March 18, 2021

Najot farishtasi 🕊️

- Boshing ogʻriyaptimi? - yoʻldan koʻz uzmay soʻradi Ali.
- Yoʻq. - Sadiya muzdek oynaga peshonasini qoʻyib ketardi. - Shunchaki sovuq yoqadi.
- Yukxonada muzlatgich bor. Oʻsha yerda ketasanmi? - hazillashdi Ali.
- Muzlatgich?
- Nyut... Nyutni olib ketyapmiz.
Sadiya boshqa savol bermadi. Hammasi kundek ravshan. Ali uni oʻrmonga dafn etmoqchi. Naqadar oliyjanob inson bu...?
Ular ancha vaqtgacha jim ketishdi. Sadiya oʻzi ham bilmaydigan allaqanday yoʻllarga koʻz tikib ketardi. Bora-bora mashinalar kamayib qoldi. Yoʻl chetida ham inson, tiriklik alomatlari koʻzga tashlanmas edi. Mashina ildamlagani sayin atrofdagi daraxtlar quyuqlashib bordi.
- Xoʻsh senga yoqyaptimi?
- Ha... Judayam. Oynani ochsam maylimi?
- Bemalol.
Sadiya boshini oynadan chiqarib olmaslik uchun bir amallab oʻzini bosgancha atrofni tomosha qila ketdi. Bu yerning havosi biram musaffo-ki! Nafas olib toʻymaydi kishi. Betakror manzalar koʻzga tashlanyapti. Shahar yoʻqolib borgani sayin tabiat uygʻonmoqda. Asfalt yoʻlining oʻrninimashina balonlari yanchib oʻtgan oʻtlar egalladi. Quyosh ulkan daraxtlar orasidan Sadiyaga qadar nur sochib uning dilini xushnud aylardi. Qushlar ham ora-orada kuylab qoʻyar, qizning zavqini ochirardi.
- Yetib keldik. - dedi Ali mashinani yoʻldan ancha ichkariga olib kirib toʻxtar ekan.
- Voy oʻrmon qani?
Ali qizga baqrayib qarab qoldi.
- Bu oʻrmon boʻlmay nima, Sadiya? - atrofga koʻz yugurtirdi Ali.
- Men umuman boshqacha tasavvur qilardim. Chirmovuqlar, botqoqlikka aylangan joylar va yana nimalardir boʻlishi kerak edi xayolimda. Nega kulasan?!
- Oʻzim shunchaki... Sadiya sen aytgan chirmovuqlar changalzorda boʻladi. Junglida. Biz esa oʻrmonga keldik.
- Shunaqa de? - Sadiya hayrat bilan atrofga temurldi.
Koʻkka yetgudek baland bu daraxtlar oʻrmon ichidagilarni quyoshdan pana qilib turardi. Daraxtlarda qushlar in qurgandi. Yer esa baʼzi qadimiy daraxtlarning tomirlari boʻrtib chiqqani yoki daraxti kesilib, toʻnkasi qolgan joylarni inobatga olmaganda tekis edi.
Sadiya ichkariroqqa qadam qoʻyib atrofni jonli ekanligini his qilib bordi. Goʻyo barglar orasidan kimdir uni kuzatayotgandek, jonivorlar undan qoʻrqib chekka-chekkadan poylayotgandek. Atrof sir-sinoatlarga toʻla-yu, uni begona odamdan maxfiy saqlamoqchidek goʻyo.
- SADIYA! - Alining baqirgani eshitildi.
- Labbay? - Sadiya ortiga oʻgirildi. Mashinadan juda uzoqlab ketibdi. Qachon bu yerlarga kelib qoldi?
- Esingni yedingmi? - Ali yugurib kelib uni mashina tomonga olib ketdi. - Kutib tursang hozir kiramiz ichkariga.
- Ali kechirasan, men bilmay qoldim.
Yigit indamadi. Sadiya tabiatga mahliyo boʻlib ichkari ketib qolgan vaqtda Ali yukxonadagi muzlatgichdan Nyutni olib tushibdi. Qizning yuragi uvishib, eti jimirlab ketdi.
- Mana buni koʻtarchi, ogʻir emasmi? - Ali Sadiyaning qoʻliga ulkan sumkani tutqazdi.
- Yoʻq. - sir boy bermay dedi Sadiya sumkani koʻtarib beli bukilib ketmasligi uchun muvozanatni bir amallab saqlab qolgan boʻlsa-da.
