January 28, 2021

Barcha amallardagi so‘zlar va hollarning maxfiy hamda oshkoralarida ixlos bilan niyat zarurligi haqida

Alloh taolo:
«Holbuki, ular faqat yagona Allohga, U zot uchun dinni xolis qilgan, to‘g‘ri
yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni to‘kis ado etishga
hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri
yo‘ldagi (millatning) dinidir». (Bayyina surasi, 5-oyat);
«Allohga (qilgan qurbonliklaringizning) go‘shtlari ham, qonlari ham yetmas.
Lekin U zotga sizlarning taqvo-ixlosingiz yetar» (Haj surasi 37-oyat);
«Ayting (ey Muhammad), dillaringizdagi narsani xoh yashiring, xoh oshkor
qiling, Alloh bilur» (Oli Imron surasi, 29-oyat), deb aytgan.
1/1. Amirul mo‘minin Abu Hafs Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh
(s.a.v.): «Albatta amallar niyat bilandir. Va har kishiga qilgan niyati uchun berilur.
Kimning hijrati Alloh va rasuli (rizosi) uchun bo‘lsa, Alloh va rasuliga bo‘ladi. Kimning
hijrati dunyo topmoq uchun yoki biror xotinga uylanish uchun bo‘lsa, u kishining hijrati
niyat qilgan narsasi uchun bo‘ladi», deb aytganlarini eshitdim», dedilar. Bu hadisni
muhaddislar imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra al-
Buxoriy va Abul Husayn Muslim ibn Hajjoj ibn Muslim al-Qushayriy an-Nisoburiylar
rivoyat qilishdi.
2/2. Mo‘minlar onasi Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (s.a.v.) «Bir toifa
askarlar Ka’baga hamla qilish uchun kelishadi. Ular sahroli yerga kelishganida
avvalgilari-yu oxirgilarini yer yutadi», dedilar. Shunda men: «Ey Allohning rasuli,
ularning avvalgi-yu oxirgilarini qanday qilib yer yutadi? Holbuki, ularning oralarida
bozorchilar va ulardan tashqari kishilar ham bor-ku?!» desam, u zot: «Yer barchalarini
barobar yutadi. So‘ngra Qiyomat kuni hamma o‘z niyatiga muvofiq tiriltiriladi», dedilar».
Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Lafz Buxoriyniki.
3/3. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Makka fath bo‘lgandan keyin
hijrat yo‘qdir. Lekin jihod va niyat boqiy qoladi. Agar jihod uchun chaqirilsangizlar, unga
chiqinglar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Buning ma’nosi shuki, Makkadan hijrat qilish yo‘qdir. Chunki u kufr diyori emas, balki
Islom diyoridir.
4/4. Abu Abdulloh Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh
(s.a.v.) bilan birga g‘azotlarning birida edik. Shunda u zot: «Madinada bir qancha
odamlar qoldilarki, qaysi yerdan yursangizlar yoki qaysi maydondan o‘tsangizlar, ular
sizlar bilan birgadirlar. Chunki ularni (bu yerga sizlar bilan birga kelishdan) bemorliklari
to‘xtatib qo‘ydi», dedilar». Boshqa bir rivoyatda esa: «Ular ajr va savobda sizlarga
sherikdirlar», deyiladi. Imom Muslim rivoyatlari.
Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Biz Tabuk g‘azotidan Rasululloh (s.a.v.) bilan birga
qaytib kelayotgan edik. U zot: «Madinada biz bilan birga kela olmay qolgan bir qancha
kishilar bor. Biror dara yoki vodiydan o‘tsak, ular ham biz bilan birga bo‘lurlar. Chunki
(biz bilan g‘azotga chiqishdan) uzrlarigina to‘xtatib qo‘ygan, xolos», dedilar». Imom
Buxoriy rivoyatlari.
5/5. Abu Yazid Ma’n ibn Yazid ibn Axnasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. (U zot, otalari va
bobolari sahobalardan edi). U kishing otasi Yazid sadaqa qilish niyatida bir qancha
dinorlarni chiqarib, masjidda bir kishi huzuriga qo‘ydi. «Men kelib, u dinorlarni olib, uyga
qaytdim. Otam: «Allohga qasamki, men (bu sadaqaning) senga berilishini niyat
qilmagan edim», dedilar. Bu haqda janjallashib, Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga bordik. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Ey Yazid, sen niyat qilganingga savob olasan. Ey Ma’n,
olgan narsalaring sening haqqingdir», dedilar». Imom Buxoriy rivoyatlari.
