January 29, 2021

OMONAT YULDUZLAR

Faridaxon ena yetmishdan oshgan bo‘lsa ham hali
tetik, orasta ayol. Ammo u bir umr aybdordek kun kechirdi. Garchi hech kim unga qo‘l niqtab kam-u
ko‘stini sanamasa ham, o‘zini xuddi keraksiz buyumday
his qilaverdi. Har safargidek bugun erta tongdan hovli
joyni supurib-sidirib ro‘zg‘or ishiga g‘arq bo‘lib ketolmadi.
Munkayib qolgan bo‘lsa-da cholining ko‘ziga botinib
qarolmasligini o‘yladi. Tunning sovug‘i o‘tirgan va
shudring qo‘ngan supaga cho‘karkan tomning shipidagi
ixchamgina bejirim qilib qurilgan musichaning iniga boqdi.
In ichidagi hurpayibgina o‘tirgan musichaga ko‘zi tushdi.
U xuddi uyqusizlikdan qiynalganday har zamonda
tumshug‘ini osmonga ko‘tarib patlari orasiga suqar, so‘ngra
bir silkinib olib jim qotardi. Uning bu ahvolini kuzatib
o‘tirgan Farida ena ko‘nglida musichaga nisbatan iliqlik
sezganday bo‘ldi. Mehri iyib pichirladi: – Ha, jonvor,
sen ham uxlolmadingmi? Hechqisi yo‘q, mana tong
ham otay deb qoldi. Yana quyoshni ko‘rasan. Osmon
uzra parvoz qilasan. Uchish qanchalar yaxshi, menda
ham qanot bo‘lganda edi. Allaqachon uzoq-uzoqlarga
bosh olib ketgan bo‘lardim. Lekin men bu uyni yolg‘iz
qo‘yib ketishdan shunchalar qo‘rqamanki, go‘yoki men
bo‘sag‘a hatlasam kimdir o‘rnimga kirib oladigandek...
* * *
Loy suvoqli uyda uzun qora sochlarini ohista tarar ekan,
ko‘zguga alam bilan tikilib Farida singlisiga so‘z qotdi.
– Shunaqa ham xunuk bo‘lamanmi, sochlarimni
aytmasa...

– Unaqa demang, opa-a! Siz hammadan suluvsiz,
– dedi Latofat uzun kipriklarini ninachining qanotiday
pirpiratib.
– Aldama, ko‘zim ko‘rmas-ku, koshki so‘zlaringga
ishonsam.
– Voy, nega unaqa deysiz, chiroylisiz-ku!
– Qani aytganing rost bo‘lsa, sendagi husnning
atiga yarmi menda bo‘lsa, –deya Farida chindan adash-
madimmikan, degandek ko‘zguga qattiq tikilib qoldi.
– O‘zimni opajonim-ey, hech o‘kinmang, siz o‘nta
Latofatdan odobli va go‘zalsiz, faqat buni mahallamizning
ahmoq yigitlari bilishmaydi, xolos. Hali ko‘rasiz sizni
aqlli va ko‘rkam shahzoda sevib qoladi. Oq otida
kelib sizni uzoq-uzoqlarga olib qochib ketadi...
Shu payt Latofatning gapini, hovlini o‘rab turgan
qalama toshlarning qulagan ovozi kesdi.
– Kimdir yuribdimi?
– Yo‘g‘-ey opajon, tun yarmidan oshdi. Bu mahal-
da kim ham yurardi, qo‘shnimizning itidir-da! Gap
bilan o‘tiraveribmiz qarang, – deya Latofat beparvo
sham yoniga borib puflab o‘chirdi-da, paypaslab joyini
topib cho‘zildi. Lahza o‘tmay derazaga mayda-mayda
toshlar uchib kelib tega boshladi.
– Latofat, –dedi Farida tim qorong‘u tunni o‘zida
aks ettirgan derazaga hayron boqib.
– Hmm!
– Qo‘shnimizning iti tosh otishni biladimi?

