March 23, 2025

𝐙𝐔𝐋𝐌𝐀𝐓 𝐎𝐆’𝐔𝐒𝐇𝐈𝐃𝐀

– Zulmatni bag‘riga bosgan kishi avval uni panoh deb biladi, so‘ng uni o‘ziga yaqin his qiladi, oxir-oqibat esa uning ichida yo‘qolib, asirga aylanadi...—

5-epizod

“Shahzodaning qaytishi”

Junseok otasining xonasidan chiqarkan, bo‘g‘ilgan g‘azab va alam bilan tishlarini g‘ijirlatar, yuragi esa g‘azabdan alanga olgandek tuyulardi. Shu paytgacha otasining barcha qarorlariga bo‘ysunib kelgan bo‘lsa ham, bu safar ich-ichidan norozilik alangasi ko‘tarilayotganini his qildi.

O‘z xonasiga qaytgach, u bir lahza jim qoldi. Bu yerda ko‘p vaqt o‘tkazgani, devorlarga singib ketgan xotiralar hozir juda uzoqday tuyuldi.

“ – Meni shunchalar oson chetga surishdimi?”-o’yladi shahzoda.

U chuqur nafas olib, ichidagi g‘azabni tiyishga harakat qildi. U hozircha hech narsa o‘zgartira olmasdi. Ammo bu yo‘qotishlar uni o‘zgarish sari yetaklayotganini yaxshi bilardi.

Shu payt u xizmatkorlaridan birini yoniga chaqirdi.

– Qirollik oilasining maxsus dam oladigan saroyiga bor, u yerda Sarim ismli xizmatkor qizga men bugun kechasi jo‘nab ketishimni ayt. Otamning qaroriga ko‘ra, bir oy davomida shimolda bo‘laman. Sarim oʻzi bu xabarni kimga yetkazishni biladi.

Xizmatkor Junseokning oʻychan yuziga qaradi. Shahzoda har qancha oʻzini bosishga harakat qilayotgan boʻlsa ham uning gʻazabi va nafrati yuzida barq urayotgan edi. Yigit shahzodaning kayfiyatini tushundi-yu qo‘rquvini yutib, bosh ekkancha xonani tark etdi.

Junseok esa yoʻlga chiqishdan avval tayyorlanib olish uchun xizmatkorlarni chaqirdi. Tez orada paydo boʻlgan ikki qiz yoʻl yukini tayyorlar ekanlar, