March 24, 2025

𝐙𝐔𝐋𝐌𝐀𝐓 𝐎𝐆’𝐔𝐒𝐇𝐈𝐃𝐀

– Zulmatni bag‘riga bosgan kishi avval uni panoh deb biladi, so‘ng uni o‘ziga yaqin his qiladi, oxir-oqibat esa uning ichida yo‘qolib, asirga aylanadi...—

7-epizod

“Hokimiyat yo‘lida halokat”

Qirolning mehmonxonasida og‘ir sukunat hukmron edi. Faqatgina saroy xizmatchilarining tashqaridagi shivir-shivir ovozlari va yonayotgan shamlarning xira shitir-shitiri eshitilardi. Junseok tiz cho‘kkancha boshini egib turardi. Xuddi shu lahzada yuragi shiddat bilan urardi. U shunchaki qirol oldida emas, o‘z taqdiri oldida ham tiz cho‘kkanini his qilardi.

Qirol Taejo esa kursisiga suyangancha o‘g‘liga sinchiklab tikilib o‘tirardi. U yillar davomida farzandini tarbiya qilib, unga qanday qoidalar asosida yashashni o‘rgatganini esladi. Ammo endi Junseok uning oldida boshqa odamga aylangandek edi.

Qirolda esa yagona savol bor edi. Junseokning yuragida kim hukmron? Ota buyruqlari yo sevgi?

– U kim?-dedi nihoyat qirol sovuq ovozda. Uning tovushida hissiyot yo‘q edi, xuddi hukm chiqarayotgan sultondek gapirdi,-Uning oilasi bormi?

Junseok boshini asta ko‘tardi. Qirolning nigohlariga to‘g‘ri qarash unga qanchalik qiyin bo‘lmasin, u bu savolga yolg‘on javob bera olmasdi.

– Uning oilasi yoʻq, u qul, otajon,-dedi u xotirjamlik bilan,-Biroq shunday boʻlsa ham, u hech bir oq suyak xonimlardan qolishmaydi. Uning yuragi sof, vafodor va u...

Shahzoda bir lahza jim qoldi. Dainning homiladorligini hozir aytish kerakmi? Yo‘q, hali emas. Qirol buni eshitsa, bu masalani yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Taejoning qoshlarida ingichka ajin paydo bo‘ldi. U o‘g‘lining har bir so‘zidan nimanidir ilg‘ayotganday edi.

– U shunchaki bir qul, to‘g‘rimi?-dedi qirol qahr bilan.

Junseok lablarini mahkam qisdi. U qattiq siqilganda shunday qilardi. Hozir ham yuragi g‘azab va alamga to‘la edi.

– Ha, u oddiy qul,-dedi u ovozini pasaytirib.-Ammo men u bilan baxtliman.

Qirolning lablari qimtildi. Keyingi lahzada u qo‘lidagi oltin naqshli piyolani qattiq stolga urdi. Piyoka mayda bo‘laklarga ajraldi, uning ichidagi choy esa to‘kilib ketdi.

– Men bu nikohga rozi emasman!-deya g‘azab bilan ovoz koʻtardi qirol,-U qizning senga loyiq emas. Va men senga doim Vazir Leening qizini loyiq koʻrganman!

Junseok joyidan sakrab turdi. Yuzlari qizarib ketgan, yuragi esa g‘azabdan qattiq urayotgan edi.

– Otajon, menga bunday qila olmaysiz! Men uni sevaman!

– Sevgi?-qirol istihola bilan kulib yubordi,-Qirollar sevgi uchun yashamaydi, Junseok! Qirollar qonunlar uchun, qasrlar uchun, hukmronlik uchun yashaydi! Agar sen shunday arzimas tuyg‘ular uchun taxtni xavf ostiga qo‘ymoqchi bo‘lsang, men seni valiahdlikdan mahrum qilaman!

Bu so‘zlar Junseok uchun qattiq zarba bo‘ldi. U chuqur nafas oldi.

– Men aynan oʻsha qizga uylanmagunimcha, toʻxtamayman! Men hech qanday boshqa kibor xonimlarga uylanmayman!

