January 28, 2021

YOLG‘IZ KABUTAR


Halim duduqning derazasiga qarshi tushgan bir uy
bor edi. Halim u yerda yolg‘izlik yashaydi deb o‘ylardi.
O‘sha "yolg‘izlik" erta tongda uyg‘onib olardi, piyolaga
choy quyardi-yu, ammo ko‘pincha ichmasdi. Deraza
pardasi tonggi shabbodani qo‘ltiqlab ichkari tortardi.
Sabo "yolg‘izlik"ning sochlarini tortib-tortib bezor bo‘lib
xonadan qochib chiqardi. Ro‘paradagi ko‘hlik
oshyondan sho‘xchan qo‘shiqlar ovozi kelardi. Ammo
"yolg‘izlik" doimgidek o‘yinbuzarlik qilib, iyagiga kaft
tirgab bu xonishlarni xayolchan qarshi olardi. Xona
g‘amga botib za'faron tusga kirar edi. Sho‘rlik shamlar
ba'zan kechasi bilan yig‘layverib, shamdonga yetmay
tosh qotib qolardi.
Shunday kunlarda Halim duduq ham uyqusidan
qolardi. Devorga suyab qo‘yilgan narvonga chiqib
olib oyog‘ini osiltirgancha u ham "yolg‘iz"ga aylanardi.
...U Yumaloq tepaga o‘rladi. Yashillikda oyog‘i
toyib boraverdi. Kavshini uchi bilan tosh qidirib oldinga
munkiy-munkiy odimladi. Baland tog‘lar toji oq qor
bo‘lsa, Yumaloq tepaniki oqtosh edi. Oqtoshga yelkasini
bergancha birov o‘tiribdi. Yelvizak uning beqasam
choponi etaklarini qizg‘aldoq bargiday hilpiratadi.
To‘zg‘in sochlarini goh u yon, goh bu yon taraydi. Yigit cho‘pon tayog‘ini bu tomonga olgancha Halim duduqqa
joy berdi. So‘ng ovozini baralla qo‘ygancha baqirdi.
– Cha-a! Shoxing singur, cha-a, dedim.
Ammo qurg‘ur echki bu do‘qdan hayiqmadi ham,
endi quyosh tig‘i yalagan chuchmomalardan, qora bosh-
u ko‘kgullardan saralab kavshanib ketaverdi. Ortidan
qo‘y-echkilar biri qo‘yib, biri baqirib qir oshdilar.
– Uf-f, Halim, shu olabelni bir kunmas bir kun
urib o‘ldiraman-da.
– Ey, qo‘- qo‘ysang-chi.
– Ko‘rmaysanmi buni!
– Bek-bekorga ey-echkini sha-ayton qa-qavmidan
dem-demaydilar-da?!
– Hmm, nimasini aytasan. Sening qo‘ylaring qani.
– A-a-ana!
– Ketdik, birga qo‘shib boqamiz. Ular yolg‘izoyoq
yo‘ldan yurib Chog‘ot tomonga yo‘l oldilar. Suruv
oldini qayirib tashlab, ikkovi qumloq yo‘lcha ustiga
cho‘k tushdilar.
– Hali-im
– Hmm.
– Sen ham birovni sevganmisan hech?
– E-ey bor-e-e!
– Nimadan uyalasan, o‘g‘il bolamiz-ku.
– O‘z-o‘zing a-ayt.
– Men ham bir qizni yoqtiraman, lekin avval sen
ayt-chi?

