August 28, 2021

Biznesda muvaffaqiyatsizlikning 3 ta asosiy sababi

Biznes egalariga birinchi navbatda quyidagi savolni berishni istardim:

“Siz biznesingizda tizimlarni yaratish bo‘yicha rejalar:
- sotuvlar rejasi, xaridorlarni jalb qilish, ichki biznes-jarayonlarni optimallashtirish va avtomatlashtirish va boshqa tizimlarga egamisiz?

Ko‘pchilik rahbarlar va biznes egalari:
- “Menda hech qanaqa reja yo‘q. Men birorta yangi g‘oyani joriy qilib, ishga tushirmoqchiman, u menga biznesda haftasiga eng ko‘pi bilan bir-ikki kun ishlab, undan ozmi-ko‘pmi daromad olish imkoniyatini beradi”, – degan javobni berishsa kerak. Afsuslar bo‘lsinki, shu yaqin oragacha mening o‘zim ham xuddi shunday fikrda edim, va birdaniga yutuqqa erishtiradigan “sehrli tayoqcha”ni qidirish bilan ovora edim. Ana shunday fikr yurituvchi tadbirkorlarda “sehrli tayoqcha”ga ishonch, unga ega bo‘lishim bilanoq barcha ishlarim o‘z-o‘zidan yurishib ketadi, mijozlar o‘zlari yonimga kelishadi, hisoblaridagi pullarini o‘zlari muntazam ravishda hisobimga o‘tkazib turishadi, ishchilar esa o‘zidan-o‘zi mijozlarga vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatadilar, degan va shunga o‘xshash fikrlar hosil bo‘ladi. Ana shunday fikrlaydiganlar bo‘lsa, ranjishlariga to‘g‘ri keladi, chunki biz ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishimiz lozim: “Qandaydir bitta texnologiyani tatbiq etib, siz umrbod o‘zingizni tinch va to‘kin-sochin hayot bilan taʼminlay olishingiz haqidagi gap – bu to‘laligicha afsonadir. Bunday bo‘lmaydi! Hech qachon bo‘lmaydi!”.

Ha, haqiqatdan ham, savdoda bir qator qiziqarli g‘oyalar mavjud bo‘lib, ular rostdan ham biznesdagi sotuvlarni tezlik bilan oshirib berishga yordam berishiga qo‘shilaman. Umuman olganda, sotuvlarning bir qadar murakkab jarayonlarni sozlash uchun odatda ishni o‘sha g‘oyalarni joriy qilishdan boshlash kerak, deb hisoblayman. Ammo, biznesdagi sotuvlar jarayonining uzoq vaqt jiddiy samara bilan davom etishiga, sizning bevosita qatnashishingizsiz ishlay oladigan tizimlarni o‘rnata boshlaganingizdan keyingina erishish mumkinligini tushunib yetmoq lozim. Bu sog‘lom fikrlash, sinalgan uslubiyatlar, va mijozlar hatti-harakatlari ruhiyatini tushunishga asoslangan juda oddiy yondashishdir.

Lekin, kelajakda ana shu kabi holatlardan tez chiqib ketish yo‘lini topa olishingiz uchun, keling, nimalar ishlamayotganligini va ular nima sababdan ishlamayotganligi haqida suhbatlashaylik. Holatdan chiqib ketish yo‘li juda oddiy va mantiqqa asoslangandir. Balki bilganingizda, siz hatto, shu kungacha bu usuldan nima uchun sababdan foydalanmaganligingizdan hayron bo‘lishingiz ham mumkin.

Keling, biznesni rahbar va tadbirkorlar tomonidan muvaffaqiyatsizlikka olib keltiruvchi 3ta eng asosiy sababni ko‘rib chiqamiz. Statistikaga binoan, yangi biznes ochgan har o‘nta biznesmendan to‘qqiztasi birinchi ish boshlagan yilidayoq inqirozga uchrayotganligini siz bilasiz. Qolganlarining yarmi keyingi uch yil davomida yopiladi. Tadbirkorlarning juda kamchiligi haqiqatdan ham muntazam va yuqori daromad pog‘onasiga erisha oladilar.