Qirol ko‘zlarini qisdi. U bu gapni eshitib, yanada g‘azablanib ketdi.

— Bu suhbat shu yerda tugadi!

Junseok endi yutqazayotganini sezdi. Lekin bu masala tugamaganini ham yaxshi bilardi. U otasiga hech narsa demay, sekin burilib chiqib ketdi. Ammo yuragida bir qaror allaqachon shakllanib ulgurgan edi: agar qirol unga bu sevgidan voz kechishni buyursa, u qirolga qarshi boradi.

Ammo qirol ham Junseokni yaxshi bilar edi. U o‘g‘lining bu masalani shunchaki qoldirmasligini sezgancha, ichida chuqur o‘ylarga cho‘mib qoldi.

* * *

Saroy yo‘laklari tinch edi. Kun sokin, ammo og‘ir sukunat bilan cho‘kkan edi. Malika Yeonhwa nozik va xushbichim qadamlar bilan qirolning mehmonxonasi tomon yurib borarkan, yuragida qandaydir xavotir borligini his qilardi. U har doim qirolning so‘zlariga sodiq, unga itoatkor qiz bo‘lib ko‘ringan, ammo aslida hech qachon bu qoidalarga butunlay bo‘ysunmagan edi. Uning qalbida hamisha o‘z manfaati ustun turardi.

Malika yoshligidan beri mehribon va olijanob qiz sifatida tanilgan. U saroyda odamlarga kulib qarar, xizmatkorlarga muloyim muomala qilar, hatto kambag‘al odamlarga xayriya ham qilardi. Ammo bu xayr-saxovat faqatgina jamoat joylarida, hammaga ko‘rinadigan joylarda sodir bo‘lardi. Bu orqali malika oʻzini oliyjanob, mehribon, adolatlidek koʻrsatib, obroʻsini oshira olar eid. Saroy devorlari ortida esa u shafqatsiz va ayyor edi.

U hech qachon o‘zi xohlagan narsadan voz kechmagan. U hech qachon boshqalarning baxtini o‘z baxtidan ustun qo‘ymagan.

Mana hozir ham u shunday ayyorona reja tuzayotgan edi. Malika otasi va Junseokning suhbatini yashirincha eshitib turgan edi. Eshikning orqasida qimir etmay turarkan, Junseokning ovozidan qandaydir qat’iyat va qaysarlikni his qildi. “U qizni sevaman”-degan so‘zlar qulog‘iga urildi.

“Sevgi?”

Malika istehzo bilan jilmaydi. U bu tuyg‘uni zaiflik deb bilardi. U sevgi sabab hayotini xavf ostiga qo‘ygan, taxtdan kechgan yoki oilasiga qarshi borgan ko‘plab insonlar haqida eshitgan. Ammo bu faqat ertaklardagina yaxshi yakun topardi. Haqiqiy hayotda esa bunday insonlar yo nobud bo‘lardi, yoki o‘z sevgisini qurbon qilishga majbur bo‘lardi.

Shu payt ichkarida qirolning g‘azabdan hayqirgan ovozi eshitildi.

– Bu suhbat shu yerda tugadi!

Keyin esa oyoq tovushlari eshitildi. Malika shoshib bir necha qadam ortga chekinib, ustunning soyasiga yashirindi. Eshik ochilib, undan Junseokning jahldan qizargan yuzi ko‘rindi. U hech narsaga qaramasdan yo‘lak bo‘ylab yurib ketdi.

Malika Yeonhwa uning ortidan jim kuzatib turdi.

“– Shunday ekan... bu qiz haqiqatan ham unga muhim ekan-da?”

Biroq uning ichini hasad va g‘azab qamrab oldi.

Malika har doim akasiga yaqin bo‘lishga harakat qilgan, biroq Junseok unga hech qachon yetarlicha e’tibor bermagan. Endi esa... u butunlay boshqa bir ayol haqida qayg‘urmoqda. Bu haqiqiy sharmandalik edi.

Malika Yeonhwa o‘zicha bir qarorga keldi: u bu qizni ko‘rishi kerak!