– Yo‘-o‘q!
– Qara bo‘lmasa, hovlimizda begona kuchuk
yuribdi.
– Nega endi men?
– Chunki bu uy atrofiga aylanadigan itlarning
aksari seni izlab keladi-da.
– Kesatmang opa-a!
– Rost-da.
– Balki sizgadir?
– Bo‘lishi mumkin e mas. Mana yigirma yettiga
chiqqan bo‘lsam hamki, u mo‘jiza ro‘y bergan emas.
– Nega unaqa deysiz, Abdukarim-chi?
– Qaysi?
– Qo‘shni mahallalik pochtachi yigit.
– Yo‘q, u bilmasdan… - "seni menga adashtirgan"
deya aytolmay tutilib qoldi.
– Yo‘q, lof aytasiz, sizda ko‘ngli borga o‘xshovdi.
Keyin qarashini...
Yana derazaning chertilishidan qizlar hadik olgan
kaklikday jim bo‘lib qolishdi. Tashqaridagi sharpa
xira ovoz bilan pichirladi.
– Latofat, Latofa-at?
– Kim u? – dedi Farida zarda ila.
– Latofat, o‘zingizmi?
– Ha-a, siz kimsiz?! - deya ayyorlik bilan rolga
kirishdi Farida.
– Men Zarifman, eslaysizmi?

– Yo‘q! – bu safar Latofatning o‘zi tilga kirdi.
– Anavi-chi, Do‘kurlik qassob... haligi paxtada
tanishgandik-ku. Endi esladingizmi?
– Eslolmadim, keting!
– Iltimos, bir daqiqaga chiqolmaysizmi?
– Keting dedim, bo‘lmasa akamni chaqiraman.
– Axir...
– Aka-a-a!
–Xo‘p, xo‘p. Faqat erta tush payti buloq boshida
kutaman. Derazadan sharpa yiroqlashganiga amin bo‘lish
uchun bir muddat sukut saqlab turishdi.
– Yomonsan Latofat, bolani majnunga aylantirib
qo‘yibsan-ku.
– Ey, qo‘ying, opa, shunaqa gaplarni. Undan ko‘ra
uxlaylik, ~ deya yalingan bo‘ldi singil.
– Endi uyqu kelarkanmi? – Battar hujumga
o‘tdi Farida, – Ayt-chi u kelishganmi?
– ...
– Nega indamaysan? Senga yoqadimi?~yana
tegajaklik qilishda davom etdi opasi.
– Ey, tinch qo‘yasizmi, yo‘qmi?! Bo‘ldi uxlang.
– Gapirmasang, gapirma qizg‘onchiq. – Faridaga
alam qilib ko‘rpaga burkanib oldi. Dam o‘tmay ovozsiz
yig‘lay boshladi.
* * *
Farida tun bo‘yi to‘lg‘onib chiqdi. Go‘yo ichiga
bir ilon kirib olib, zahrini kimga socharini bilmay, so‘ng o‘zini-o‘zi chaqib endi jon talvasasida to‘lg‘anayotgandek
edi. Tong-sahar katakdagi xo‘rozlar tengi uyg‘ondi.
Uni uyg‘ondi deb ham bo‘lmaydi. Chunki uxlagani
yo‘q. Shu sabab turdi desak, to‘g‘ri bo‘lar. Bugun
ko‘proq tozalik va har kungi amal yuzasidan emas,
aksincha, ko‘zidan to‘xtamayotgan yoshini yashirish bahona
yuziga suv urdi. So‘ng o‘zini ovutmoqchi bo‘lib, og‘il-
xonaga kirib sigir sog‘di. Tovuqlarga don sepdi. Lekin
soy yoqasiga tushib suv keltirishdek odatiga istisno qildi.
Nonushta tayyorladi. Hech narsadan xabarsiz ota bugun
kundagidan erta uyg‘ongan qizini alqab-alqab ishga
ketdi. O‘zini beparvodek tutishga urinib urchug‘ ygira-
yotgan opa zimdan singlisining xatti-harakatlariga baho
berardi. Go‘zal singlisi "Oppog‘oy" likinglab u yoqdan-
bu yoqqa yurdi-da, nima ish qilarini bilmay Faridaning
yoniga cho‘kdi. Lekin opasining ko‘zlariga qaray olmadi.
Gap gapga qovushmagach, ozroq qo‘y junlarini titishgan
bo‘lib, yana xonasiga qamalib oldi. Farida uni ortidan
kuzatib qolar ekan, xayoli o‘zida emas, degan qarorga
keldi. Chunki uning harakatlarida ertasi kuni to‘y
bo‘ladigan kelinchakning holatiday besaramjomlik aks
etib turardi. Aftidan u tush bo‘lishini ya'nikim, kun tikkaga
yetib qatnov tinishini kutardi. Buni qarang-ki, saraton
kunining qoq o‘rtasida Latofatning yodiga paqirlar bo‘sh
ekanligi kelib qoldi. U chelaklarni bilagiga qistirib soy
bo‘yiga oshiqdi. Lekin nechukdir ko‘ngli to‘lmay ortiga
bot-bot qarab ketaverdi.