Tadbirkorlar bilan olib boriladigan konsalting va taʼlim davrida, men ularning moliyaviy ishlari unchalik yaxshi ketmayotganligini: baʼzilari qarzlarga botib qolganliklari va har kungi sarflarini qiyinchilik bilan qoplayotganliklarini, boshqalari o‘z bizneslarini hatto bir haftaga ham qoldira olmasliklarini va dam olish kunlarisiz yillab kuniga 12 soatlab ishlayotganliklarini ko‘raman. Shuning uchun ularning ko‘plari hammasini tashlash va yana barqaror ish rejimiga qaytish ustida o‘ylay boshlaydilar. Axir har birimiz – nimanidir boshqalarga qaraganda yaxshiroq qilishday alohida qobiliyatiga egamiz, va bu bilan boshqalarga yordam bera olamiz. Bu bizga berilgan alohida hislat, va haqiqatdan ham ushbu oliy niyatga intilish bizning oliy burchimizdir. O‘z biznesiga ega bo‘lishning butun go‘zalligi shundaki, bunda biznes sohibi o‘z betakror qobiliyatlarini amalga oshirish, ularni boshqa odamlarga yetkaza olish va buning uchun loyiq mukofotlanish uchun zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlarga ega bo‘la oladi!

Shaxsiy biznes o‘zi bilan shaxsiy qobiliyatlarimizni aks ettiradi. Lekin biz marketingning quyida so‘z yuritadigan uchta xatosidan hatto bittasiga ham yo‘l qo‘yadigan bo‘lsak, inqirozga uchragan kompaniyalar qatoridan tezroq joy olamiz. Endi siz bilan birgalikda qobiliyatlari, lekin o‘z ishlarini muvaffaqiyatsiz olib borayotgan tadbirkorlar yo‘l qo‘yayotgan uchta asosiy xatoni ko‘rib chiqamiz. Ularning ko‘plari ana shu muammolar bilan har kuni to‘qnashadilar va, shu sababli, baʼzilari biznesdan birinchi yilning o‘zida, qolganlari esa sal kechroq chiqib ketadilar.

Biznesdagi muvaffakiyatsizlikning 1-sababi

Juda ko‘p goyalar va kam xarakatlar «Mening g‘oyalarim shanchalik ko‘pki! Ularni qanday qilib amalga oshirishim va ishlaydigan biznes tizimni qurishim mumkin?».

Belgilari: Miyada qaynab yotgan, lekin hech qachon amalga oshmaydigan bir qator ajoyib g‘oyalar.

Sabab: Har tomonlama ko‘rsatiladigan bosim, betartiblik, “zag‘izg‘on” sindromi.

Marketing muammosi: Marketing va biznesda aniq tizimning yo‘qligi.

“Zag‘izg‘on” sindromi – bu nima? Bu, bir necha yuz minglab tadbirkorlarni nobud qilgan odatdir. Har bir yangi biznes-g‘oya darhol boshimizdagi oldingi, biz hali tatbiq eta boshlashni ulgurmagan g‘oyani siqib chiqara boshlaydi. Va, ayniqsa, beeʼtiborlikka yo‘l qo‘yilgan hollarda bu jarayon deyarli har bir daqiqada sodir bo‘lib turadi.

Natija: bir talay pulni ishlab topish haqidagi juda ko‘p ajoyib g‘oyalarning mavjudligi va....biror natijaning umuman yo‘qligi.

Biznesdagi muvaffakiyatsizlikning 2-sababi

Juda yomon marketing (oddiy til bilan aytganda – xaridorlarning yo‘qligi) «Men aʼlo sifatdagi mahsulot ishlab chiqaraman, ajoyib mutahassislarga egaman, lekin nimagadir mijozlar mening mahsulotimni harid qilish uchun navbatga turganliklarini ko‘rmayapman. Men savdo va marketing haqidagi gap-so‘zlarni yoqtirmasligimni yomon ko‘rishimni eʼtiborga olganda, qanday qilib ko‘proq mijozlarni jalb qilishim mumkin?”

Belgilari: Yangi mijozlarni jalb qilish haqidagi orzular, cho‘ntaklarning bo‘shligi, savdo va marketinga bo‘lgan negativ munosabat.

Sabab: Mijozlarning uzluksiz oqimini qanday qilib yaratish mumkinligi haqidagi bilimlarning yo‘qligi.

Marketing muammosi: Mijozlarni jalb qilish mexanizmlarining yo‘qligi, mijozlarni turli kanallardan jalb qilish narxini bilmaslik, potensial mijozlarni real mijozlarga aylantirishda konvertatsiya tiziminining yo‘qligi.