* * *

Junseok tez-tez qadam tashlab, xonasiga kirib ketdi. Malika Yeonhwa esa uzoqdan kuzatib, uning qayerga ketayotganini bilib oldi. Ichida qandaydir shubha va hayajon bor edi.

U asta yurib, Junseok xonasiga yaqinlashdi. Saroy hali ham sokin, xizmatkorlar ham koʻrinmas edi. Gʻazabdan boʻlsa kerak, Junseok kattanqadam tagslagancha, oʻz xonasi tomon yurar, ortidan ehtiyotkorlik bilan ergashib kelayotgan Yeonwani sezmasdi. Junseok nihoyat kerakli xonaga yetib kelgach, ichkariga kirib ketdi. Atrofga qarab, biror kishi kuzatmayotganiga ishonch hosil qilgan malika esa, eshik yoniga kelib, tirqishdan ichkariga qaradi.

“– Bu... u qizmi?”

Malikaning yuragi g‘azab bilan urdi. U bu qizni ilgari ham ko‘rgan edi! Qirollik oilasining maxsus dam olish saroyida xizmatkor sifatida tanishtirilgan qiz bu!

Uning qo‘llari titray boshladi. Malika Yeonhwa Dainga sinchkovchilik bilan tikildi. Yumshoq baxmal ko’rpachalar ustida oʻtirgan qiz hotirjam va tinch edi. Biroz nariroqda oʻtirgan shahzodaga nim tabassum bilan qarardi. Ammo aynan shu payt malika bir narsani sezib qoldi.

Bu qiz homilador edi. Uning keng kiyimlari ostidagi qorni deyarli bilinar-bilinmas boʻlsa-da, malika buni allaqachon sezgandi.

Yeonhwa qattiq qoʻrqib ketdi.

“ – Bu...bo‘lishi mumkin emas!”

Uning miyasida turli xil fikrlar gujg’on oʻynadi. Agar bu qiz Junseokdan homilador bo‘lsa, demak, u qirollik oilasi bilan bog‘langan bo‘ladi. Demak, u oddiy xizmatkor emas, balki valiahd shahzodaning bolasi bilan yuradigan ayol!

Bu saroy tarixidagi eng katta mojarolardan biri bo‘lishi mumkin edi. Agar Junseok bu qiz bilan uylansa va uning farzandi dunyoga kelsa, u taxt vorisi bo‘lib qolardi. Bu esa qirollik qoniga dog‘ tushirishi mumkin edi.

Yeonhwa buni to‘xtatishi kerak edi.

U yuragidagi hislarni jilovlashga harakat qilib, yo‘lak bo‘ylab asta yurdi. U aynan hozir qanday yoʻl tutishni bilmas edi. Uning butun vujudini hayrat va sarosima tuygʻulari chulgʻab olgan edi.

* * *

Yeonhwa saroy yo‘laklari bo‘ylab yurarkan, boshi g‘uvillab ketgandek his qildi. O‘zi eshitgan gaplarni, ko‘rgan manzaralarini xayolan qayta-qayta saralab chiqdi. Bu yangilik uning yuragiga g‘ashlik solgan, tinchini buzgan edi.

“ – Qanday qilib bunday boʻlishi mumkin? Junseok chindan ham shu oddiy xizmatkorni sevib qoldimi?”

Bu savol tinchini o‘g‘irlardi. Junseok – qirollik vorisi, taxtga da’vogar! Uning hayoti saroy qonunlariga bog‘liq, u qirolga mos keladigan kelin tanlashi kerak edi. Ammo u o‘z sevgisini oiladan, taxtdan va shon-shuhratdan ustun qo‘yayotgan edi. Bu esa qabul qilib bo‘lmas haqiqat edi.

Yo‘lakning oxiriga yetib, burilishda to‘xtab qoldi. Uzoqdan bir xizmatkor koʻringandek boʻldi. Bu Sarim edi. Junseokning eng ishonchli xizmatkori.

Yeonhwa nigohini keskin qildi. Endi hamma narsa o‘z joyiga tushayotgandi.

“ – Demak, Sarim meni aldadi. U Junseokning bu sirini mendan yashirdi?!”

Shu ondayoq malika Sarimdan hamma narsani ochiq-oydin soʻrash kerakligini tushundi.