* * *


Bu holni opa bo‘lmish Farida sezmay qoldi. Ilg‘amay
qoldi. Aftidan u o‘z ishiga shunchalar berilgandiki, bosh
ko‘tarib qarashga fursat topmadi. Nimagadir u kutilma-
ganda qo‘lidagi urchug‘ini bir chetga qo‘yib, etagini
qoqib-qoqib singil ketgan tomonga ravona bo‘ldi. Ammo
izma-iz ketdi deyish noto‘g‘ri bo‘larov, chunki u serdaraxt
joydan bitta-bitta qadam bosib, xuddi tikon kirib
ketishidan cho‘chigan kishiga o‘xshab o‘ta ziyraklik bilan
atrofga nigoh tashlab odimladi. U soyga yondosh biroq
tushish uchun ancha tiklik qiladigan joyga yetib to‘xtadi.
Lekin ko‘zlar nimanidir, yoki kimnidir qidirardi. Shu
yaqindagi bir toshning ustiga chiqib o‘tirdi-da, iyagiga
kaft tirgab shu narsaga muqim tikilib qoldi. U yerda
esa bir qiz bilan yigit suhbatlashib turishardi. Keyin
yigit qiz qo‘lidagi chelakka suv to‘ldirib uzatdi. Qiz
ta'magirlik qilib paqirdagi suvni yigitga sepdi. Yigit
ham qo‘lidagi hali to‘lishga ulgurmagan chelakni "mana
senga" degandek hammasini sepib qo‘ya qoldi. Ikkalasi
bu sho‘xlikdan keyin, suvga tushgan mushukdek dildirab
yapaloq tosh ustiga o‘tirib olib quyoshda toblanishdi.
Ular bir-biriga shunchalar yaqin o‘tirar ediki, orasidan
qil ham o‘tmasdi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Aynan shu
holat yuqorida bu ishlarga jonli guvoh bo‘lib turgan qiz-
ning allaqanday rashkini keltirar, ko‘rinishidan ularning
gaplarini tinglay olmagani uchunmi? Yoinki u qizning o‘rnida o‘zi bo‘lolmasligi uchunmi, lablarini tishlab ularning
har bir xatti-harakatini qattiq e'tibor ila kuzatib turardi.
Bu sokin shovqindan onasining cho‘ziq yo‘qlovchi tovushi
qizni chaqirib oldi.
– Farida-yu, hoy Farida, Latofa-at!
Bu tovush quloqqa yetishi bilan Farida dik etib,
joyidan qo‘zg‘algancha oyog‘ini qo‘liga olib uyiga chopib
ketdi. Hovlisi sari tikonli simning uzilgan joyidan yen-
gilgina hatlab kirib borar ekan. Enasi
– Ha yashshamagur, qayoqlarda sandiroqlab
yuribsan, ~ deb koyidi.
– Buzoq jildirayotuvdim.
– Singling qayerda?
– Bilmadim, – Farida yelkasini qisdi, ~suvga
ketgan bo‘lsa kerak!
– Tez bo‘l, oshxonaga qara. Hamma yoqni tovuq-
lar kirib vayron qilibdi. Biroz hovuridan tushib gapirdi.
– Ona qizim, o‘zing aqllisan-ku, seni hadeb tergab
yotishim shartmi?
– Yo‘q, enajon.
– Unda bilib-bilib ishingni qil, qizim.
–Xo‘p, ~ u astagina boshini egib jo‘nab qolayotgan
edi, enasi: – Pari qizim, deb qoldi.
– Ha.
– Bugun uyimizga mehmonlar kelishadi tuzukkina
qilib chuchvara tugib qo‘yinglar.
Farida "mayli" degandek oshxonaga kirib ketdi.