Biznesdagi muvaffakiyatsizlikning 3-sababi

Axborot bilan ortikcha yuklanish “Atrofimdagilarning barchasi menga internet, OAVda (ommaviy axborot vositalarida) reklamani ko‘proq berish, mijozlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish, ulardagi axborotni yig‘ish, ko‘proq mijozlarni jalb qilish uchun saytimni mukamallashtirishim zarurligi va hokazolar haqida gapiradilar. Hammasidan ham qanday marketing uslublaridan foydalanishim yaxshiroq ekanligini qanday tushunsam bo‘ladi?”

Belgilari: Biz o‘zimizga qanchadir bo‘lsa ham pullar keltirishi mumkin bo‘lgan barcha narsani ushlashga harakat qilamiz.

Sabab: Juda katta nafsga duchor bo‘lgan tafakkur.

Marketing muammosi: Savdoni rivojlantirish va mijozlarni jalb qilish bo‘yicha strategik rejaning yo‘qligi.

Siz har kuni ko‘pdan ko‘p iqtisod, marketing va menejment sohasida ilmiy mehnatlar yaratilayotganligini va ularning soni Britaniya ensiklopediyasining yettita jildini to‘ldirish uchun yetishini bilasizmi?! Agar ushbu mavzu bo‘yicha 1 yilda chiqariladigan ilmiy maqolalar hajmini olsak, u odamni 460 yil davomida uzluksiz o‘qib o‘tirish uchun yuklab qo‘yishga yetarlidir!

Amaliy natija. Ko‘pchilik biznesmenlar har kuni sarosima holatiga bo‘ladilar. Nima deb o‘ylaysiz, agar biz har doim ortiqcha – tashqi va ichki, boshimizda muntazam aylanib turadigan axborotning ko‘pligi va uning biz uchun ortiqcha yukka aylanib qolayotganligi sababli, ishni nimadan boshlashni bilmay, sarosimaga tushayotgan bo‘lsak, mana shu kungacha biznesda samaraga erisha olmayotganligimizdan hayron bo‘lishimiz kerakmikan? Bizga biznes va marketing yoqmasligiga qaramasdan, yangi mijozlarni jalb qilishning juda ko‘p qiziqarli, oddiy va samarali usullari mavjud. Bu qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, ko‘p biznesmenlar kundan kun o‘zlariga ilojsizlik va tushkunlik (depressiya) kayfiyatini tobora chuqurroq qazishda davom etmoqdalar va, hattoki, to‘xtab, atrofga o‘girilib qarash, holatga chetdan turib va oldinga obyektiv nazar tashlab ko‘rishga harakat ham qilayotganlari yo‘q.

Biz nima qilishimiz kerak va bizni tubga tortayotgan asosiy xatolarga qanday qilib chap berib qolishimiz mumkin? Avvaliga o‘z biznesingizga tepadan qarashingiz, undan so‘ng esa keyinchalik ishlov beriladigan alohida detallarda fokuslashimiz zarur. Siz butun holatni, biznesingiz istikbolini ko‘ra olmaguningiz qadar qolgan qadamlar hech qanday samaraga ega bo‘lmaydi. Bizga biznesda yo‘l qo‘yiladigan eng ommaviy xatolarga chap berib qolishga yordam beruvchi sir istikboldadir!

Hayron bo‘lmang. Bu haqiqatdan ham shunday! Tadbirkorlar har kuni shunday ikir-chikirlar bilan shunchalik band bo‘ladilarki, natijada o‘zlarining oldidagi narsalarni ko‘ra oladilar holos. Lekin, agar biz yuqoriga ko‘tarilib, o‘z biznesimizga tepadan qaray olish imkoniyatiga ega bo‘lsak, qanday yengillikka erisha olishimiz haqida tasavvur qilib ko‘ringchi! Agar o‘z biznesimiz rivojini ana shu istiqbolni eʼtiborga olgan holda rejalashtirsak, qanday afzalliklarga erisha olishimiz mumkinligini tasavvur qilib ko‘ringchi!

Ko‘p biznesmenlar o‘z bizneslarining umumiy va butun holati haqidagi tasavvurga ega bo‘lish uchun, hattoki ortga yoki yonga bir qadam tashlashga harakat ham qilib ko‘rayotganlari yo‘q.

