March 17, 2021

Najot farishtasi 🕊️

Oradan bir hafta oʻtdi. Shu yetti kun davomida Ali oʻzining meʼyoriy hayotini yashadi, Sadiya esa bu koʻchalarga bir marotaba ham qadam bosmadi.
- Assalomu alaykum. - goʻshakni koʻtardi Sadiya xolasi qoʻngʻiroq qilayotganini koʻrib.
- Va alaykum assalom. Yaxshimisan qizim? Oʻqishlaring yaxshimi? - toʻladan kelgani uchunmi, Iroda xolaning nafasi boʻgʻziga tiqilib, shoshilib gapirar edi.
- Ha, yaxshi rahmat. Oʻzingiz yaxshimisiz? Pochcham yaxshimilar? Oʻgʻillaringiz yaxshimi? - birma-bir soʻrab chiqdi qiz.
- Ha biz ham yaxshimiz. Sadiya, xoʻjayindan ruxsat oldim. Bugun shu yerga kel. Hadeb oʻrtoqlaringnikida tunab yurma. Yaqinda sovuq tushadi, koʻchada qiynalib yurma.
- Haligi... Bormay qoʻya qolaman, xola. Oʻquvchilar turar joyidan xona olmoqchiman. Biroz uzoqlik qiladi-yu lekin...
- Aslo. Yotoqxonada qanday qizlar bor, qanday qizlar yoʻq. Oldingi muammolar yetadi. - shangʻillab ketdi Iroda xola.
- Xola, qoʻysangiz-chi.
- Gapni koʻpaytirma. Bugun uyga kel.
Sadiya xoʻrsinib qoʻydi.
Tushdan soʻng Sadiya Ahmad akaning uyiga qaytdi. Alining uyi yonidan oʻtar ekan, eshikka biroz tikilib qoldi. Uning ham holidan xabar olish kerek, xayoldan oʻtkazdi Sadiya, oʻzining zerikarli hayotida oʻlib qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun.
Sadiya uyga joylashdi, kechki ovqatga manti pishirdi. Ovqatni uy egalariga suzayotib, alohida likopda Ali uchun ham manti olib qoʻydi.
Soat yettiga yaqin Sadiya mantini olib qoʻshninikiga yoʻl oldi. Ali shu vaqtda kechki ovqatni tanovul qiladi. Qiz Xanning eshigini bir necha bor jiringlatdi, taqillatib ham koʻrdi. Ammo ichkaridan darak yoʻq.
- Koʻchib ketgan boʻlishi mumkin emas. - pichirladi qiz oʻziga-oʻzi.
Sadiya tutqichni burab koʻrganida eshik ochildi.
- Galvars! - oʻzini koyidi Sadiya jilmayib. - Eshik ochiq ekan-ku.
Qiz ichkariga kirdi. Uyning birorta chirogʻi yoqilmagan. Ali ishiga ketib eshikni qulflashni unutgan boʻlishi mumkin degan xayolda Sadiya garajni koʻzdan kechirdi. Mashina ham, motosikl ham oʻz joyida. Qiz ichkari xonalarga kirdi. Qoʻlidagi likopni kechki ovqat boʻlishiga qaramay hech qanday hozirlik koʻrilmagan oshxonaga qoʻydi. Mehmonxona va qoʻshimcha xonalarni ham tekshirib chiqqan Sadiya Alini topa olmay biroz bezovta boʻldi.
- Nahotki xonasida uxlab qolgan boʻlsa? Axir u uxlamas edi-ku.
Sadiya andishani chetga surib Alining xonasiga koʻtarildi. Bir necha bor taqillatdi, sado chiqmagach eshikni ochdi. Xonada hech kim yoʻq. Sadiya chinakamiga havotir ola boshladi. Tomga ham chiqib koʻrib, Xanni topa olmadi.
- Yertoʻla! - Sadiyaning miyasida toza havoga chiqqach, “chiroq yondi”. - U Nyutning oldida.
Sadiya yertoʻlaga tushib Nyutning yopiq eshigiga yaqinlashdi. Xonaga yetib ulgurmasidan eshik ochilib toʻpponchani Sadiyaga oʻqtab turgan Ali koʻrindi.
- Ali...
Yoʻlak qorongʻu boʻlishiga qaramay Alining mahzun chehrasini koʻrgan Sadiyaning yuragi uvishdi.
Ali uyda izgʻib yurgan odam bir haftadan beri nom-nishonsiz yoʻq boʻlib ketgan Sadiya ekanini bilgach, toʻpponchani pastga tushirdi.
- Daf boʻl! - Ali past ammo gʻazabga toʻla ohangda buyurib eshikni yopib oldi.
Sadiya ketishni xayoliga ham keltirmay xonaga kirdi. Qiz oʻzi koʻrishni istamagan manzara guvohiga aylandi.
Ali toʻlgʻonib, ingrab yotgan Nyutning ustida yigʻlamsirab turardi. Jonivor ayni damda soʻnggi nafasini olmoqda.
- Ali... - shivirladi qiz oʻpkasi toʻlib.
- U... oʻlyapti. - Alining ovozi titrab ketdi.

