January 28, 2021

CHO‘LGA TUSHGAN TOSH

Osmon urushqoq xotindek qabog‘ini uyib olgan.
Boladek mo‘ltillab turgan yulduzlar jimgina yig‘ilib
gir-atrofdagi qishloqlarga qo‘nib olgandek edi, go‘yo.
U shunday kezlari o‘zini g‘oyat yolg‘iz sezar, qish-
loqdagi tengdoshlari qatori o‘ynab kulgisi, o‘zidan katta
sinf o‘g‘il bolalari haqida sirdosh dugonasi bilan pichir-
lashib so‘zlashgisi, so‘ngra bo‘y qizlarga xos kulishgisi
kelib ketardi. Garchi ko‘p bo‘lmasa ham chala ko‘rilgan
tushdek yodida, yakkam-dukkam xotiraga aylangan
bolalik chog‘idagi maktab manzarasi dam-badam xayo-
lini olib qochar, go‘yoki ular ila orzularida yana bolalik
chog‘iga qaytgandek bo‘laverardi. Maftuna so‘nggi
paytlarda o‘ziga nima bo‘layotganini tushunmas, alhol
avvalgidan-da ko‘proq o‘ychan bo‘lib borayotganini
anglardi.
Bugun ham ana shu xayolning domiga tushgan
Maftunani tobora quyuqlashib borayotgan tun pardasini
tebratgan bir ovoz o‘ziga keltirdi.
– Maftuna-a! Oting o‘chkur nima qilib yalpayib
o‘tiribsan?! Moychiroqni tozalab yoq.
Maftuna ilkis o‘ziga kelib, yon-veriga alangladi.
Qarasa, choynak qopqog‘i burni bitgan boladek "piq-
piq"lab turibdi.

– Voy o‘lay, – pichirladi Maftuna, – sal qolsa
butun suvi qurib choynak teshilay debdi.
– Hozir enajon, hozir, – Maftuna choydishning
qizigan dastagini ushlashga matoh topolmay bir lahza
taradudlandi. Keyin qo‘li kuyishini o‘ylab ham o‘tirmay,
uni dast ko‘tardi-da pildirab uy tomon odimladi.
Qorong‘u xonaga kirib qorakuyalik chovgumni bir
chetga qo‘ygancha, tusmollagan joyidan paypaslab
gugurtni topdi. Uning yorug‘ida choynakka objo‘shni
quydi, so‘ng quruq choy tashladi. Uning bu harakatlari
to‘ladan kelgan, yapaloq yuzli, qisiq ko‘zli, boshiga
ro‘molini ajabtovur o‘ragan ayolga o‘tirishmadi. U
allaqanday ijirg‘anish bilan qizga g‘o‘ldiradi.
– Gugurtni hadeb chaqaverma. Tugasa ochiq
mozoringdan olamizmi?
Bunga javoban qiz jim qotdi. Indamay tokchadagi
moychiroqni qo‘liga oldi-yu eshigi yo‘q chorcho‘pga
qoqilgan mixdan eski uvadasi chiqqan matohni yengil
bir uzanish bilan oldi va chiroq shishasini avaylab arta
boshladi. Bu mahal tashqarida g‘ira-shira bir holat
akslanib turar, Xolmirza cho‘pon qo‘ylarni sanab bo‘lib,
eshagini qiyalikka bog‘lab qaytmoqda edi. Bu holatni
fahmlagan ayol qizni ildam ishini bitirishga undab, o‘zi
o‘choq boshiga ketdi. Qiz tezgina chiroqni yoqib, ayol
izidan kosa tutgancha ravona bo‘ldi. Xolmirza cho‘pon
quduq suviga chayinib yonboshlaguncha, Maftuna ovqat
to‘la kosalarni keltirguncha, Xadicha suprachi qozonni chayib to‘nkarguncha, olam yuziga qop-qora oqshom
paranjisini yopib ulgurdi.
– Bolalar qani, –dedi, ayolga nisbatan ancha yoshi
ulug‘ ko‘rinadigan siyrak saqolli yuziga ajin oralay
boshlagan, ko‘zlari ichiga botgan Xolmirza cho‘pon.