* * *
O‘sha kuni Latofat hech qanday o‘zgarishsiz uyiga
qaytib keldi. O‘zgarishsiz deganimizki, na yuzida
uchrashuvdan mamnunlik kayfiyatini, na xafaligini bilib
bo‘ladi. Tabiiyki, bu borada opa singildan o‘zsa- o‘zadiki,
aslo ortda qolmaydi. Farida go‘yo bu uydan hech
chiqmagan, kuni bo‘yi xona ishi ila banddek tutdi
o‘zini. Kutilganidek bu to‘g‘rida hech qanday gap
bo‘lmadi. Hatto ko‘ylaging nima uchun ho‘l deya
so‘raydigan odam topilmadi. Faridadan farqli o‘laroq,
onasi tuzuk e'tibor ham bermadi.
Oqshom cho‘kib, opa-singilni qo‘li-qo‘liga tegmadi.
Hali choy qaynat, hali chuchvara suz. Doim mehmon
kelsa chaqirib, uning ishchanligini namoyish qiladigan
onasi, bu safar oshxonaga qamab qo‘ydi. Bu mehmon-
navozlikni singlisi maromiga yetkazib ado etdi. Va
nihoyat mehmonlar tarqab opa-singil horg‘in holda
xonasiga kirib ketdilar. Lekin nimagadir anchagacha
ikkovining ham uyqusi kelmay xayol vodiysida telba-
likka da'vosirab kezindi. Biri ancha kundan beri kutgan
uchrashuvning taassurotlarini bot-bot xabarlar ekan, goh
u yon, goh bu yon ag‘darilib yotdi. Yuragi baxt soyasining
izini quvlab chopaverib sal bo‘lmasa to‘shini yorib chiq-
quday qo‘zg‘alon ko‘tardi. Biri esa zamin yopinib olgan,
tim qora tun atalmish to‘niga tushgan hisobsiz muta-
larning g‘imirlashiga deraza oynasi orqali guvoh bo‘larkan, kecha singlisini so‘rab kelgan shahzodani bugun uning
o‘zini yo‘qlab kelishini kutib yotardi. U naqadar xush-
bichim, kelishgan huddi tushlarida ko‘rgan yigitga meng-
zashib ketardi. Tikilib yotib tobora ichi qizirdi. Xuddi
unga uchrashuv va'da qilib kuttirayotgandek, "nega endi
kelmayapti?" deya toqatsizlanardi. Yuragi ichkaridan
ayamasdan mushtlayverar, chuqur xo‘rsinish bilan bu
dardni kamaytirayotgandek bo‘lardi. So‘ng bo‘g‘ziga
tiqilib kelayotgan achchiq alamini yengish uchun ko‘rpa-
sining bir burchini mahkam tishlab olardi. Ko‘zlaridan
yumalagan yosh ko‘rpacha astariga singib ketardi.