- Unga yordam bera olamanmi?
- Yoʻq. Men yordam berishim mumkin xolos. - dedi Ali toʻpponchani Nyutga oʻqtab.
Sadiya qaltirab ketdi. Hammasi tushunarli. Ali sherni azoblardan tez va oson qutulishiga yordam bera oladi.
- Qoʻlimdan kelmaydi! - baqirdi Ali qaltirab turgan qoʻli bilan sochini changallab.
- Ali, uni qiynama. - yigʻladi Sadiya.
- Ogʻayni... - Ali Nyutning yuziga yuzini bosib pichirladi. - Senga yordam beraman. Ozor chekmaysan. Hammasi oson kechadi.
PAQ!
Xonaga bir necha soniya oʻlik sukunat choʻkdi. Oʻq ovozidan Sadiyaning qulogʻi shangʻillab qoldi. Ali pistoletni zarb bilan devorga uloqtirdi. Bukchayib qolgan Ali boʻkirib yubordi. U xuddi hayvondek oʻkirar, alamdan koʻz yoshlari yuzini yuvardi. Ali sochini yulib yuborgudek boʻlib tortar, maxluqdek baqirardi. U azoblanayotgan edi.
Xan shiddat bilan oʻrnidan turib yoʻlakka otildi. Eshik ham qarsillab ketdi. Singan boʻlsa, ne ajab...
Koʻz yoshlarini tiya olmayotgan Sadiya ham uning ortidan ergashdi. Ali yuqoriga chiqib shishadan iborat oshxona devoriga musht tushirdi. Yana bir necha marta urgan edi, oyna sinib ketdi. Sadiya chinqirib yuborib Alining qoʻllariga yopishdi.
- Tinchlan, Ali! Oʻzingni qoʻlga ol! - dedi u Aliga kuchi yetmay tipirchilab.
- Yoʻqol!
Ali Sadiyani bir urinishda oʻzidan itarib, shisha siniqlarini bosgancha oshxonaga kirdi. Yigit qoʻliga tushgan narsani devorga qarata uloqtirar, yaralangan arslon kabi tinmay oʻkirar edi.
- Ali, oʻtinaman!
Sadiya oshxonaga kirganida yonginasidan kosa uchib oʻtdi. Ali stullarni ham olib sindirib tashladi. Keyin qoʻliga pichoqni olib oshxonaning shishali devori singani uchun yoʻlakdagi devorga qarata uloqtirdi. Pichoq bejirim uslubda ishlangan rasmning xoshiyasiga sanchilib qoldi. Ali yana bir pichoqni olib polga sanchib qoʻydi.
- Ali! - Sadiyaning lablari titrab ketdi.
- Ket! Uyimdan chiqib ket, yoʻqol! Koʻzimga koʻrinma dedim senga!
Ali stakan olib qoʻlida parchalab tashladi. Sadiya yigitning qonab yotgan qoʻlini koʻrib oʻzini bosa olmadi.
Sadiya Alini belidan mahkam quchib oldi.
- Oʻtinaman, Ali! Oʻzingni bos. Hammasi yaxshi boʻladi! Menga ishon...
Qilt etmay turgan Ali ham birozdan soʻng Sadiyani quchoqlab, hoʻngrab yubordi.
- Ketma... Seni haydasam ham, haqorat qilsam ham ketma. Meni yolgʻiz tashlab ketma...

