March 25, 2019

Sportchining Jismoniy tayyorgarligi haqida ma'lumot

Sportchining jismoniy tayyorgarligi sport faoliyati uchun zarur bo‘lgan jismoniy fazilatlarni, qobiliyatlarni tarbiyalash demakdir. Sportchining jismoniy tayyorgarligi bevosita amaliy sport yo‘nalishiga ega bo‘lgani uchun, ayni vaqtda organizmning umumiy jismoniy rivojlanishi, mustahkamlanishi va chiniqishi bilan tamomila bog‘liqdir. Tayyorgarlikning barcha boshqa tomonlari singari jismoniy tayyorgarlik ham umumiy va maxsus bo‘ladi. Sportchining maxsus jismoniy tayyorgarlik ko‘rishi tanlangan sport turiga xos javob bera oladigan jismoniy qobiliyatni tarbiyalash jarayonidan iboratdir.

Ma’lumki, sportning har bir turi sportchining jismoniy qobiliyatlariga maxsus talablar qo‘yadi, xilma-xil jismoniy fazilatlar o‘ziga xos uyg‘unlashgan bo‘lishi va namoyon etilishi talab qilinadi. Masalan, sprinter (yaqin masofaga yuguruvchi)dan avvalo tezkor-kuchlilik fazilatlarining maxsus nisbatda bo‘lishi (ba’zan uni sprinterlik qudrati deb ataladi), shuningdek, jumladan, mushak qisqarishining energetik resurslaridan anaerob (ozod kislorod yo‘qligida) foydalanishga asoslangan tezlik, chidam talab qilinadi. Stayer (uzoq masofaga yuguruvchi) uchun esa, aksincha birinchi navbatda nafas olishdagi modda almashinish (kislorod almashinishi) jarayoni yuksak darajada bo‘lishiga asoslangan chidamlilik zarurdir. Sportchining umumiy jismoniy tayyorgarligi deganda, ular tanlangan sport turi uchun xos bo‘lmagan, biroq sport faoliyatida muvaffaqiyatga erishish uchun bevosita va bilvosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan har tomonlama jismoniy qobiliyatlarni tarbiyalash nazarda tutiladi. Umumiy jismoniy tayyorgarlik maxsus tayyorgarlik uchun zamin yaratadi, ya’ni tanlangan sport turida kamol topish uchun zarur shart-sharoit sifatida kuchlilikni, tezkorlikni, chidamlilikni, epchillikni, chaqqonlikni har tomonlama rivojlanishini ta’minlaydi. Sportchining umumiy jismoniy tayyorgarligi mazmuni uning qaysi sport turi bo‘yicha ixtisoslashganligiga bog‘liq.

Sportchining umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarligi jarayonida jismoniy tarbiyaning barcha vositalaridan, ya’ni jismoniy mashqlar, chiniqish va sog‘lomlashtirishning tabiiy omillari (oftobda pishish, havo va suv muhitining xususiyatlari), rejim va boshqa gigiyenik sharoitlaridan foydalaniladi. Bunda maxsus tanlangan jismoniy mashqlar asosiy rol o‘ynaydi. Sportning har bir turidagi muvaffaqiyat faqat mazkur sport turining o‘ziga хos tomonlarini ifoda etuvchi ayrim qobiliyatlar bilangina emas, balki organizmning funksional imkoniyatlarining umumiy darajasi bilan ham belgilanadi. Shu sababdan ham maхsus tayyorgarlik bilan umumiy tayyorgarlik birga qo‘shib olib borilganidagina sportchining jismoniy tayyor garligi har tomonlama bo‘lishi mumkin. Chiniqish, sog‘lomlashtirishning tabiiy omillari hamda gigiyenik sharoitlardan mashg‘ulotlar vaqtida ham, shuningdek mashg‘ulotdan tashqari holatlarda (maхsus gigiyenik omillar, hammomga tushish, massaj qilish, umumiy turmush tartibiga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va hokazolarda) ham foydalaniladi. Mazkur omil va shartlarning sport faoliyatidagi ahamiyati mashg‘ulot yuklamalari ko‘paya borgan sari tobora ortib boradi.