* * *
Bu tun ham hordiq bilan o‘tmadi. Uxlab uxlolmadi,
bedor bo‘ldi-yu uyg‘oq bo‘lolmadi. Tonggacha o‘z-
o‘zi bilan kechgan kurashda, goh yon berdi, goh o‘zini
oqladi. Yon bergani gulday singlisini ko‘zi qiymadi.
To‘g‘ri-da, singlisi shuncha yigitlar ichida o‘shani tanlasa-
yu bu kishim hech narsadan hech narsa yo‘q, tomdan
tarasha tushganday yigitini undan rashk qilsa. Bir ko‘ngli
tavba, u meni tanimaydi ham-ku, nimani umid qildim
bilmayman. O‘lay Farida bu kuningdan o‘l, singlingga
havas qilishni o‘rniga hasad qilyapsan, bundanam battar
bo‘l, desa. Bir ko‘ngli, ho-o! Nega endi singling sen
turmushga chiqmasdan burun qalliq o‘yin qilib yuribdi.
Nima xunuk bo‘lsang, sen qiz e masmisan? Senda
ko‘ngil yo‘qmi? Yo‘q aslida sen ham baxting uchun kurashishing kerak. Suvga singlingning o‘rniga sen
borishing kerak edi. Balkim u seni yoqtirib qolgan
bo‘lardi, degan xayollar tinchlik bermasdi. U shu tariqa
tong ottirib yubordi.
Choshgohda onasi hovli o‘rtasidagi so‘rida chigit
tozalayotgan qizlarining yoniga cho‘kib ularga ko‘mak-
lashish bahona yorilgan bo‘ldi. U gapni uzoqdan boshladi.
– Farida, ona qizim, taqdir ekan seni shu paytgacha
kuyovga chiqara olmadik, ~ u har doimgidanda yum-
shoqroq va dardkash ohang ila davom etdi. – Ammo
bizni ham to‘g‘ri tushun, seni o‘ylab singlingning baxtini
bog‘lashimiz noto‘g‘ri bo‘ladi.
– Nima gap o‘zi ena? – dedi Farida hech narsaga
tushuna olmay. Bu gap Latofatning ko‘nglidagi gap bo‘lgani
uchun ham kiprik qoqmay onasini og‘zini poyladi.
– Otangni tegirmonchi Asqar degich o‘rtog‘i bor-ku,
o‘shani uli borakan. Shundan Latofatga kelishuvdi, biz
otang bilan kelishib rozilik berdik. Yaxshi oila, undan keyin...
Rajaboy xolani gapi og‘zida qoldi. Latofat ho‘ngrab
yig‘lagancha uyga kirib ketdi. Onasining: – Nima
gap, degan savoliga Farida javob berolmay dovdiradi.
So‘ngra har doimgi usul joniga oro kirdi. Yelka qisib,
- bilmadim, deyish bilan qutuldi. Onasi yumushini
yig‘ishtirib kenja qizi izidan, dahlizga kirib ketdi. Ko‘p
o‘tmay ichkaridan:
– Men unga tegmayman, - deb zorlangan qiz
ovozi quloqqa chalindi. So‘ngra bunga javoban sababi so‘raldi. Qiz tushmagur ham tap tortmay: «Mening
ko‘nglim boshqada», ~ deb yubordi. Shu mahal tarsaki
ovozi eshitildi. Qizning yig‘i ovozi bir parda ko‘tarildi.
Shunda onasining: – Tegasa-an! Egachingga o‘xshab
qariqiz bo‘b qolib ketishni xohlaysanmi? Jim bo‘l,
yig‘lama-a! Men ham otangni chimildiqda ko‘rib
sevganman. Mana o‘lganim yo‘q. Ko‘z tegmasin
binoyiday yashab yuribmiz. Hayotimiz yomon
kechayotgani yo‘q, xudoga shukur. Endi gap bunday,
g‘idi-bidingni otang eshitmasin. Seni ham, meni ham
so‘yib qo‘yadi-ya!» deb uy eshigini zarda bilan yopib
hovliga chiqib ketdi. Qiz yig‘idan to‘xtay de masdi.
Farida asta o‘rnidan turib singlisi yoniga keldi. Nima
deb yupatishni bilolmay sochlarini siladi. Latofat esa
opasini birdan bag‘riga tortar ekan o‘kirib yig‘lab
yubordi. Birozdan so‘ng opa-singillar birgalashib yig‘lay
boshlashdi.