– Ney-yega ax-ax...
– Kel! Bunday qilamiz, ikkalamiz ham teskari
o‘tirib, o‘zimizga yoqqan qiz ismini yoza qolamiz.
– Bo‘b-bo‘pti.
Halim ko‘rsatkich barmog‘ini xatcho‘p qilib "D"
harfini yozdi. Bektosh zimdan uni kuzatib turgan ekan,
kulib yubordi. U o‘zini mayna bo‘lgan hisoblab, kafti
bilan qumdagi yozuvni o‘chirib tashladi.
– Ey, od-odam po-podammas ek-ekansan, qo‘y-e.
– Qo‘ysang-chi, nimasiga hafa bo‘lasan. Mana, men
ham yozayapman, – deya Bektosh qumga "Dil" so‘zini
yozdi, zum o‘tmay to‘xtab qolib, so‘radi.
– Nega sen yozmayapsan?
– Ma-mana, yoz-yozyapman.
Yer bag‘irlab qarab turgan Halimning ichiga olov
tushdi. Qo‘li beixtiyor yoza boshladi. Bektoshning
hayrat bilan qichqirishi uni biroz o‘ngladi.
– Hey! Sen yoqtirgan qizning ismi ham "Dil"
deya boshlanadimi? Mabodo sen ham qo‘shni qiz
Diloromni ko‘zlab yurgan bo‘lma tag‘in.
Halim mushtlashishda taslim bo‘lgan boladay bir
qadam ortga chekindi.
– Yo‘-o‘q! Mm-en, – deya xayoliga kelgan "Dil"
so‘zi bilan boshlanuvchi ismni qizarib, bo‘zarib yozib
tashladi. Lahzada hammasi oydin bo‘ldi. Bektosh Dilo-
romni yoqtirarkan, Halim esa o‘zi ham yaxshi tanimay-
digan Dildora ismli qizni. So‘ngra ular ko‘m-ko‘k maysalarga cho‘zilib uzoq xayol surdilar. Bektosh Dilo-
romning ko‘zlarini Qorato‘riqning ko‘zlariga qiyos-
ladi. Halim bunga qo‘shilmadi. Uning nigohini ohu-
nikiga mengzadi. Bektosh Diloromning uzun sochlarini
otining yoliga o‘xshatdi. Halim tag‘in ham uning fikriga
qo‘shilmadi. – Diloromning sochlari Hasanbuvaning
hovlisidagi majnuntol shoxlarini eslatadi, – dedi.
Ikkovlon tog‘dan qalin do‘st bo‘lib qaytdi. Biri-
birinikiga tez-tez qatnaydigan odat chiqardi. Ayniqsa,
Bektosh bir kunda ikki martalab keladigan bo‘ldi. Do‘sti
keldi deguncha onasining hay-haylashiga ham parvo
qilmay boloxonaga chiqib oladigan bo‘ldilar. Nima
emish kabutar boqar emish. Bir kuni azbaroyi kuyin-
ganidan onasi koyib, "Otang qiladigan ishni qilsang-
chi", deb dakki ham berdi. Ammo foydasi bo‘lmadi.
Onasi doim shu haqda gap ochguday bo‘lsa tamom
topib olgan gapi bitta: – Kabutar qush bo‘lmaganida
farishta bo‘lar emish. Tomimizda farishta yashasa yo-
monmi, ona, – deydigan bo‘ldi.
Kabutarning Halimga ayon hislati ko‘p edi. Patur-
putur uchib hammani osmonga qaratar, bu ikki do‘st
uchun ayni muddao edi. Bular uchun qishloqning
e'tiboridan ham Diloromniki muhim edi. Reja o‘zini
oqlay boshladi. Qo‘shni qiz goh derazadan, goh hovlini
supirayotib kabutarlarga so‘ng, yigitlarga jilmayib
qo‘yardi. Halim bir kuni qo‘lini soyabon qilib, kabu-
tarlarni kuzatayotgan qizga "Don bersang senga ham o‘rganadi", de moqchi bo‘ldi-yu duduqlanib gapini
ado qilolmadi. Uning o‘rniga qizga bu gapni Bektosh
chiroyli qilib tushuntirib bera qoldi. Halim osmonga
qaradi, go‘yoki o‘zini "farishta"larni kuzatayotganga o‘xshab
ko‘rsatdi. Aslida o‘z uyidan o‘g‘irlik qilib chiqib, begona
bolaga konfetini oldirib qo‘ygan bolaga o‘xshardi.
Yaproqlarini yerga to‘shagan kuz ketidan, qish kirib
keldi. Bu orada uchovlon juda ahil bo‘lib ketdilar.
Halim odatiga qarshi biroz xushchaqchaq bo‘lib qoldi.
Yigit bilan qiz bir-biriga araz qilgan damlarda, u
mazxarabozlik qilib ularni yarashtirib qo‘yadigan bo‘ldi.
Xullas, ular chiroqqa, Halim parvonaga aylandi.
Muzlar erib, o‘t-o‘lanlar nish ura boshlagan damlarda
Diloromning yovvoyi qalbida ham oppoq boychechak
kabi ishq unib chiqdi. Bunga Bektoshning Halim
tomonidan tahrir qilingan xatlari sababchi bo‘ldi. Dilorom
bu xatlarni har kuni burchakdagi xonaga qamalib olib,
qayta-qayta pichirlab o‘qiydigan odat chiqardi.
"...Dilorom, sinf xonamizning derazasidan gullar yano-
g‘idagi tomchilarni quvalab kelgan shabboda yuzingizga
urilib, sochingizdagi bahor iforini dimog‘imga tutganda
men beixtiyor titrab ketaman..." U begona qalb satr-
laridan mana shunday sarmast bo‘ldi. Hayot shunday
boshlandi. O‘zga qo‘l yozaverdi, bu yoziqni sodda
ko‘ngil dil lavhiga ko‘chiraverdi. Va Bektosh bir qiz
qalbini qurol-yaroqsiz asir etdi. Bitiruvdan so‘ng hamma
o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib ketdi. Bektosh portfelini qo‘ltiqlab shaharga jo‘nadi. Halim qo‘y boqadigan
bo‘ldi. Dilorom yo‘l boqadigan bo‘ldi. Bektoshdan
avval maktub kelib turdi. Keyin siyraklashib, butunlay
kelmay qo‘ydi. Halim shunda ham xat bitishni kanda
qilmadi. Bir kuni Dilorom uzoqdan Bektoshning qorasini
ko‘rib, qo‘lida chelak bilan yo‘lga chiqdi. Bektoshning
so‘zlari muzdek edi. So‘zlaridan ham ko‘zlarida sovuqlik
ko‘p edi. Dilorom muz bo‘lib qoldi. Halim buni ko‘r-
madi. Tag‘in xat yozib jo‘natdi. Kabutari yana o‘sha
xatni qaytarib keldi. Halim qir oshib Bektoshni so‘ragani
bordi. Endi Bektosh Bektosh emas, Toshbekka aylanib
qolgandi. Shundan yolg‘izlar ikkita bo‘ldi. Yana nima
qilarini bilmay o‘rtada sarson bo‘lgan yolg‘iz kabutarga
ham qiyin bo‘ldi.
Halim xotiralar daftarini yopib narvondan qo‘zg‘al-
ganda tun allamahal bo‘lgandi. U joyiga borib cho‘zi-
larkan yuragi achishaverdi.
Erta tongda suruv ortidan otlanayotgan Halimga
onasi koyinib gapirdi:
– O‘g‘lim, namuncha odamovi bo‘lib qolding.
Mana qancha vaqtdan buyon shu ahvol, kelasan xonang-
ga qamalib olasan. Erta tongdan yana toqqa chiqib
ketasan. Munday, odamlarga o‘xshab to‘y-ma'rakaga
ham qatnashay demaysan-a?..
Halim tag‘in onasining gapini chala qoldirib toqqa
o‘rlab ketdi. Kun choshgohga yaqinlashganda Zikir
buva bilan yuz ko‘rishdi.

