Shaxs
February 17, 2023

PEDOFILIYA haqida

Pedofil tushunchasini, uni nima ekanligini koʻpchilik anglab yetdi va bunga oʻtgan oyda Toshkent shahrida yosh qizchani nobud boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan voqea sabab boʻldi. Kanalim oʻquvchilarini iltimosiga binoan ushbu masalada oʻz bilganlarimni oʻrtoqlashishga qaror qildim.

Pedofiliya yoki pedofil bu voyaga yetmagan shaxs(bola)larga nisbatan kuchli, barqaror jinsiy mayl yoki xohishga ega shaxs.

Hozirda pedofillarni ajratib turuvchi aniq bir psixologik portret mavjud emas. Ular oddiy odamlar va olomondan umuman ajralib turmaydi. Bundan tashqari, bunday odamga ilk qarashda, u kimnidir xafa qilishga qodir deb ham ayta olmaysiz. Pedofillar odatda erkaklardir. Ayollar kamdan-kam hollarda bunday ogʻishishdan aziyat chekishadi. Pedofil jamiyatda obroʻli odam yoki er va ota boʻlishi mumkin.

Pedofiliyani kelib chiqish sabablari.

Psixologiyada bundaylarni jinsiy deviantlar yaʼni jinsiy tomondan xulqi ogʻishgan shaxslar deb taʼriflanadi. Ilmiy tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, quyidagi 4 ta sabab shaxsda pedofiliya shakllanishiga sabab boʻlishi mumkin. Bular onaning homiladorlik vaqtida (ikkinchi uch oyligida) qattiq shamollashni boshdan kechirishi ortidan homilada miya toʻqimalarni shikastlanishi; ilk bolalik vaqtidagi (1-2 yosh) fiziologik jarohatlar (misol uchun miya chayqalishi); bolalik davridagi psixologik jarohatlar; jinsiy yetilishning erta yoki oʻta kech kelishi (misol uchun 18 yoshda ham jinsiy aʼzolarini yetilmasligi).

Pedofillar nega bu ishni qilishadi?

Ular ham siz va men kabi oddiy koʻrinadigan odam, siz va men kabi ishga borib kelishadi, oilasi, bolalari ham boʻlishi mumkin. Yuqoridagi 4 sababdan birining oqibatida pedofillarda jinsiy fantaziya buzilgan boʻladi. Sogʻlom insonda jinsiy fantaziya voyaga yetilgan (+18) shaxsga nisbatan amalga oshiriladi. Pedofillarda esa nosogʻlom yaʼni infantil (bolalarcha, bolalardek) jinsiy fantaziya shakllangan. Ular jinsiy partnyor sifatida voyaga yetgan yoki oʻz tengilarini tasavvur qilolmaydi va jinsiy qoʻzgʻalish yuz bermaydi. Yana bir teoria boʻyicha jinsiy aloqa vaqtidagi mutlaq hukmronlik hissi pedofillarda voyaga yetmaganlarga nisbatan qiziqishni oshiradi. Yoki pedofiliya oʻzini oʻzi tasdiqlash, hukmronlik qilish vositasi boʻlishi ham mumkin. Bolalar bilan bunday erkaklar oʻzlarini yanada yetuk, oʻzlariga nisbatan kuchli ishonchni his qilishadi.

Umuman olganda psixik kasalliklar diagnostikasi, (DSM-5) pedofiliya psixologik buzilish deb ataladi va uni balogʻatga yetmagan bolalarga nisbatan kuchli, takrorlanuvchi jinsiy istaklar hamda ularga nisbatan harakat qilingan yoki ularga sabab boʻlgan xayollarni oʻz ichiga olgan parafiliya (gʼayrioddiy jinsiy mayllar) sifatida belgilaydi. Kasalliklarning xalqaro tasnifi esa (ICD-11) buni “balogʻat yoshiga yetgunga qadar boʻlgan bolalarni oʻz ichiga olgan doimiy jinsiy fikrlar, xayollar, istaklar yoki xatti-harakatlar bilan namoyon boʻladigan jinsiy qoʻzgʻalishning barqaror, yoʻnaltirilgan va kuchli shakli” sifatida belgilaydi.

Hozirgi davrda hech bir davlat, jamiyat, oila va bolalar pedofiliya qurboni bo’lmaslikdan kafolatlanmagan. Sababi ular har joyda bo’lishi mumkin. Siz kutmagan inson hattoki bolangizni o’qituvchisi ham pedofil bo’lishi mumkin (o’qituvchi deganimga sabab, dunyo statistikasi bo’yicha pedofillar eng ko’p o’qituvchi kasbi egalari bo’lishgan).

Pedofillarni ularni harakatidan ham ko’ra ko’proq gaplari orqali payqash mumkin. Misol uchun yosh qizchaga nisbatan nomaqbul ya’ni katta yoshli ayollarga nisbatan gapiriladigan komplimentni aytish, bolani o’ta shaxsiy so’zlar bilan erkalash. Pedofillar o'z jinoyatini yashirin qilishadi. Shu sababli ham biz bolalarimizga begona shaxslarga (u tanish amaki, aka bo'lsa ham) ergashmaslikni o'rgatishimiz kerak. Shu orqali biz bolalarimizni ulardan asrab qolamiz.

Bundan tashqari jinsiy partnyor tanlashda gavdasi oʻziga nisbatan kichik, kuchsizlarga eʼtibor qaratish ham pedofilizmga moyillikni koʻrsatadi.

Afsuski pedofiliyani davolash deyarli mumkin emas. Psixoterapiya mashgʻulotlari yordamida faqat odamni jinsiy fantaziyalarini nazorat qilishni va bolalarga nisbatan zoʻravonlik qilmaslikni oʻrgatish mumkin.

Xullas shunaqa gaplar.

®️ Psixologiya

Bizni ushbu kanal @Psixodiagnostika orqali kuzatib boring...