6/6. Sa’d ibn Abu Vaqqosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. (Bu zot jannatga kirishi bashorat
qilingan Asharai mubashsharaning biridirlar.) «Rasululloh (s.a.v.) hajjatu vado’da
kasalim og‘irlashganda, holimni so‘ragani keldilar. Shunda men: «Ey Allohning rasuli,
ko‘rib turganingizdek, kasalim shu darajaga yetdi. Men badavlat kishiman. Bitta
qizimdan boshqa merosxo‘rim yo‘q. Molimning uchdan ikki qismini sadaqa qilaveraymi?»
desam, u zot: «Yo‘q», dedilar. «Ey Allohning rasuli, yarmini sadaqa qilaveraymi?»
desam, u zot yana: «Yo‘q», dedilar. «Ey Allohning rasuli, uchdan birini sadaqa
qilaveraymi?» desam, u zot: «Uchdan biri! Uchdan biri ham ko‘pdir. Sen o‘z
merosxo‘rlaringni badavlat qoldirib ketishing, boshqalarga boqimanda, tilanchi qilib
ketganingdan yaxshiroqdir. Albatta sen Allohning roziligi uchun biror narsani infoq
qilsang, unga ham savob olasan. Hattoki, o‘z xotiningning og‘ziga taom solsang, shunga
ham ajr olasan», dedilar. «Ey Allohning rasuli, do‘stlarimdan keyin qolamanmi?» desam,
u zot: «Ey Sa’d, agar sen do‘stlaringdan keyin qolib, Alloh roziligini talab qilib biror amal
qilsang, darajang yanada ziyoda bo‘ladi. Men umid qilamanki, sen yashaysan. Bir toifa
kishilar sendan foydalanib va yana bir qanchasiga sendan nuqson yetadi», deb
quyidagicha duo qildilar: «Allohim, sahobalarim hijratlarini oxiriga yetkazgin, ularni
orqalariga qaytarmagin». Lekin bechora Sa’d ibn Xavlaga Rasululloh (s.a.v.) rahm-
shafqat qiladilar. Bu kishi Makkada vafot etadilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
7/7. Abu Hurayra Abdurahmon ibn Saxrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.)
«Albatta Alloh jismlaringiz va suratlaringizga qaramaydi. Lekin U zot qalblaringizga
qaraydi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
8/8. Abu Muso Abdulloh ibn Qays al-Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh
(s.a.v.)dan: «Bahodirlarcha urushgan va qavmining himoyasi uchun kurashgan hamda
odamlar ko‘rishi uchun jang qilgan kishilarning qaysi biri Alloh yo‘lida bo‘ladi?» deb
so‘ralganda, u zot: «Kimki Allohning kalimasi oliy bo‘lishi uchun urushsa, bas, u
Allohning yo‘lidadir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
9/9. Abu Bakra Nufay’ ibn Horis as-Saqafiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh
(s.a.v.): «Agar ikki musulmon bir-biriga qilichlari bilan duch kelsalar, o‘ldiruvchi ham,
o‘ldirilgan ham do‘zaxdadir», dedilar. Shunda men: «Ey Allohning rasuli, o‘ldiruvchi-ku
tushunarli. O’ldirilgan nimaga (do‘zaxga tushadi)?» desam, u zot: «Chunki u do‘stini
o‘ldirishni xohlar edi», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
10/10. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kishining jamoat
bilan o‘qigan namozi bozorda va uyida o‘qigan namozidan yigirma necha barobar
ziyodadir. U shunday bo‘ladiki, biror kishi tahorat qilsa va uni chiroyli ado etsa, so‘ng
masjidga kelsa, ana shu kelishi faqat namoz uchungina bo‘lsa hamda namozgina uni
joyidan turg‘izsa, to masjidga borgunicha har bir qadami uchun bir daraja berilib,
gunohlari o‘chiriladi. Agar masjidga kirsa, namoz ichida turganlik savobini oladi.
Sizlardan biringiz namoz o‘qigan yerida o‘tirib qolsa, farishtalar uning haqqiga
quyidagicha duoda bo‘lishadi: «Allohim, unga rahm qil. Allohim, uning gunohlarini
kechir. Allohim, bu bandaning tavbasini qabul et, modomiki, bu bandang u yerda biror
kishiga ozor bermasa va tahorati ketmasa», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim
rivoyatlari. Bu hadis lafzi Muslimniki.