***

Sadiya oshxona polida choʻkkalab oʻtirar, Ali esa uning tizzasiga boshini qoʻyib sassiz yigʻlar edi. Qiz yigitning boshini silash barobarida Aliga yupanch boʻlsin deb qoʻshiq kuylar edi.

Men qalbimni yo’qotmoqdaman,
Parokanda bo’lmoqda hislar.
Armonlarga yo’liqmoqdaman,
Ogoh bo’ling holimdan, do’stlar.

Qiyma-qiymalayotir qaqshatib,
Yuragim yig’lar ozor.
E’tiqodsiz erta dahshati,
Rastalarga termoqda bozor.

Chirog’i bor yurak qayda bor?
Ayting qaydan topay so’roqlab.
Qarshsida, qarshisida to’yib yig’lay zor,
Vujudimni olayin poklab.

Bokiralik yarashur asli
Tabiatning og’riq ko’ksiga.
Boshim qo’yib qilayin arzim,
Armon qo’shib dilim o’ksigiga.

Tiz cho’kaman holimdan toyib,
Ashq zahridan sarg’ayar o’tlar.
Nelarnidir ko’ngliga tuyib,
Behis boqar menga manqurtlar.

Chirog’i bor yurak qayda bor?
Ayting qaydan topay so’roqlab.
Qarshsida, qarshisida to’yib yig’lay zor,
Vujudimni olayin poklab.

Men qalbimni yo’qotmoqdaman…
Ogoh bo’ling…

- Ovozing yoqimli ekan. - dedi Ali yigʻlayverib boʻgʻilib qolgan ovozi bilan Sadiya qoʻshiqni tugatgach.
Sadiya yigitga qarab oʻzini farzandini ovutayotgan onadek tasavvur qildi. Ona mehrini koʻrmay oʻsgan jajji bolakay, xayoldan oʻtkazdi qiz.