U qat’iyat bilan oldinga yurdi va Sarimga yo‘lni to‘sib to‘xtatdi. Xizmatkor hushyor tortdi va ta’zim qilmoqchi bo‘ldi, ammo Yeonhwa keskin ovozda gap boshladi:

– Meni aldashga qanday jur’at qilding, Sarim?

Sarimning yuzi oqarib ketdi.

– Malikam...men...sizni tushunmay qoldim..

Yeonhwa uning javobiga qiziqmay, davom etdi:

– Yangi xizmatkor haqida menga yolg‘on gapirding. U oddiy xizmatkor emas. U Junseokning sevgan ayoli! Buni mendan yashirishga nima haqqing bor?

Sarim nafasi ichiga tushdi. U nima qilishni bilmay qoldi. Chunki endi hech qanday inkor foyda bermas edi. U buni rad eta olmasdi – malika allaqachon haqiqatni bilardi.

Sarim bo‘yin egdi va asta tiz cho‘kdi. Uning ovozi titray boshladi:

– Bir qoshiq qonimdan keching, malikam! Sizni aldash niyatim yo‘q edi. Bu haqda yolg‘on gapirish majburiyatida edim. Valiahd shahzoda menga shunday buyruq bergan edilar. Men ularning buyrug‘iga qarshi bora olmadim, shuning uchun sizni aldadim. Men jazoga loyiqman!

Yeonhwa unga nafrat bilan tikildi. Ichida jahli qaynab borardi.

“Demak, Junseok mendan bu sirni yashirish uchun xizmatkorlariga ham ogohlantirish bergan! Qanday qilib?! Nima uchun u bunday yo‘l tutdi?”

Malika bir lahza o‘ylab qoldi. Sarimga jazo berish masalasini keyinroq hal qilishi mumkin. Hozir esa eng muhim narsa — bu yangilikni otasiga yetkazish edi.

Yeonhwa o‘zining qattiq bosim ostida ham hissiyotlarini yashirish qobiliyatiga ega ekanligini bilardi. Shuning uchun u chuqur nafas olib, o‘zini tinchlantirdi va nigohini keskin qilib, dadil qadamlar bilan qirolning mehmonxonasiga yo‘l oldi.

U otasini bu sharmandalikdan xabardor qilishi kerak edi.

Va buni bugunoq...hoziroq amalga oshirishi kerak.

* * *

Junseok xonasining derazasidan tashqariga qarab o‘tirarkan, Dainning mayin qo‘llarini siqdi. Derazadan kirgan mayin shamol ikkovlarining yuziga urilib, yoqimli hislarni berar edi. Dain esa shahzodani jim kuzatar, yuragi esa sevinch va tashvish o‘rtasida alangalanardi.

– Bilasanmi, qachonlardir biz bu saroyga, bir-birimizga bog‘lanib qolamiz deb o‘ylamagan edim,-dedi Junseok xayolchan, Dainning qo‘lini biroz mahkamroq ushlarkan,-Lekin endi, men faqat shu yerda emas, butun dunyoda faqat bir joyni va bir narsani o‘zimniki kabi his qilaman — u ham bo‘lsa, bu saroy va sening yoningizda bo‘lishdir.

Dain yengil jilmaydi, lekin yuragining bir chekkasida noaniq g‘ulg‘ula bor edi.

– Men sizga ishonaman, shahzodam,-dedi u shivirlagandek, ammo Dain oʻzi ham aynan nega bu soʻzlarni aytganini bilmas edi.

Junseok barmoqlari bilan Dainning yonoqlarini siladi, so‘ng sekin o‘rnidan turib, uning qarshisida toʻgʻriroq oʻtirib oldi.

– Tasavvur qil,-dedi u Dainning ko‘zlariga tikilib,-Bizning to‘yimiz bo‘ladi. Qanday tasavvur qilasan?