- Bir joy bor. Oʻsha yerda ov qilaman. Yetib borgunimizcha shu sumka senda tursin.
- Yaxshi.
Ali yana bir dunyo narsa solingan yuk xaltasini yelkasiga ortdida mashinani qulfladi. Soʻng yerda uzala tushib yotgan Nyutning jasadini koʻtardi. Alining tizzalari bukilib ketganini koʻrgan Sadiya havotir ola boshladi. Qoʻlidagi sumka oʻziga patdek yengil tuyilib ketdi.
- Ali axir ogʻir-ku. - havotirlandi qiz asta odimlay boshlagan Alining ortidan qolmay.
Yigit javob qaytarmadi. Gapirsa madori qolmaydigandek his etdi oʻzini. Sadiya Alidan oʻzib ketib yana adashib qolmaslik uchun mayda qadamlar bilan yurardi. Ali yuzi qizara boshlab qoʻlida madori qolmagan boʻlsa ham doʻstini koʻtarib ketaverdi. Uning koʻzlari miltillab birozdan soʻng yuzi namlandi.
Sadiya sherlarnig vazni 200 kg atrofida boʻlishi eshitgan edi. Ammo Nyut boshqa masala. U ancha qarib, kichrayib qolgan. Shuningdek uy sharoitida oʻsgani uchunmi, sogʻlom vaqtida ham boshqa sherlardan farq qilar, anchayin kichkina koʻrinar edi. Sadiya Alining baquvvat mushaklariga koʻzi tushib oʻzini biroz tinchlantirdi.

Ammo Ali qanchalik kuchli va Nyut nisbatan yengil boʻlishiga qaramay sherni shunchaki koʻtarish boshqa, koʻtargan holda yurish boshqa. Yetmaganiga sher ixcham emas, koʻtarishga noqulay.
Ali sher qoʻlidan chiqib ketmasligi uchun urinar, tizzalari salgina bukilib harakat qilardi. Peshonasidan yumalab tushayotgan ter tomchilari koʻz yoshiga aralashib ketdi.
Ular oʻrmonning ancha ichkarisiga kirib ketishdi. Bir vaqt daraxtlar orasidagi masofa qisqarib, yalanglikka aylanib qolgan ochiq joyga chiqishdi. Bu yerda daraxtlar yoʻq edi. Osmon bemalol koʻrinib turar, quyosh ham ushbu maydonni toʻliq yoritardi. Kenglik eniga nisbatan tor boʻlsa-da, boʻyiga qarab ancha masofaga choʻzilgandi. Sadiya yetib kelishganini tushundi. Ali Nyutni asta yerga qoʻyib bir toʻnkaga oʻtirdida nafas rostlab oldi.
Sadiya sumkani yerga qoʻyib, biroz suv ichib oldi. Ali oʻzining kichikroq xaltasidan kattagina belkurak chiqardi. Nima balo, bu fokuschi hammi, xayolidan oʻtkazdi Sadiya ajablanib. Keyin bilsa, belkurak oʻrtasidan qayirib, ixchamlab yursa boʻladigan turidan ekan.
Ali bir yerni tanlab, sukut ichida uni qaziy boshladi. Yigit koʻz yoshlarini tiya olmas, Sadiyaning oldida andisha qilib hoʻngrab yubormaslik uchun tishini-tishiga qoʻyib turardi. Sadiyaning yuragini gʻam-gʻussa egalladi. Bir tomondan Nyut unga ham qadrli boʻlib qolgani va yangi doʻstidan ayrilib qolgani boʻlsa, bir tomondan Ali uchun achinar edi.
Xan minglab xotiralarini - Nyut bilan oʻtgan damlarini eslar, koʻz yoshi orqali ularni ham koʻmayotgandek qalbi iztirob chekardi.
Ali yerni qazib boʻlib yuqoriga koʻtarildi. Sadiyani negadir biroz vahima va qoʻrquv egalladi. Ilgari biror marta ham bunday hodisaga duch kelmagan, ota-onasi vafot etganda esa juda yosh boʻlgan edi. Shu sababli Xan ishni yakunlaguniga qadar qabrga biroz orqa oʻgirib turdi.
Ali Nyutning ustidan tuproq tortar ekan, ming bir hasrat ichida qoʻllari qaltirar, koʻz yoshlari kiyimini ham hoʻl qilib yuborardi. Endi uning eng yaqin doʻstiyoʻq. Saharda sayr qilib suhbatlashadigan hamrohi yoʻq...
