsiy yuksaklik va oʻz-oʻzini sevish bilan ajralib turadigan shaxsiyat xususiyati. Narsisistik odamlar koʻpincha oʻzlarini boshqalardan ustun deb bilishadi va doimiy ravishda eʼtibor hamda maqtovni talab qiladilar.

Misol: Biror kishi oʻzini hamma narsada eng zoʻr deb hisoblaydi va boshqalarning muvaffaqiyatlarini tan olishdan bosh tortadi. Ishda, u oʻzining yutuqlarini haddan tashqari bo’rtiradi va jamoaning muvaffaqiyatlari uchun faqat oʻzini sababchi deb biladi.

2. Makiavellizm

Makiavellizm — bu manipulyativ, makkor va oʻz manfaati uchun boshqalardan foydalanadigan shaxsiyat xususiyati. Makiavellistik odamlar odatda axloqiy tamoyillarga rioya qilmaydilar va faqat oʻz maqsadlariga erishishga yo’nalgan boʻladilar.

Misol: Biror kishi ish joyida yuqori lavozimga koʻtarilish uchun hamkasblarini manipulyatsiya qiladi, ularning zaif tomonlarini yuqori rahbariyatga ochib beradi yoki yolgʻon gapiradi. U maqsadiga erishish uchun har qanday tuban yoʻlni qilishga tayyor boʻladi.

3. Psixopatiya

Psixopatiya — bu befarqlik, empatiyaning yoʻqligi va yuqori xavfga moyillik bilan tavsiflanadigan shaxsiyat xususiyati. Psixopatik odamlar odatda impulsiv va tajovuzkor boʻlib, boshqalarga zarar yetkazishda hech qanday vijdon azobini sezmaydilar.

Misol: Biror kishi doimiy ravishda qoidalarni buzadi, hatto bu boshqalarga jiddiy zarar yetkazsa ham. U ekstremal, tajovuzkor va xavfli xatti-harakatlar bilan shugʻullanadi, masalan, qoidalarni buzish yoki ijtimoiy meʼyorlarga umuman boʻysunmaydi.

“Qora uchlik” xususiyatiga ega shaxs

“Qora uchlik” xususiyatlariga ega odamlar koʻpincha boshqalar bilan ziddiyatli munosabatlarga ega boʻladilar. Ular ijtimoiy muhitda manipulyatsiya qilish, raqobatlashish va boshqalarni nazorat qilishga moyildirlar. Ushbu xususiyatlar, ayniqsa, rahbarlik lavozimlarida yoki muhim qarorlar qabul qilinadigan vaziyatlarda xavfli boʻlishi mumkin.

Misol: Rahbar lavozimida boʻlgan shaxs narsisistik boʻlib, faqat oʻzini maqtaydi va jamoaning mehnatini eʼtiborsiz qoldiradi. U makiavellistik xatti-harakatlar bilan raqiblarini yoʻq qiladi va psixopatik xususiyatlari tufayli xodimlarni manipulyatsiya qilib, ularning his-tuygʻulariga befarq boʻladi.

Bundaylar ham jamiyatda yashashni qiyinlashtiradi, eng ajablanarlisi ushbu xususiyatga ega insonlar oʻzlarining salbiy xatti-harakatlarini chetdan koʻrish va tahlil qilish imkoniyatga ega boʻlmaydi. Natijada ularning axloqi yanada ogʻirlashib boraveradi.

Xullas, insonlarni tushunish va ulardan nima kutishni bilishimiz, bizning hayotimizni sogʻlom hamda stresslardan holi boʻlishini taʼminlaydi.

®️ Psixologiya

Bizni ushbu kanal @Psixodiagnostika orqali kuzatib boring...