Dain kutilmaganda o‘zini erkinroq his qildi. Uning xayolida tezda yorqin manzaralar paydo bo‘ldi. U chuqur nafas oldi va xayolini ovoz chiqarib aytishga jur’at qildi:

— Men xohlaymanki...bizning to‘yimiz bahorda bo‘lishsin. Bog‘-rog‘lar ko‘m-ko‘k, havo esa iliq. Hamma narsa gullar iforiga to‘la bo‘lishini. An’anaviy liboslarimiz eng chiroyli matolardan tikilgan, mehmonlar esa shodon. Biz esa…-Dain biroz hijolat bo‘lib to‘xtab qoldi.

Junseok jilmaydi:

– Biz esa nima?

– Baxtli bo‘lamiz,-pichirladi Dain uyalibgina.

Junseokning yuragi bir lahzaga urishdan to‘xtagandek bo‘ldi. U chuqur nafas olib, sekin Dainning kaftini labiga yaqinlashtirdi.

– Men sizni qirollik xonadonining eng go‘zal malikasi qilishni istayman. Qanday qilib bo‘lsa ham, bu orzuni ro‘yobga chiqaraman,-dedi, soʻng esa Dainning kaftini yumshoq oʻpib qoʻydi.

Ammo bu orzular orqasida haligacha otasining qat’iy rad javobi turardi. Bu to‘y haqiqatan ham amalga oshadimi yoki bu faqat bir lahzalik shirin xayolmi — bunisi noma’lum edi.

* * *

Malika Yeonhwa saroy yo‘laklarida shoshilgancha yurarkan, yuragi tez urar, nafas olishi og‘irlashgan edi. Yuragida hayajon va g‘azab uyg‘ongan, lekin u o‘zini bosishga harakat qilardi. Qirol huzuriga borib, bunday xabarni yetkazish — oson ish emas. Lekin akasi Junseokning qilgan ishi qirollik obro‘siga dog‘ tushirishi mumkin edi, Yeonhwa bunga yo‘l qo‘ya olmasdi.

Eshik oldiga yetib borishi bilan, u chuqur nafas oldi, so‘ng eshikni ohista ochdi va qadam bosib, bosh egib ta’zim qildi. Qirol Taejo qizining jiddiy va biroz hayajonli nigohlariga qarab, beixtiyor qoshlarini chimirdi.

– Otajon... bir qoshiq qonimdan kechsangiz, bir sirni aytar edim,-dedi Yeonhwa mayin, ammo qat’iy ohangda.

Qirol bir lahza sukut saqladi. Uning nigohlari keskin edi. Yeonhwa nega bunday iltijo bilan murojaat qilayotganini tushunmadi. Odatda, qizi har qanday xabarni muloyimlik bilan yetkazardi, ammo hozir uning ovozida shoshqaloqlik bor edi.

– Gapiring,-dedi Taejo nihoyat, mulohazakorlik bilan.

Yeonhwa oldinga bir qadam tashladi va sokin ohangda, ammo so‘zlarini aniq ta’kidlagan holda gapira boshladi:

– Biroz avval siz va akamning suhbatingizni behosdan eshitib qoldim.

Qirolning ko‘zlarida g‘azab uchqunlari ko‘rindi.

– Demak, eshitishga ruxsat so‘ramay turib, suhbatimni tinglagansiz?

Yeonhwa yutindi, lekin boshi egik holda davom etdi:

– Bu tasodif edi, otajon. Lekin bu tasodif menga muhim haqiqatni ochib berdi. Akam siz ta’qiqlagan qizni chindan ham sevadi. Men bunga guvoh bo‘ldim. U xonadonimiz obro‘siga loyiq emas, lekin akamning yuragini zabt etgan. Va undan ham muhimi…

Yeonhwa bir lahzaga to‘xtadi. Qirolning nigohlari unga mixlangandi. Uning ovozi bir oz pasaygan bo‘lsa-da, jiddiy ohangda yangradi:

– O‘sha qiz homilador.

Qirol Taejo ko‘zlarini yummadi, yelkalari qattiq taranglashdi. Xonada g‘ishtdek og‘ir sukunat cho‘kdi. Yeonhwa esa so‘zlarini davom ettirdi:

– Ota, endi nima qilamiz? Nahotki, akam ana shu qul qizga uylansa? Bu bizning oilamizga loyiq qiz emas. U nafaqat akamning, balki butun oilamizning shaʼniga dogʻ tushiradi. Faqatgina akam emas, butun qirollik xonadoni sharmanda bo‘ladi. Qirol oilasiga bundan-da ortiq isnod boʻlmasa kerak? U oddiy bir qul, otajon. Uning shajarasi ham, zoti ham bizga mos emas. Nahotki, bunday odam qirollik merosxo‘rining onasi bo‘lsa?