Buning o‘rniga ular, o‘zlariga birdaniga bir talay pullarni keltira oladigan “sehrli tayoqcha”ni qidirish bilan ovoralar, va bu ularga o‘z bizneslarida ishonchli tizimlarni yaratishda qanday yordam bera olishi haqida biror tasavvurga ham ega emaslar. Savdo va marketingda ham huddi shunday bo‘ladi. Shuni bilib qo‘yish lozimki, agar siz aniq marketing strategiyasiga ega bo‘lmay turib, o‘z mijozlaringiz uchun galdagi reklama yoki mahsulotni ishga tushirmoqchi bo‘lsangiz, unda siz mavaffaqiyatsizlikka mahkum etilgan bo‘lasiz!

Endi o‘zingizga “Men o‘z biznesimda kimman – ko‘p boshli ajdarmanmi yoki sakkiz qo‘lli Shivamanmi?”, – savolini berish vaqti keldi. Biznes egalarining fikri bo‘yicha og‘ir mehnat bilan qurilgan biznes doimiy shaxsiy qatnashuvni talab qiladi. Shaxsiy qatnashuv avvalambor daromadning yetarlilik darajasini taʼminlash uchun zarurdir. Ammo, bunday munosabat bilan biznesga egasi eng og‘ir holatlardan biriga tushib qoladi. Ertaklardagi tamoyillar bo‘yicha, biznes qurish yo‘lida birinchi qiyinchiliklarni yengib o‘tgach, tadbirkor oxir-oqibat “o‘ktam bahodir”ga aylanib, uzoq umr kurishi va to‘kin daromadga ega bo‘lishi kerak... Le-kin u, odatda ko‘p boshli ajdar – o‘z boyliklari qo‘rig‘ida turgan maxluqqa aylana boshlaydi. Aniq qurilgan biznes tizimlariga ega bo‘lmay turib va biznes faqat egasining shaxsiy qatnashuvi yordamida ishlashi kerak, degan fikrga ega bo‘lgan biznesmen uchta boshga ega bo‘la boshlaydi:

• strategik rejalashtirish bilan shug‘ullanadi;• kundalik masalarni hal qila boshlaydi;• oddiy xodimlar bilan yaqindan ish olib bora boshlaydi.

Va bunda, agar u kundalik mayda ishlar bilan juda ovora bo‘lib qoladigan bo‘lsa, unda uni sakkiz ko‘lli Shiva – o‘z kompaniyasining “eng yaxshi ishchisi”ga aylanib qolish extimoli kutadi. Biznes egasining o‘zi buyurtma qabul qilishi, mijozlar bilan muloqot qilishi, qo‘ng‘iroqlarga javo berishi, kelishuv tuzishi va qisman buxgalteriya ishlarini olib borishi, saytda ham biroz ishlashi va juda ko‘p boshqa qolib ketgan ishlar bilan shug‘ullanishi mumkin. Nima sababdan?

Faqat shu sababdaki, boshqa qolganlarning bari bu majburiyatlarni undan yaxshi bajara olishmaydi! Mana shunday qilib bizning biznesmen barcha ishlar bilan shaxsan shug‘ullanadi, fakat o‘z biznesini rivojlantirish bilan emas, chunki u o‘zi uchun ham to‘xtalish omiliga, ham ko‘p boshli ajdarga aylanib qoladi!

“O‘ktam bahodir”ga aylanish va o‘z biznesini “uzok davomli va baxtli” pogonaga olib chikish uchun esa biznesmen nimalarni qilishi lozim? Bu men sizga bermoqchi bo‘lgan galdagi “sehrli tayoqcha” emas. Mening maqsadim sizga samarali va yuqori daromadli biznes qurish imkoniyatini beruvchi asosiy tamoyillarni ko‘rsatishdir. Bu haqida keyingi “Biznesingiz daromadini oshira oladigan 3ta sirli kadam” haqida bo‘ladigan maqolamizda gaplashamiz. Bu qadamlar bizga biznesdagi marketing va savdo sirlarini ochish imkoniyatini, umumiy bozor istiqboliga baho berish va biznesimiz keltiradigan daromad va pullar miqdorini oshirishga yordam bera oladigan aniq qadamlarni ko‘rishga yordam beradi. Bular, kam sondagi odamlar gapiradigan, lekin juda muhim bo‘lgan narsalardir.

Biznes egasi kundalik mayda ishlar bilan ovora bo‘lib qolsa, u o‘z kompaniyasining “eng yaxshi ishchisi”ga aylanib qoladi.

Biznes konsultant, biznes trener -
RAVSHANBEK ALIMJANOV XONNIYOZning
“Menejment” jurnalida nashr qilingan maqolasi