Hadicha suprachi bilan Maftuna bir muddat beixtiyor
savol nazari bilan bir-biriga qarab qolishdi. Hadicha
qorang‘i xonaga otildi. Ortidan dasturxon qatidagi
moychiroqni ko‘tarib Maftuna ergashdi. Ayol kigiz
ustida charchab cho‘zilib qolgan bolani o‘zi tomon
o‘ngladi. Bola bundan norozi bo‘lib g‘ingshidi.
– Elbek, Elbe-ek, jon bolam, tur! Ukang qani? –
dedi. Bola battar og‘rinish ila qunishib oldi. Hadicha
suprachi nogoh yodiga bir narsa tushgandek, ilkis o‘grilib
chiroq tutgan qizga qaradi. Maftuna o‘zi bilib, bilmay
orqaga bir-ikki qadam tashladi.
– Qon yutkur, senga qarab tur degandim-ku!
Sherbek qani? – deya shang‘illadi ayol.
– Shu... shu yerda edi, – deb duduqlandi Maf-
tuna. Ayol deyarli bu gaplarni eshitmadi ham.
– Yo‘qol ko‘zimdan Sherbekni to-op! – deya
bo‘g‘riqib qichqirdi ayol, ko‘proq bu qichqiriqqa emas,
alamli ingroqqa o‘xshab chiqdi. Keyin qaltiroq tutib,
bu shovqindan u‘yg‘onib yig‘layotgan bolaning ustiga
baxmal nimchasini yopib eshikka yurdi. Qiz yugurib
chiqarkan, ichkaridagi ovozdan hadik tortib kelayotgan
otasini turtib yuborguday o‘tib ketdi. U qisqa muddat ichida bola o‘ynashi mumkin bo‘lgan joylarni birma-
bir ko‘zdan kechirib chiqdi. Ko‘zlariga ishonqiramay
yana va yana izlayverdi. Tili va dilida bir so‘z tinmay
aylanar, – Hozir shu yerda edi-ku! O‘ynab yurgandi-
ku! Qayerga ketadi, qayerga? Xayol surmay o‘layin,
– deya pichirlardi. Bu orada otasi va o‘gay onasi
ham qidirishga tushib ketishgan Xolmirza cho‘pon
qo‘l chirog‘i bilan quduq ichiga nazar soldi. So‘ngra
qo‘ra tomon qarab ketdi. Suruvning ma'rashi va
itlarning akkillashi bir bo‘lib Hadicha suprachi Maftunani
go‘rdan olib go‘rga solarkan, boyagina gugurtni ko‘p
ishlatma deb norozi bo‘lganiga qaramay endi uni o‘zi
ayovsiz o‘t oldirib duch kelgan joyga bosh suqaverdi.
Maftuna vaqt o‘tgan sayin bo‘shashib qaltiray boshladi.
U qishki chetan atrofini yana bir qur ko‘zdan kechi-
rarkan, nogoh oyog‘idan mador qochib, tuproq yo‘lga
cho‘kkallab qoldi. Tinimsiz ko‘zidan quyilayotgan
yoshlarini yengi bilan sidirgan bo‘ldi. Qayerdandir
kelgan bezori shamol mijjasi sohillarini yaxtak tili bilan
yalab o‘tdi. Moychiroq bu yel ta'siridan lip-lip o‘ynab
oldi. Baayni shu holatdanmi Maftuna ancha tetik tortdi.
Fikri teranlashib yonberiga alangladi. Shu mahal uning
e'tiborini yosh bolanikidek tuproqda qolgan izlar tortdi.
U bu ilinjga ergashib izlar ortidan bordi. Izlar tobora
chardoqdan uzoqlashib eski soy o‘zani sari boshladi.