Ali kattagina doʻngalakni uyib boʻlganidan keyin yerga oʻtirib oldi-dayuzini qoʻllari bilan berkitib yigʻladi. Sadiya unga qanday gʻamxoʻrlik qilishni, tasalli berishni bilmas edi. Keyin asta oldiga choʻkkalab shivirladi:
- Ali, hammasi yaxshi boʻladi.
- Yoʻq. - qoʻlini pastga tushirib boshini chayqadi Ali. Uning qizarib ketgan koʻzlarini koʻrib Sadiya qaygʻuga botdi. - Endi yaxshi boʻlmaydi.
Sadiya bolaning qoʻliga ohista-ohista urib qoʻyib koʻz yoshlarini artdi.
Sadiya Alini yolgʻiz qoldirib atrofda sayr qila boshladi. Yigit oʻziga kelib olgachqaytsa boʻladi. Birozdan soʻng Ali Sadiyani chaqira boshladi. Qiz bu safar yoʻllarda adashmay yalanglikni oson topib chiqdi.
- Labbay?
- Ovni boshlamoqchiman. - yigit ancha tetik koʻrinar edi.
Ali miltiqni terib, tayyor qilib olgan ekan. U miltiqni oʻqlab yuqoriga tikildi va birdan allaqanday tovush chiqardi. Qush ovoziga oʻxshab ketadigan bu ohangdan Sadiya choʻchib tushdi. Osmonga esa bir toʻda qushlar koʻtarilib chugʻurlab ucha boshladi.
- Qara va oʻrgan.
Ali oʻq uzdi. Yalanglikning bir chetiga doʻp etib yaralangan ehtimol, oʻlgan qush tushdi.
- Bu adolatsizlik! - burnini jiyirdi Sadiya.
- Nega endi?
- Sen ularni inidan majburan chiqarib, keyin otyapsan!
- Nima? - Ali qizga baqrayib qoldi. - Endi ular qachon inidan chiqar ekan deb kutib oʻtiraymi?
Ali miltiqni yana bir bor oʻqladi. Boyagi chaqiriqqa binoan osmonga koʻtarilgan qushlar allaqachon koʻrinmay qoldi. Yaqin atrofdagi jonivorlar oʻq ovozidan vahimaga tushgandi. Shunda Sadiya miltiqni yigitning qoʻlidan olib qoʻyib, moʻljalga oldi-yu oʻq uzdi. Uzoqdan yaralangan qush asta yerga qulayotganini koʻrib Sadiya shodlik ichida baqirib yubordi.
- Qoyilmisan? Umrimda birinchi marta toʻpponcha ushlashim.
- Birinchidan, bu miltiq. Ikkinchidan, sen qushni yaralading xolos. Uchinchidan, uni oʻrmonning qay burchagiga tushganini aniqlay olmaysan.

- Tavba! Barakalla, Sadiya! Mohir mergan ekansan, desang tiling uzilib tushadimi?
- Sen mening oʻljamni koʻr. Shunda tushunib yetasan.
- Men eng zoʻriman! - Alining ohangi ila oʻziga-oʻzi toʻngʻillab ketdi Sadiya. - Men hamma narsani bilaman! Men dunyoda yagonaman!
Ali miyigʻida kulib ketaverdi. Qush yotgan joyga yetib borishgach Ali uni qoʻliga olib Sadiyaning koʻziga yaqin qilib gapira boshladi:
- Koʻryapsanmi? Oʻsha zahotiyoq oʻlgan.
Sadiya yirik va nihoyatda chiroyli bu qushning jonsiz tanasini koʻrib qaltirab ketdi. Oʻzi ham bir qushni otganini oʻylab oʻzidan jirkanib ketdi. Qushning qoni Alining ham qoʻliga tegib ketdi. Buni koʻrgan Sadiya xushini yoʻqotmaslik uchun teskari oʻgirilib oʻtirib oldi.
- Ali...
- Nima boʻldi?
- Iltimos ketaylik. Qushlarni ovlashing shartmi? - pala-partish gapira boshladi qiz sochlarini changallab. - Jonivorlarga boshqa yegulik bersa ham boʻladi-ku!
- Nimalar deb valdirayapsan?
- Hayvonlarni oʻldirishni bas qil deyapman. Bu gunoh, Ali! Tiriklikni Alloh hadya etgan. Ularning jonini olish ham Yaratganning izmida. Sen ularni oʻldirmasliging kerak.