Sadiya yangi kunda nima qilishni hal qilishga urinar edi. Agar oʻqishga ketsa, Ali yana bir baloni boshlashi mumkin. Agar darsdan qolib, Alini chalgʻitib oʻtirsa institutda muammo chiqishi mumkin.
- Ali.
- Hm?
- Bugun shanba. Shanba kuni nima bilan mashgʻul boʻlar eding?
- Ov qilardim. - dedi Ali boshini asta koʻtarib.
Tuni bilan yigʻlab chiqqani uchun yigitning koʻzlari qizarib, ishib ketgan edi. Sadiya uning jaroxatlangan yuz-koʻziga qarab achinib ketdi.
- Bugun ham ov qilasanmi? - asta soʻradi qiz koʻzlarini Aliga qadab.
- Ehtimol.
- Bugun darsga bormoqchi emasman. Agar qarshi boʻlmasang, bu yerni biroz tartibga keltirgach men ham sen bilan borsam?
- Seni ham olib ketaymi? - qoshlarini chimirib oʻyga toldi Ali.
- Iloji boʻlsa. Oʻzi qanday ov qilasan? Bu yerda oʻrmonlar yoʻq shekilli?
- Odatda baliq va qush ovlayman.
- Ov qiziqarli boʻlsa kerak? - jilmaydi Sadiya.
- Bugun bilib olasan. - javoban jilmaydi yigit.
Ali oʻrnidan turib yuqori qavatga chiqib ketdi. Sadiya quvonishni ham, asabiylashishni ham bilmas edi. Darsdan qolgach muammo chiqmasa boʻldi. Hali xolasi Sadiya tunda begona yigitni uyida qolganini ham bilmaydi. Sadiyaning xayoliga shu fikr kelib gʻalati ahvolga tushib qoldi.
Umuman olganda men bir insonni tubanlikdan qutqarmoqchiman. Buning yomon tomoni yoʻq. U ham gʻaraz niyatli inson emas, oʻziga-oʻzi taʼkidladi Sadiya. Havotir olishga hojat yoʻq.
Ali birozdan soʻng oshxonaga qaytib keldi. Sadiya xonadagi shishalarni yigʻishtirayotgan edi.
- Hoy, nima qilyapsan?
- Tozalayapman. - yana baqira boshlagan Alini koʻrib bezovta boʻldi qiz.
- Tozalama. Qoʻlingga shisha kirib ketishi mumkin. Men uyni tozalashga mardikor olib kelaman.
- Yoʻq, oʻzim yigʻishtirib olaman.
- Sadiya! - Ali koʻzini yumib, bir necha soniyadan soʻng ochdi va qizga oʻqraydi.
- Hech boʻlmasa qoʻlingni koʻrib qoʻyishimga izn ber.
- Qoʻlimga nima qilibdi?
Sadiya Alining kaftini ochib oʻziga koʻrsatdi. Shisha siniqlari yaxshigina jaroxat qoldirgan edi.
- Eʼtibor berma, bitib ketadi.
- Ali, yosh bolaga oʻxshab oʻjarlik qilma! Yiringlab ketishi mumkin. Koʻrib qoʻyishimga ruxsat ber, seni yeb qoʻymayman! Burgaga achchiq qilib, koʻrpani kuydirganing qoladi xolos.
Ali qizga qarab turdi-da kulib yubordi.
- Mayli, sen aytgancha boʻla qolsin… Burgaga achchiq qilish nima degani? Sen shunda oʻzingni burgaga qiyoslayapsanmi?
Sadiya xandon otib kulib yubordi.
- Jaxl ustida oʻzingga zarar yetkazma demoqchiman.
- Hmm…
Sadiya necha yildan beri ochilmay, chang bosib yotgan dori qutisini olib mehmonxonada oʻtirgan Alining oldiga bordi. Qiz jaroxatlarni spirtlab tozalab, bint bilan bogʻlab qoʻygunicha Ali xarxasha qilmadi.
- Yetar endi, Sadiya menga jin ham urmaydi. - dedi Ali peshonasidagi jaroxatini koʻrmoqchi boʻlgan Sadiyaga.
- Yaxshi. - qovogʻini uydi qiz. - Oʻzing bilasan.
- Hozir yoʻlga chiqamiz. Xolangdan ruxsat olishing kerak boʻlsa soʻra, narsalaringni ham tayyorla. Men ham hozir tushaman.
- Xoʻp.
Sadiya turli fikrlar qurshovida uyiga, aniqrogʻi xolasi xizmatkorlik qiladigan Ahmad akaning uyiga yoʻl oldi.
- Assalomu alaykum xola. Yaxshi dam oldingizmi? - soʻradi qiz oshxonaga kirib.
Iroda xola semiz boʻlsa-da chaqqon harakat qiladigan ayol edi. U oshxonani toʻliq egallab goh choy qaynatar, goh muzlatgichni timirskilar, goh tovadagi yogʻ qizidimi deya tekshirib koʻrardi. U nonushta tayyorlar ekan, xonaga kirgan Sadiyaga bir koʻz tashlab, dedi:
- Ha, rahmat. Bor kichkina xoʻjayinning nonushtasini olib kirib ber.
Sadiya biroz ajablandi. Xolasi tunda uyda boʻlmaganini payqamagan koʻrinadi. Qiz buni aytish kerakmi, yoʻqmi bila olmay oʻylanib qoldi. Sadiya aytish shartmas degan fikrda toʻxtalib, chuqur xoʻrsingancha uysohibining kenja oʻgʻliga nonushta tayyorlab, yuqori qavatga koʻtarildi. Xonada hech kim yoʻq ekan. Sadiya patnisni stol ustiga qoʻyib oʻzi xonasiga borib kerakli narsalarni tayyorladi.
- Hayr xola, men oʻqishga ketdim.
- Boʻpti yaxshi bor.
Sadiya Alining uyiga kelar ekan negadir xoʻrligi keldi. Dabdurustdan xolasining unga mutlaqo befarqligi, hech qachon onasidek boʻla olmasligini oʻylab yuragi siqildi.