So‘ngra birdan burildi va izlar chalkashib ketdi. Bu
izlarga qandaydir itga o‘xshash hayvonning izlari ham qo‘shildi. Yetti-sakkiz odim yurilgach bu ikki nusxadagi
izlar bolalab ketdi. Maftuna dahshat iskanjasida dag‘-
dag‘ qaltiragan ko‘yi, tikonlarga to‘lib toshgan, has-
cho‘plar orasidan nimanidir axtara boshladi. Bir mahal
barmoqlari allaqanday shilimshiq namlikni his qilganday
bo‘ldi. Qo‘lini chiroqqa yaqin tutib qaradi. Barmoqlari
qonga bo‘yalganini ko‘rib baqirib yuboray dedi. Biroq
nimadir ichidan yig‘ilib kelgan qo‘rqinchli qichqiriqni
bo‘g‘zida bo‘g‘iq ingrashga aylantirdi. U ham qo‘rqinch,
ham talvasa bilan qidirishda davom etdi. Nihoyat
topdi. Qo‘rqinch bir hovliqish bilan ko‘rinishidan bolaning
jimjilog‘ini eslatuvchi o‘sha etga qo‘l u‘zatdi. Qurquv
ustun kelib qaytarib oldi. Qat'iyatsizlik bilan noiloj
qo‘liga oldi. Orqasidan kimdir quvgandek jon holatda
qo‘raga chopdi. U yerga halloslagancha yetib borarkan,
o‘choq boshida gugurti tugab nima qilarini bilmay
qarg‘anib o‘tirgan Hadicha suprachi butun zah-ru
shijoati ila qizning yoqasiga chang soldi.
– Topib ber bolamni! Qani bolam? Top! Jodugar
qayerga yashirding. Ayt dedim?..
Maftuna nima deyarini bilmas, uning qo‘lida
qo‘g‘irchoqdek u yoqdan, bu yoqqa borib kelar. A'zoi-
badani qaltirar . Undan sovuq ter sizib chiqardi.
– Men... Sher, men... men! – derdi faqat. Bir
mahal sirg‘alib, qo‘lidan moychiroq tushib ketdi. U
yerga tushdi-yu, buruqsigan tuproqda chayqalgancha
qoldi. Na o‘chdi, na sindi. Hadicha suprachining bundan battar qahri qo‘zidi. Ho‘ng-ho‘ng o‘pkasini bosolma-
yotgan qizga shapaloq tushirdi, qiz tomiri chirigan
daraxtdek yerga quladi. Zarb bilan yerga qulagan
zahoti jimjiloq qo‘lidan qayergadir otilib ketdi. Maftuna
hassasini yo‘qotgan ko‘rdek paypaslab uni axtara
boshladi. Va ko‘rib qoldi. U naqd Hadicha supra-
chining oyog‘i ostiga tushgandi. – Barmoq, barmo-
oq! – deya baqirib yubordi Maftuna. Hadicha suprachi
qiz ko‘rsatgan joyga egildi-yu, tuproqqa belangan
jimjiloqni qo‘liga oldi. Birdan dahshatga tushib qaltiradi.
Ko‘zlari o‘ljasiga tashlanishga shaylangan yirtqichday
vajohat bilan qizga qadaldi. Va ilkis o‘rnidan qo‘zg‘aldi-
da o‘choq ichida qizib turgan kasovni qo‘liga oldi.
Qiz uning bu harakatlaridan yomon bir mujdani angla-
gandek bo‘ldi. Jon holatda tisarilib qochmoqqa shay-
landi. Ammo ulgurolmadi. Yelkasiga tekkan kasov
a'zoi-badanini kabob qilib yubordi. Nihoyat u arslon '
changalidan qutulgan ohu misoli tun ichra g‘arq bo‘ldi.
Ortidan otilgan kasovga chap berib qoldi. U yig‘i
to‘la ko‘zlari bilan mehribon onasini eslatuvchi chiroqlar
sari intildi. Bor kuchini oyoqlariga berdi. Yalang oyoqlari
tikonlar-u xas-cho‘plarni ayovsiz yanchib boraverdi.