Ali xoʻrsinib, ensasini qotirib turardi. Sadiya miltiq ushlagan qoʻllaridan nafratlanib ketdi.
- Men oʻz yoʻlimdan qaytmayman. Setga yetarli zahira olgach uyga qaytaman. Senga yoqmasa qaytib ketishing mumkin. Istasang mashinada kut, qoʻlingdan kelsa minib ket.
- Ali, sen ham ketishing kerak!
- KETMAYMAN! Oʻzing yayov ketaver uyingga. Darvoqe xizmatkorsan-ku, sening uying yoʻq. Qayoqqa borsang boraver! Mendan nari tursang boʻldi!
Sadiyaning xoʻrligi kelib yigʻlab yubordi. Ha, u xizmatkor. Ota-onasi erta vafot etgan, xolasi ham kambagʻal. Oʻzi hali mustaqil emas. Ammo bu uning qalbi yoʻq degani emas-ku!
Ali narsalarini yigʻishtirib uzoqlasha boshladi. Sadiya uni fikridan qaytara olmasligini bilib katta yoʻl tomonga yurib ketdi. Adashib qolish, shuncha yoʻlni yayov bosib oʻtish haqidagi qoʻrquvlar Sadiyaga begona edi. Uning xayolida bir soʻz tinmay aylanardi. "Xizmatkorsan!"

***

Asfalt boʻlishiga qaramay mashinalar kam qatnaydigan yoʻl chetida Sadiya ketib borardi. U hech narsani his etmas, hech narsa haqida oʻylamasdi. Baʼzi mashinalar signal chalib oʻtsa ham, borgan sayin kech tushib, quyosh oʻz iniga kirishga taraddudlanayotgan boʻlsa ham qiz eʼtibor bermas edi. Ochlik va tashnalik ham uni qiynamas, jonsiz qoʻgʻirchoqdek yurardi.
Yoʻldan yuk mashinasi katta tezlikda kelib uning oldida toʻxtadi va Ali Sadiyaning yoʻlini toʻsib oldi.
- Nega mashinada kutmading?!
- ...
- Nima shahargacha yayov ketmoqchimisan?
- ...
Sadiya javob bermay, Alining qarshisidan boshqa yoʻl qidirib odimlayverdi. Qiz hatto uning yuziga qarashni ham oʻziga ep koʻrmadi.
- Sadiya! Meni kechir. Boʻldimi? Endi mashinaga oʻtir. - Ali qizni qoʻlidan ushlamoqchi edi Sadiya qoʻlini siltab tortib oldi va yoʻlida davom etdi. - Arazingni yigʻishtirsangchi! Hozir kech tushadi boʻrilarga yem boʻlmiqchimisan?!
Sadiya boshini quyi egkancha ketaverdi. Mashina juda orqada qolib ketgani uchun Ali jigʻibiyron boʻlib ortiga qaytdi va mashinani qizning oldida haydab bordi.
- Sadiya dedim! - baqirdi Ali oynadan. Javob esa yoʻq. - Menga qara, jaxlim chiqsa ketib qolaman. Bir oʻzing qolib ketasan shu yerlarda.
Sekin ketayotgan yuk mashinasini yengil mashina aylanib oʻtdi-yu Sadiyani koʻrib tezlikni pasaytirgancha gap ota boshladi.
- Yaxshi qiz, bu yerlarda bir oʻzingiz nima qilib yuribsiz? Oʻtiring, aytgan manzilingizga olib borib qoʻyaman. Yoʻl haqqi kerakmas, bitta oʻpich kifoya.
Ali mashinadan sakrab tushdi. Yengil mashina haydovchisi ham tushib qizning yoʻlini toʻsmoqchi boʻlganida allaqayerdan yuziga bir musht tushib uni gandiraklatib yubordi. Sadiya bularga mutlaqo parvo qilmas, ularning gaplari-yu soʻkinishlari qulogʻiga kirmas edi. Ali begona yigitni oʻlas qilib kaltakladi. Bor alamini undan chiqarib oldi. Nyutning halokatidan tortib eng yaqin odamiga aylangan Sadiyaning araziga qadar. Ha, Sadiya uning eng yaqin odami edi. Ammo, nachora... Ali Xan oʻz yaqinlariga ozor beradigan bir xudbin edi.

Sadiya mushtlashuvdan ancha oldinlab ketdi. Ali yerda bukchayib, chala jon boʻlib qolgan yigitni yana bir tepib mashinasiga oʻtirdi. Sadiyaning oldiga yetganda toʻxtab bir ogʻiz soʻz demay uni mashinaga oʻtqizib qoʻymoqchi boʻldi.