* * *
Farida ezildi. Bu safar o‘zini o‘ylab e mas, balki
singlisini o‘ylab ezildi. O‘zini-o‘zi yomon ko‘rib
ketganidan o‘tgan kunlar davomida o‘ziga qanday
jazo berishni bilmay yurdi. Kechqurun singlisi bilan
gaplashib o‘tirar ekan, Latofat:
– Opajon, bir gap aytaman, hech kimga churq etib
og‘iz ochmaysiz, ho‘p! ~ dedi u Faridaning ko‘zlariga
sinchkov nazar solib.
– Mayli.

– Zarif akam meni obqochib ketmoqchilar.
Dahlizda qandaydir g‘o‘drangan bo‘g‘iq tovush
eshitildi. Opa-singil buni to‘la idrok etishga ulgurmay,
ikki tabaqali eshik shiddat bilan ochilib, bo‘sag‘ada
sharpa paydo bo‘ldi. Zum o‘tmay kelib qizga chang
soldi.
– Sen ahmoq, sen tentak birovga aytilgan qiz,
bizning yuzimizga oyoq qo‘ymoqchimisan! – qizini
yumdaladi Rajaboy xola. Shunda opa chidolmadi.
Singlisi himoyasi uchun o‘rtaga tushdi. Orada u ham
tarsaki yeb qoldi. Ammo chekinmay singlisini bag‘riga
bosdi. Noiloj qolgan onasi xonani tark etdi. Shundan
so‘ng Latofat uy qamog‘iga hukm etildi. Endi tash-
qaridagi barcha ishga Farida band qilindi. Bu orada
Rajaboy xola kenja qizini tergashga tushdi. Bundan
to‘ng‘ichi bexabar qoldi.


* * *
Tun edi. Atrof sokin va jozibali ko‘rinardi. Aldoqchi
bu ko‘rinish ortida ham hayot kunduzgiday davom
etardi. Faridalarning uyida ham shunday sokinlik
yashirin edi. Kechki ovqatdan so‘ng Faridaga onasi
buvisining paranjisini berib, yopinib olishni buyurdi.
Farida nima sababga ko‘ra bunday qilishini tushunmasa
ham itoatkorona buyruqni bajardi. Hovli chetidagi
tutzor oralab onasining ketidan poyma-poy ergashib
borar ekan, – Ena qayoqqa, ~ deya shivirladi. Onasi muhim topshiriqni ado etayotgandek, ko‘rsatgich
barmog‘ini lablari ustiga qo‘yib "tss", deb yetaklab
ketaverdi. Farida onasining harakatlaridan yomon bir
mujdani uqqandek bo‘lib, yalinishga tushdi.
– Enajon, qo‘ying kerakmas! ~ dedi ojizgina
depsinib.
– Bas qil, hozir men aytgan ishni qilasan, tushun-
dingmi?!
– Ena, axir...
– O‘chir dedim! G‘ing deb ovoz chiqarmaysan!
Men aytgan joyga borib turasan. Kuzatib o‘tiraman
agar ishni pachava qilsang, o‘zim sochingni bittalab
yulib olaman. Qani tez bo‘l, hadeb alanglayverma,
orqangga qarama.
Farida ming qo‘rquv bilan otuvga hukm qilingan
qulday yurib ketdi. Uning oyoqlariga yurish uchun
dov-daraxtlar va toshlar to‘sqinlik qilayotgandek edi.
Sutday tiniq oy yorug‘ida hamma narsa shubhali ko‘rinar,
bu esa uni tahlikaga solardi. Ammo u hozir yurmasa,
orqadagi qurol o‘qtalib turgan odamning o‘qi ko‘kragini
teshib o‘tadigandek his qilardi o‘zini, shu alfozda soy
yoqasidagi eski yo‘lga chiqib keldi. Va qaltiray-qaltiray
biroz oldin onasi tushuntirgan toshning ustiga chiqib
oldi. Bu vaziyatda qilayotgan ishi to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi
bilolmas, biroq ho‘ng-ho‘ng yig‘lar o‘pkasini bosolmas
edi. Uzoqdan muyulish bo‘ylab ot dupiri eshitildi. Ot
yaqinlashgan sayin uning yuragi battar hovliqa boshladi.