- Nima gap? - hovlida turgan Ali qizni koʻrib ajablandi.
- Hech narsa. - jilmaydi Sadiya. - Ketdikmi?
- Ha.
Ali mashinasi turadigan garajga qarama-qarshi tomondan kattagina yuk mashinasini olib chiqdi.
- Chiqaqol.
- Yaxshi. - Sadiya juda baland boʻlgan mashinaga bir amallab oʻtirdi.
- Ketdik. - Ali darvozani allaqanday pult bilan ochib koʻchaga chiqdi va eshikni yana shu tartibda qulflab qoʻydi.
- Darvoza avtomat ochib-yopilarmidi?
- Yoʻq. Aniqrogʻi sen kelgan vaqtlarda yoʻq. Buzilib qolgan edi, tuzatdim.
- Ha yaxshi. Yuk mashinasiga ham ruxsatnomang bormi?
- Hmmasiga bor.
- Vertolyotgachi? - kulib yubordi Sadiya.
- Ruxsatnoma yoʻq. Lekin bu uchishni bilmayman degani emas.
- Unda vertolyot sotib ol. Keyin uzoq-uzoqlarga uchib ketsang boʻladi. Hammasidan bosh olib biror orolga ketib yuborishing mumkin. Qishloqqa ketish ham yomon variant emas lekin u yerda baribir odamlar boʻladi. Kimsasiz orollar esa yer yuzida talaygina.
- Nima? - Ali hayrat toʻla nigoh bilan Sadiyaga tikilib qoldi. - Nega endi ketishim kerak?
- Yoʻlga qara hozir urib yuborasan. - havotirlandi qiz.
- Urmayman. Savolimga javob ber nega ketishim kerak?
- Shunchaki odamlar yoqmaydi-ku senga. U yerda oʻrmondagi hayvonlar bilan kelishib yashayverasan. Hech kim seni bezovta qilmaydi, kamsitmaydi, beeʼtiborlikdan ham aziyat chekmaysan. Bundan tashqari jonivorlar odam deb nomlangan mahluqdan ancha mehribon boʻladi.
- Senga nimadir boʻldimi?
- Agar men senga oʻxshab boy boʻlganimda biror orolga ketib qolardim. - Alini eshitmay gapida davom etdi Sadiya. - Hech kim topa olmaydigan joylarga ketardim. Koʻpgina ovqat zahirasi olardim. Texnologiyaga oid hech narsani olib ketmasdim. Kimdir meni topa olmasligi uchun derdim-u, baribir hech kim qidirmaydi. Yana kitoblar ham olardim. Ulkan kutubxonam boʻlardi. Har kuni kitob oʻqirdim. U yerda mening oliy maʼlumotli boʻlishim hech kimni qiziqtirmaydi ham. Ajoyib-a?
- Rostini ayt nima boʻldi? Xolang nimadir dedimi?
- Hech narsa demadi. - boʻgʻziga tiqilgan allaqanday achchiqlikni ichiga yutib dedi Sadiya.
- Aytging kelmasa aytma.
- Rahmat.
- Men ham ketgan boʻlardim...
Sadiya javob qaytarmadi. Xayollarini toʻfon uchirib ketgandek turli joylarga borib urilar, har zarbida esa boʻgʻziga koʻz yoshi tiqilardi.
Hayot bunchalar beshafqat? Va bunchalar ajib...
Onasiz yashash, ona mehrisiz ulgʻayish nima ekanini har kim ham tushunavermaydi. Tanasi boshqa dard bilmas deganlaridek Sadiyaning xolasi hech qachon ona oʻrnini bosa olmadi. Eng alamlisi u bunga urinib ham koʻrmadi.