Hadicha suprachining shang‘illagan tovushi borgan sari
pasayib yo‘qolib borardi. Maftuna kichik enasi Hadi-
chani cho‘kkalab qarg‘ayotganini tasavvur etar, shunday
bo‘lsa-da uning yugurik oyoqlari chopishdan to‘xtamas,
nigohi chiroqlar yog‘dusidan bo‘lak hech narsani ko‘rmasdi. Borgan sari Maftunaning chopqirligi so‘na bordi.
Endi uning tovoniga to‘lgan tikonlar yurishni og‘ir-
lashtirayotgandek bo‘laverar, bu ham kamdek qayoq-
dandir paydo bo‘lgan yelvizak atay qilgandek uning
og‘riqli yelkasiga turtinib o‘tardi. Qiz ancha yo‘l bosdi.
Shunga qaramay boyagina yaqin ko‘rinib uni chorlab
turgan chiroqlar borgan sari yiroqlashayotgandek tuyula
boshladi. Turtina-turtina nihoyat, tuproq yo‘lga chiqib
qolganini angladi. Oyog‘i bir dam orom oldi. Kepakdek
mayin tuproqni elab boraverdi. Tovoni og‘ridi, zirqiradi,
lekin yuraverdi. Bir payt ortidan u tomon ikki chiroqni
jadallik bilan yaqinlashib kelayotganiga ko‘zi tushib
to‘xtab qoldi. O‘sha chiroq goh ko‘rinib, goh ko‘zdan
yo‘qolib u tomon oshiqardi. Nihoyat, uning ovozi ham
eshitildi. Chorak soatlardan so‘ng uning qarshisiga
kelib to‘xtadi. Bir muddat turib qolgach, eshigi ochilib
ichidan barvasta odam tushdi. Va qizga biroz hadik
aralash murojaat qildi.
– Hoy qiz! Bu yerda nima qilyapsan?
– ...
– Jinmisan, arvohmisan?
– ...
– Qoch yo‘ldan o‘tib ketaylik. Haydovchining
yalinish-u dod faryodi bekorga ketdi. Qiz miq etmay
turaverdi. Shofyor kabinaga bosh suqib signal chaldi.
Shunda qiz bo‘shashib, shilq etib tuproqli yo‘lga qulab
tushdi.

«Uni aravada enasi Hadicha suprachi tortib keta-
yotganmish, yana g‘o‘ng‘ir, g‘ung‘ir ovozlar qurshab
kuzatib borar emish...»
Maftuna bu tushimi, o‘ngimi anglashga urinib
uyg‘onib ketdi. Begona joy. Begona odamlar. Xonadan
oyoq uchida qochib chiqdi. Ostonada to‘xtab qoldi.
«O‘likmanmi, tirikmanmi», deb o‘zini chimchilab ko‘rdi.
Qushlarning ovozini sog‘ingan ekan. Quloq soldi. Endi
oqarib kelayotgan tongga va daraxtlarga suqlanib boqdi.
Musaffo havodan o‘pkasini to‘ldirib nafas olar ekan,
ko‘nglida tirikligiga shukrona keltirdi. Bir xayol ketsam-
mi, dedi. Keyin qayoqqa, degan savoldan to‘xtab qoldi.
Yotib olish ep bo‘lmadi. Supa ostidagi supurgini qo‘liga
oldi. U yon-bu yon alangladi. Supurgisini sudrab
tandir ayvonga kirdi. U yerdan pachoq paqir topdi.
Hovli burchidagi ariqqa borib yuz chayib, suv olib qaytdi.
Da'fatan yo‘lini to‘sgan olapar bilan tiklashib qoldi.
– Ket! – deya pichirladi qiz. It tishini ko‘rsatib
irilladi.
– Qoch yo‘limdan, unda o‘zim keta qolaman, dedi
u. It qochmadi. Baxtiga qayerdadir kuchuklar hurishib
qoldi. Olapar beixtiyor shu tomon akkillab lik-lik
ravona bo‘ldi.
Maftuna qo‘lidagi suvni hovli sahniga sepib chiqdi.
Shir-shir supurgan bo‘ldi. Bir mahal uy eshigi ochilib
ostonada o‘zi tenggi yigit ko‘rindi. U avval esnadi.