Qirol o‘rnidan sekin qo‘zg‘aldi. U asta yurib deraza yoniga bordi va tashqariga, gavjum shaharga tikildi. So‘ng, qo‘llarini orqasiga qo‘ygancha, jiddiy ohangda so‘zladi:

– Men to‘g‘ri qaror qilganimga shubha qilmagandim. Endi esa bu masalani yakunlash vaqti keldi.

Yeonhwa biroz yengil tortdi, lekin ich-ichidan yana nimadir kutardi.

– Bu to‘y bo‘lmaydi,-deya qat’iy hukm chiqardi qirol.

Malika Yeonhwa unga ta’zim qilib, labida deyarli sezilmas bir tabassum bilan xonani tark etdi. Endi uning yuragi ancha xotirjam edi, chunki u bu ishni to‘g‘ri yo‘lga solishiga ishonardi. Faqat bir narsa uni biroz o‘ylantirardi — Junseok bunga qanday javob berardi?

Ammo hozircha, bu masala malikani oʻylanishga majbur qilmadi.

* * *

Ayyor Vazirning Rejasi

Saroy osmonida to‘lin oy porlab, yulduzlar mayin charaqlardi. Ammo ichkarida, qirolning mehmonxonasida sukunat va ziddiyat hukm surardi. Qirol Taejo o‘ylovchan nigohlarini oldidagi sham alangasiga qadagan, barmoqlari bilan stol chetini ohista taqillatib o‘tirardi. Uning yuzida chuqur o‘ychanlik va bir oz g‘azab aks etardi. Nihoyat, u eng ishonchli, lekin ayni vaqtda eng makkor odam — Vazir Leeni chaqirtirishga qaror qildi.

Vazir Lee esa allaqachon qirolning odamini kutib turgan edi, go‘yo uning ichki tuyg‘ularini oldindan bilgandek. U har doimgidek beozor, itoatkor va sadoqatli odamdek ko‘rinishga harakat qildi. Tez orada qirolning huzuriga yetib keldi. Og‘ir yog‘och eshik ohista ochilib, ichkariga to‘q yashil va qizil libos kiygan, baland tog‘ay qalpoq taqqan, yuzida har doimgidek beparvolik va itoat aralashgan tabassum bilan Vazir Lee kirib keldi. U hurmat bajo keltirib, chuqur ta’zim qildi.

– Qirolim, meni huzuringizga chorlagan ekansiz. Men har doimgidek sodiq qulingizman. Nima xizmat?-dedi u past va xotirjam ohangda.

Qirol unga sinchkov nigohini qadab, bir necha lahza jim turdi. Keyin esa chuqur nafas olib, so‘z boshladi:

– Valiahd shahzoda bugun huzurimga keldi, bir qul qizga uylanmoqchi ekanligini aytdi.

Vazirning yuzi hech qanday o‘zgarishsiz qoldi. Go‘yo bu yangilik uni ajablantirmagandek. Ammo ichida u allaqachon g‘azab va nafrat bilan yonardi.

Qirol davom etdi:

– So‘ng malika Yeonhwa aniqlashicha, o‘sha qul qiz homilador ekan.

Bu safar ham Vazir Lee hech qanday hissiyot namoyon qilmadi. U faqat bosh irg‘ab, e’tibor bilan tinglashda davom etdi.

Qirol ovozini biroz pasaytirib, davom etdi:

– Men bu nikohga rozi bo‘lmayman. Ammo Junseokning qaysarligini bilasiz. Agar bu nikohni taqiqlasam, u o‘z yo‘lidan qaytmaydi. Men uni majburan to‘xtata olmayman. Qanday yo‘l tutishim kerak?