Uni qandaydir qo‘rquv, hadik va ayni chog‘da biroz
tavakkalchilikka moyillik chulg‘ab oldi. Ot uning yoniga
yaqinlasharkan, oz-moz sekinlagan bo‘ldi. Bu orada
Farida onasining so‘nggi topshirig‘ini ado etib, yuziga
paranji chimmatini tushurib oldi. Chavandoz ham abjir
chiqdi. Shu keluv asnosida tosh labida turgan qizni,
quchib oldiga o‘ngargancha otga qamchi bosdi. Qizni
yig‘idan to‘xtamayotganini fahmlagan yigit unga dalda
bermoqchi bo‘lib, – Ko‘rasan ular bizning bu qilmi-
shimizni, albatta, kechirishadi. Vaqti kelib ular biroz
hovuridan tushgach, bosh egib boramiz. Egilgan boshni
qilich kesmas deydilar. Ularni muhabbatimiz chinligiga
ishontiramiz. Hali ko‘rasan, hammasi unut bo‘lib ketadi.
Faqat sen va men, o‘zimning Latofatim ortiq yig‘lamagin,
bo‘ldi jonim, bo‘ldi...


* * *
Shu payt tashqari eshik shamol ta'siridan sharq
etib ochilib ketdi. O‘y-xayolida kechayotgan o‘tmish
xotiroti, birdan jonlanib ketgandek tuyuldi. Farida ena
qattiq seskanib tushdi. Bu sarosima Farida enaning
vujudiga nohushlik keltirdi. Nafasi bo‘g‘ilib chap
ko‘kragida qattiq og‘riq paydo bo‘ldi. Ko‘z oldi tinib
yer gir-gir aylanar, shamolda u yoqdan-bu yoqqa
borib kelayotgan eshik "g‘iyq-g‘iyq"ida ajal xonishi
yangrar, go‘yo bu eshikdan alamzada Latofat otilib
kirib, unga chang solayotgandek, – meni kechir, deya pichirlay boshladi. Ko‘zlari esa osmon sahnidan tobora
o‘chib borayotgan omonat yulduzlarga tikilib qoldi.
Kutilmaganda cho‘loq musicha pir etib, osmonga
ko‘tarildi. Ranggi dokadek oqarib borayotgan kampirni
parvona misol pir-pir aylanib uchdi. Biroq u har
doimgidek, jilmayib qo‘l silkitmadi. U yana bir-ikki
bor aylanib uchib, qadrdon kampir yoniga qo‘ndi.
Maymoqlanib Farida enaning qo‘llari sari odimladi.
Biroq kaftiga chiqib hayron turib qoldi. Mehribonining
qo‘llari avvalgidek iliq emas edi. U nima qilarini
bilmay "ku-ku, ku-ku"deya ovoz chiqardi...

http://t.me/kongilKaliti