So‘ng ko‘zini ko‘rsatgich barmog‘i bilan uqaladi. Kutilmaganda supirishdan to‘xtab qolgan qizga ko‘zi tushib,
hovliqib ichkari kirib ketdi. Lahza o‘tmay onasi bilan
chiqib keldi.
– Nimalar qilyapsan, qizim?
Qiz supurishni ham, supurmaslikni ham bilmay yerga
qaradi.
– Qo‘yaver o‘zim eplayman. Qiz bu gapdan
so‘ng, muzqaymoq uchun pul olgan boladay suyunib
ketdi. Yarimta jilmayib tez-tez supurishga tushdi.
– Ena, bu kim?
– Bir qiz-da!
– Qayerdan keldi.
– Cho‘ldan...
Ayol sochlarini to‘g‘irlay-to‘g‘irlay o‘g‘liga gapirib
ostona hatlab uyiga kirib ketdi. Ortidan savolini qo‘ymay
o‘g‘li ergashdi. Zum o‘tmay ayol qaytib chiqdi. Qizning
kasov yaralagan yelkasiga ro‘mol yopdi.
Kun tug‘di. Maftunaning boshida quyosh charaqladi.
U deb ko‘rdilar, bu deb ko‘rdilar Maftuna gungga
aylanib oldi. Kimning qizi ekanligi va kelgan joyi
noma'lumligicha qoldi.
Ayolning mehri tushdi. Qiz epchilgina chiqdi. Non
yopdi. Ovqat qilib, choy damladi. Tovuqlarga don
sepdi. Sigir sog‘di. Tappi qildi. Xullas qo‘lidan ishini
oldi. Maftuna kelgan xonadon ikki o‘g‘illi bo‘lib, qiz
va kelinlari yo‘q ekan. Shundanmi u aziz bo‘ldi. Hovli
onasi erkalab qizim, deb chaqiradigan bo‘ldi. To‘ng‘ich o‘g‘il tortinib singlim deydigan bo‘ldi. Tengdosh o‘g‘il
na erkalab, na tortinib U deya atay boshladi.
Qishloq avval iymandi. Ajablandi. Axiri o‘rgandi.
Bu orada qo‘shni bolalar qiliq chiqardi. "Bek akamning
xotini, Bek akamning xotini" deya uning jig‘iga tegadi.
Qiz burilsa gurr qochadi.
Hafta o‘tdi, oy o‘tdi bir kun eshikdan otasi kirib
keldi. Maftunaning qo‘lidan suv to‘la chelaklari tushib
ketdi. Otasi savol nazari bilan nigoh qadadi. Qiz
o‘ng‘aysiz bir holatda qoldi. Chelagini unutib oshxonaga
yugurdi. Otasi Xolmirza cho‘pon nimadir demoqchi
bo‘ldi, ammo negadir aytolmadi. Ko‘zlaridan bir tomchi
yosh yumalab tushdi. Otasi bilan uy ichilar nima gaplashdi,
nima qarorga kelindi, u bilmadi. Kutilganday eshik
sharaqlab ochilib, xonadon bekasi kirib keldi. Uni
otasiga topshirdilar. Cho‘ponning qiziga mehribonligi
Maftunani tashvishlantirdi. U hech avval otasini bu
ahvolda ko‘rmagan edi. Maftuna xonadon bekasiga
ginali-ginali qaradi. U qizni quchib peshonasidan cho‘lp-
cho‘lp o‘pib xayrlasharkan ko‘zlariga to‘lgan yoshni
ko‘rsatgisi kelmay ters o‘grilib ketdi. Akasiga boqdi.
U yer chizib turaverdi. Najot izlab, tengquriga boqdi.
Undan na xafalik alomatini uqdi, na xursandlik. Mashina
orqa o‘rindig‘idan nolishli-nolishli qarab ketdi. Ular
tobora uzoqlashib nuqtaga aylana bordi va yoshlariga
ko‘milib ketdi. Yoshlarini ro‘molining uchi bilan artarkan
burilib o‘rindiqqa to‘g‘ri o‘tirdi. Ammo yig‘layverdi.