- Menga tegma! - baqirdi Sadiya oʻzini Alidan uzoq tutib. - Men xizmatkorman-ku! Kambagʻalligim senga ham yuqmasin, mendan nari yur!
Ali qizning gaplariga eʼtibor bermay dast koʻtardi-yu mashinaga oʻtqizib kamarini taqdi va eshikni qulflab qoʻydi. Sadiya asta-sekin oʻziga kela boshladi. Atrofni qorongʻulik egallab borayotgandi. Sadiyaning ichini vahima egallab oldi. Yaxshiyam Ali bor, koʻnglidan oʻtkazdi qiz. Ammo buni sezdirmadi. Xayollarida turli fikrlar charx ursa ham tashqi qiyofasi oʻzgarmas, goʻyo jonsizdek qolaverdi.
Ali bolani uraverganidan yorilib, qonab ketgan qoʻli bilan rulga ham urib-urib qoʻyar, gohida gʻoʻngʻillagancha soʻkinar yo nimalardir deb borardi. Oxiri Sadiyaga ham oʻshqirib berdi.
- Men ketib qolganimda nima boʻlishi tasavvur qilyapsanmi?! - baqirdi Ali.
- ...
- Sadiya, bilib qoʻy: bu dunyoda yaxshi odamlar juda kam. Sendeklar qolmagan. Hammani ham oʻzingga oʻxshataverma! Gʻaliz niyatli odamlar juda ham koʻp!
- Senga oʻxshaganmi? - hissiz nigohi ila Alini teshib yuboray dedi Sadiya.
- Ha! Menga oʻxshagan.
Sadiya ich-ichidan Alining ketib qolmagani va uni himoya qilgani uchun minnatdor boʻlsa-da buni aytgisi kelmasdi. Uning haqoratlari hamon yodidan koʻtarilmagan edi.
Qolgan yoʻlda ikkovlon sukut saqlab ketishdi. Manzilga yetib kelgach Sadiya mashinadan tushib bir ogʻiz soʻz demay uyiga kirib ketdi. Ali ham oʻz uyiga ketdi.
Iroda xola Sadiyani koʻrib tin olishga ulgurmasidan xoʻjayinning oʻgʻlini xonasini yigʻishtirgani joʻnatib yubordi. Sadiya yuqoriga koʻtarilib xonaga kirdi. Ahmad akaning oʻgʻli Sanjar kompyuterda ishlab oʻtirgan ekan.
- Kechirasiz. Xonani yigʻishtirgani kelgan edim. - hijolat boʻldi Sadiya. Axir bu xonada odatda hech kim boʻlmas edi.
- Yigʻishtiravering. Kunduzi ishni chala qilibsiz. - dedi bola yuzini kompyuterdan burmay.
Sadiya eʼtiroz bildirmadi. Indamay xonani tozaladi. Ishini tugatgach tezroq pastga tushib ul-bul yeb olgisi kelardi.
- Boʻladimi?
Yigit kompyuterdan bosh koʻtarib xonaga alangladi. Uning quyosh koʻrmagan oppoq terisi qizlarnikiga oʻxshar edi. Koʻzoynak taqib olganini koʻrgan Sadiya beixtiyor xayolan "botanik" dedi. Sanjar xonani koʻzdan kechirib soʻng Sadiyaga qaradi va bir necha soniya tikilib qoldi.
- Yana chalami? - hayron qoldi Sadiya yigitning baqrayib turganini koʻrib.
- Yoʻq. Hammasi aʼlo.
Sadiya xonadan chiqib darhol oshxonaga yoʻl oldi. Qozondagi shoʻrvadan bir kosa suzib tanovvul qilmoqchi boʻlganida xolasi kirib keldi.
- Sadiya, yigʻishtir...
- Top-toza. - savol tugamasidan javob berdi qiz.
- Yaxshi. Xoʻjayin xonasida ekanmi?
- Hm...
Iroda xola yana nimadir demoqchi boʻldi-yu, buning oʻrniga xonadon sohiblariga kechqurungi qahvasini tayyorlashga tutindi.
Ali uyiga kelganidan beri mashq xonasida qum toʻldirilgan qopni doʻpposlash bilan ovvora. Turli fikrlar xayolidan oʻtar. Jaxli chiqqanidan qopni uzib yuborar darajada mushtlar edi.