Vazir Lee ich-ichidan zavqlanar, ammo yuzida chuqur mulohaza alomatini saqlardi. U ohista ta’zim qilib, gap boshladi:

– Hazrati oliylari, bu juda nozik masala. Shahzodani majburan to‘xtatish xavfli. Agar biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga nikohni ta’qiqlasak, u yanada qaysarlashib, hatto bizga qarshi chiqishi mumkin. Shu bois, eng to‘g‘ri yo‘l — unga erkinlik bergandek ko‘rinish.

Qirol nigohini vazirga tikdi. Ko‘zlarida shubha bor edi.

– Erkinlik bergandek?,-so‘radi u.

Vazir bosh irg‘adi va asta davom etdi:

– Ha, zoti oliylari. Avvaliga unga ruxsat bergandek ko‘rinaylik. To‘yga qarshilik qilmaylik. Qoyilmaqom tantana o‘tkazish niyatida ekanligimizni ko‘rsataylik. Hatto o‘sha qul qizga ham yaxshi muomala qilayotganimizni bildiraylik.

Qirolning ko‘zlari toraydi. Qul qizga yaxshi munosabatda boʻlish? Bema’nigarchilik!

– Keyin-chi?

Vazir Lee ich-ichidan kulib, ovozini pastlatdi:

– Keyin esa, o‘sha qizga sezdirmay, asta-sekin uni yo‘q qilamiz. Tabiiy o‘limdek ko‘rinadigan yo‘l bilan.

Qirolning yuragi g‘ash bo‘ldi.

– Uni o‘ldirishni nazarda tutayapsizmi?

Vazir boshini sekin irg‘atdi.

–Boshqa yo‘l yo‘q, oliy hazratlari. Agar qiz yashab qolsa, u homilasini dunyoga keltiradi. Shahzoda esa uni hech qachon tark etmaydi. Lekin agar homila ham, ona ham halok bo‘lsa, shahzoda ruhiy zarbaga uchraydi, zaiflashadi, vaqti kelib biz istagan yo‘lni tanlashga majbur bo‘ladi.

Qirolning lablari biroz qimtildi. Uning yuragida ikki xil tuyg‘u kurashar edi. Bir tomondan, u o‘z o‘g‘lining baxtsiz bo‘lishini istamasdi. Boshqa tomondan esa, qirollik obro‘sini himoya qilish unga har narsadan muhim edi.

Vazir Lee so‘zida davom etdi:

– Biroq, bu ish shoshilinch va dag‘al usulda bajarilmasligi kerak. Asta-sekin, hech kim sezmaydigan yo‘l bilan. Men eng ishonchli tabiblarim orqali maxsus zahar tayyorlataman. Qiz uni yutgandan keyin asta-sekin zaiflashib, kasalga chalinadi. O‘limi tabiiydek tuyuladi. Hech kim bizdan shubhalanmaydi.

Qirol sukut saqladi. U stol ustidagi choy kosasiga tikildi. Uning ichidagi suyuqlik to‘q jigar rangda, sukunat kabi muzdek edi.

– Shahzoda shubhalanib qolishi mumkin,-dedi u nihoyat.

Vazir tabassum qildi.

– Agar hammasini to‘g‘ri bajarsak, shubhalanmaydi. Balki qayg‘uradi, lekin vaqt o‘tishi bilan o‘zini tiklab oladi. Va biz unga yangi malika taklif qilamiz.

Qirol chuqur nafas oldi.

– Bu qiz o‘lishi kerakmi?

– Afsuski, boshqa yo‘l yo‘q, hazratlari,-dedi vazir,-Bu saroy, bu qirollik – kuchlilar olami. Zaiflar esa hayot uchun to‘lov qilishga majbur.

Xonada og‘ir sukunat hukm surdi. Sham alangasi beixtiyor lipilladi. Qirol asta ko‘zlarini yumdi.

– Mayli, rejangni bajar. Ammo ehtiyot bo‘l.

Vazir chuqur ta’zim qilib, tabassum bilan ortga chekindi.

Bu kecha saroy osmonida oy odatdagidan yorqinroq nur sochdi. Lekin hech kim bu nur ostida qanday zulmat yashiringanini bilmas edi…

7-epizod tugadi.
#Minatozaki_Mitsuki