– Halimpolvon, hamsoyangnikida to‘y, sen qo‘y
boqib yuribsan.
– Qa-qa-qaysi? Ham-hams...
– Anovi, Abdumurod juvozkashning qizini
chiqarishyapti, dedi shekilli.
– Nim-nima? Dil-dil...
U shu so‘zlarni gapira turib, Oqtovdan pastga
qarab chopib ketdi, ortidan hech narsa anglolmay Zikir
buva hoy-hoylagancha qolaverdi. Pastda mashinalar
karvoni biri qo‘yib, biri ovoz berib, butun tog‘ni larzaga
keltirgancha, qishloqdan uzoqlashib borardi. U jon-
jahdi bilan ular orqasidan yugurdi. Go‘yoki yetib
borsa Diloromni o‘zi bilan olib qoladiganday. Avval
cho‘pon tayog‘i, so‘ng choponi qaydadir qolib ketdi.
Oqtoshga yetdim-yetdim deganda oyog‘i nimagadir
chalishib ketib qulab tushdi. Bu qulash asnosida sal
qolsa peshonasi toshga urilay dedi. U bir muddat
oppoq toshga termulib rasm tomosha qila boshladi.
Yo‘qlikning suratini. Keyin o‘sha nuqtadan ko‘zini
uzmay turaverdi. Birdan oppoq silliq toshda o‘z aksini
ko‘rib qoldi. Ich-ichidan yig‘ilib kelgan dardli alam
bilan qichqirib yubordi.
– Dilorom, men seni sevaman. Eshityapsanmi?
Men seni sevama-an! Keyin birdan boshini quyi solib
jim bo‘lib qoldi. Toshlar esa hech qanday duduqlanmay
aks-sado qaytardi:
– Men seni sevama-an!

http://t.me/kongilkaliti