Otasi oynadan qarab ketaverdi. Qizini ovutishni ham,
ovutmaslikni ham bilmadi. Zumda yetib kelishdi. Ularni
yuzlari ko‘kargan, qo‘liga 4-–5 yoshli o‘g‘ilchasini ko‘-
tarib olgan ayol qarshi oldi. Rostmi, yolg‘onmi bag‘riga
bosib, yelkasiga qoqib qo‘ydi. Ayolning qo‘lidan o‘ziga
intilib turgan bolani olarkan, tabiat gung qizga til ato etdi.
Bola esa Maftunani o‘zidan ham sochlarini sog‘ingan
ekan shekilli, kokillarini torta ketdi. Ular ichkari kirishdi.
O‘gay onasi o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. U
Maftunani erkalar, avaylar edi. Otasi qo‘y so‘ydi. Onasi
ovqat pishirdi. Dasturxon boshida gap aylanib, o‘sha
kungi voqealar yodga olindi.
– Sherbek bolam mening, shaytoncham mening!
O‘ynab borib somonxonadagi qo‘zilar oxurida uxlab
qolgan bolam mening, – deya erkaladi onasi.
– Voy u yerga bir necha marta kirgan edik-ku!
Essiz, oxurga qarash xayolimga kelmagan ekan. Unda
haligi jimjiloqchi?
– Ha! U-mi? Kunduz kuni ataylab borib ko‘rib
keldim, o‘lsin tipratikanni, tulkimi, bo‘rimi, nimadir
ong tashlab tutib yegan shekilli.
– Voy o‘lmasam! Panjalari yosh bolaning izlariga
rosa o‘xsharkanda!
– Hmm! Hayriyatki daragingni topdik. Otang sal
qolsa seni deb meni o‘ldirib qo‘yayozdi, – dedi Hadicha
suprachi yuziga ishora qilib. Maftuna esa bilintirmay
yelkasidagi kasov chandig‘ini ushlab-ushlab qo‘ydi.

Otasi bu gapning ko‘p cho‘zilishini xohlamadi shekilli,
dasturxonga duo o‘qib qo‘ra boshiga ketdi. Ular ham
ko‘p o‘tirishmadi. Chunki gap-gapga qovushmadi. Joy
hozirlashib uyquga ketishdi.
– Hadicha suprachi sahar mahal ko‘z ochdi. Xona
qorong‘usi sabab, gugurt yoqishni buyurmoqchi bo‘ldi.
– Maftuna, tur chiroqni yoq!–dedi. Qiz miq
etmadi. Yoniga qo‘l uzatdi. Ko‘rpasini tortib oldi,
shunda ham turay demadi. Jahl aralash qizni uyg‘ot-
moqchi bo‘lib yonboshga siljidi. Dafa'tan paypaslanib
lol qoldi. So‘ng yorishib kelayotgan tong g‘uborida
tashqariga otildi. Qishki chetan yonidan halloslab tuproqli
yo‘lga chiqdi. Tuproq yo‘l bo‘ylab bir iz olislab ket-
gandi. Uni ortidan ergashdi. Eski soy o‘zani qarshisiga
yetib to‘xtab qoldi. Yuzlariga ilk quyosh nuri urildi.
"Hayriyat" deya chuqur so‘lish oldi. Lablari, yuzlari va
ko‘zlariga kulgi yoyildi. Yosh boladay o‘ynab yuboray
dedi-yu yana eri ko‘rib qolib savalashidan qo‘rqdi.
Shuning uchun tiliga kelgan gaplarga ohang berib
pichirlay boshladi: "U bir tog‘ qo‘ynida do‘lana soyasida,
yalpizning labida tug‘ilgan shabboda. Shundanmi
shamolni jilovlab bo‘lmaydi. Xudo xohlasa u qaytib
kelmaydi. Ure-ey! Shamolni jilovlab bo‘lmaydi... "

http://t.me/kongilkaliti