Shaxs
November 1, 2023

Bola o'g'rilik qildi: Sabab va tavsiyalar

Bolalar bilan ishlaydigan mutaxassis-psixologlar yaxshi biladilar: deyarli har bir bola hayotida kamida bir marta bo‘lsa ham boshqa birovga tegishli narsalarni olgan (o‘g‘irlagan). Shu bilan birga, ko‘pchilik ota-onalar bolalarni o‘g‘irlash holatlariga juda keskin munosabatda bo‘lishadi: jismoniy jazolash, vahima, ruhiy bosim, oilaviy muhokama, kaltaklash, yuziga solish va h.k.

Bolaning bunday jinoiy xatti-harakatlari uchun chora ko‘rish yoki jazolashdan oldin, o‘g‘rilikning sabablarini o‘rganish zarur.

Shartli ravishda boladagi o‘g‘irlash xatti-harakatlariga quyidagi sabablarni misol qilish mumkin:

— Bola buni yomon ekanligini biladi, lekin o‘zining yoqtirgan narsasiga kuchli egalik qilish istagi o‘g‘irlashni keltirib chiqaradi.

— Baʼzida bola yaqin insoniga nimadir sovg‘a qilishni xohlashi mumkin. Bola u yoki bu tarzda yaqin insonini (masalan o‘rtog‘ini) xursand qilish uchun harakat qiladi va u noto‘g‘ri ish qilayotganini xayoliga ham keltirmaydi. Buning sababi, bola o‘g‘irlash salbiy holat ekanligini tushunmasligi.

— Boshqa hollarda, bolalar o‘ziniki bo‘lmagan narsani "topib olingan” narsa kabi bilishadi, shuning uchun ular uni saqlashni yoki egalik qilishni xohlashlari mumkin. Ota-onalar farzandlariga "topib olingan" narsalar ularning mulki bo‘lib qolmasligini o‘rgatishlari kerak.

— Eng ko‘p hollarda bolalar eʼtiborni jalb qilish uchun o‘g‘rilik qilishlari mumkin. Ular nafaqat ota-onalari, balki tengdoshlari va aka-ukalarining eʼtiborini xohlaydilar. Biror narsaning egasi sifatida tengdoshlarining eʼtiborini jalb qilish, ularni mehmon qilish, ularga nimadirlar sovg‘a qilish maqsadida ham pullarni o‘g‘irlashi mumkin.

— Shuni yodda tutishimiz kerakki, bolalar kattalardan o‘rnak olishadi. Ota-onaning qaysidir harakati bolada o‘g‘rilikni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan ota o‘z ishxonasidan mebel olib keldi va uyiga joylashtirdi. Bolada esa ushbu vaziyat noto‘g‘ri xulosani yuzaga keltirishi mumkin yaʼni ertaga bola o‘z bog‘chasi yoki maktabidan o‘ziniki bo‘lmagan narsani ko‘tarib kelishi mumkin.

— Baʼzi bolalar o‘z tengdoshlari yoki o‘rtoqlari ega bo‘lgan narsalarga erishishni juda xohlaydilar. Masalan, bolaning do‘stlarida cho‘ntak puli bor, lekin bolaning ota-onasi cho‘ntak pulini berishga imkoni yo‘q. Shunday qilib, u ehtiyojlarini qondirish uchun pul o‘g‘irlashni boshlaydi.

— Baʼzi bolalar tengdoshlari ustidan nazorat yoki hokimiyatga ega bo‘lish uchun ham o‘g‘irlik qilishadi.

AGAR BOLANGIZ O‘G‘RILIKDA QO‘LGA OLINSA:

- agar u aybini tan olishdan bosh tortsa, unga tahdid qilmang. Sizning qo‘pol tajovuzingiz bolani darhol boshi berk ko‘chaga olib boradi. O‘zining ushlanganini va “o‘g‘ri” ekanligini tan olishga majburlangan bola ilojsizlikdan o‘ziga zarar yetkazishi mumkin. Undan ko‘ra, u o‘ziga tegishli narsalarni olganmi yoki yo‘qmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rash yaxshiroq natija beradi;

- bolangizni qilmishi uchun “o‘g‘ri”, “o‘g‘risan” deb nomlamang;

- uni boshqa bolalar bilan yoki o‘zingizni bolaligingiz bilan solishtirmang, uni uyaltirmang ("Men sendan uyalaman", "Hech bir ota-onani sendek yomon bolasi yo‘q" va hokazo);

- bolangiz bilan yuzaga kelgan muammoni boshqalar bilan va bolangizga eshittirib muhokama qilmang, tarbiyaning oltin qoidasi: “Yagona tanbeh bu hamma oldida maqtash”;

- sodir bo‘lgan voqeaga qaytmang, (vaziyat iziga tushgandan keyin) bolani yuziga solmang, eslatmang, agar bo‘lib o‘tgan voqeani bolani yuziga solaversangiz, faqatgina bo‘lib o‘tgan huquqbuzarlikni bolaning ongida mustahkamlaganingiz qoladi holos;

BOLANI YAXSHI YO‘LGA SOLISH UCHUN:

Bolani qiziqishlarini inobatga oling va bunga sharoit yarating. Buni qanchalik tez qilsangiz, shuncha yaxshi bo‘ladi. Hayoti qiziqarli bo‘lgan ishlarga to‘la bo‘lgan odam o‘zini baxtliroq his qiladi. Endi bola o‘ziga nisbatan eʼtiborni jalb qilishining hojati yo‘q, uning hech bo‘lmaganda bitta sevimli mashg‘uloti, qiziqqan ishi bo‘ladi.

Bolani boshqalarning his-tuyg‘ulari haqida o‘ylashga va empatiya qilishga o‘rgatish zarur. Biz bolaga "senga odamlar qanday munosabatda bo‘lishini xohlasang, sen shunday bo‘l" degan qoidani o‘rgatishimiz va bu qoidaning maʼnosini o‘z hayotimizdan misollar yordamida tushuntirishimiz lozim.

Xullas shunaqa gaplar o‘rtoqlar…

Esingizda bo‘lsin, bolaning o‘g‘rilikka qo‘l urishi oiladagi disfunksiyaga yoki taʼlim tizimidagi xatolarga nisbatan reaksiya bo‘lishi mumkin.
Farzandingiz yomon ish qilgan bo‘lsa, umidsizlikka tushmang, aksincha bizning tavsiyalarimizni qo‘llash orqali vaziyatni hal qilishga harakat qiling.

Yoki bolalar psixologiga murojaat qiling!

Farzandingizni asrang!

®️ Psixologiya

Bizni ushbu kanal @Psixodiagnostika orqali kuzatib boring...