11/11. Abdulloh ibn Abbos ibn Abdulmuttalibdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh
(s.a.v.) Alloh taolodan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda: «Albatta Alloh taolo yaxshi va
yomon amallarni yozib, uni quyidagicha bayon qildi: kimki bir yaxshi amalni qasd qilsa-
yu ado eta olmasa, Alloh taolo uning uchun O’z huzurida komil bir yaxshilik qildi, deb
yozib qo‘yadi. Agar qasd qilsa-yu ado etsa, Alloh taolo unga o‘n yaxshi amaldan yetti yuz yoki undan ham ziyodagacha ajr berur. Agar biror yomon amalni qasd qilsa-yu uni
bajarmasa, Alloh taolo o‘z huzurida komil bir yaxshilik qildi, deb yozadi. Agar yomonlikni
qasd qilsa-yu bajarsa, Alloh taolo unga bitta yomonlik yozadi», dedilar. Imom Buxoriy
va Muslim rivoyatlari.
12/12. Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi.
«Rasululloh (s.a.v.)dan quyidagi so‘zlarni eshitdim: «Sizlardan avval o‘tgan odamlarning
uch nafari yo‘lga otlanishdi. Yura-yura, bir g‘ordan panoh topdilar. Ular ichkariga
kirishgan edi, tog‘dan bir xarsang tosh ko‘chib tushib, g‘or og‘zini to‘sib qo‘ydi. Shunda
ular: «Bu xarsang toshdan faqatgina solih amallarimizni vasila qilib, Alloh taologa duo
qilishimizgina najot beradi», deyishdi. Ulardan biri: «Allohim, mening juda qari ota-
onam bor edi. Ulardan oldin xotinim va bolalarimga sut bermas edim. Kunlarning birida
giyoh izlab uzoqroqqa ketib qoldim. Qaytib kelsam, ota-onam uxlab qolishibdi. Ularni
uyg‘otishni va xotinim hamda bolalarimga ulardan oldin sut berishni karih ko‘rdim.
Qadahni qo‘limga ushlab, ota-onamning uyg‘onishlarini kutib turdim, hattoki tong o‘z
nurini taratdi. Bolalar ochlikdan oyog‘imga yopishib baqirishardi. Oxiri ota-onam
uyg‘onib, sutlarini ichishdi. Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu
tashvishni bizdan aritgin», deganida xarsang tosh biroz ochildi-yu, lekin undan chiqib
bo‘lmas edi.
Ikkinchisi: «Allohim, bilasan, bir amakimning qizi bor edi. U menga barcha
insonlardan sevimli edi. (Boshqa bir rivoyatda: «Kishi xotinini yaxshi ko‘rgandan ham
ko‘ra uni qattiqroq yaxshi ko‘rar edim», deyiladi.) Bir bor men uni o‘zimga chaqirdim
(ya’ni, qo‘shilish niyatida). U qabul qilmadi. Qachonki, qahatchilik bo‘lgan yillarning
birida uning o‘zi huzurimga keldi. Men o‘zi bilan mening oramni xoli qoldirish (ya’ni,
xohlaganimni qilaverish) sharti bilan bir yuz yigirma tillo berdim. U bu shartga ko‘ndi.
Men undan xohlagan narsamni hosil qilishga qodir bo‘lgan chog‘imda (boshqa bir
rivoyatda: «Ikki oyog‘i orasiga o‘tirganimda...» deyiladi), u menga: «Allohdan qo‘rq.
Bokiraligimni haq bilan (ya’ni, nikoh bilan) buz!» deganini eshitib, u menga odamlarning
eng mahbubi bo‘lishiga qaramasdan, o‘zimni undan tortdim va bergan tillolarimni unda
qoldirdim». Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu kulfatni bizdan
aritgin», deganida xarsang tosh biroz ochildi-yu lekin undan chiqib bo‘lmas edi.
Uchinchi odam: «Allohim, men bir qancha mardikorlarni yollab ishlatdim. Ularning
hammalariga haqlarini berdim. Faqatgina bir kishi haqqini olmay, tashlab ketdi. U
qoldirgan haq samara berib, ko‘p mol-davlat keltirdi. Bir muncha vaqt o‘tgandan keyin u
kelib: «Ey Allohning quli, haqqimni ber», dedi. Men: «Mana bu ko‘zing oldida turgan
tuya, sigir, qo‘y va g‘ulomlar sening haqqing», dedim. U: «Ey Allohning quli, meni
masxara qilma!» dedi. Men: «Seni masxara qilmayapman», dedim. U biror narsani
qoldirmay, barchasini oldi. Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu
balodan bizni qutqargin», deganida xarsang tosh butunlay yo‘l ochib, hammalari g‘ordan
chiqishdi». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

http://t.me/kongilkaliti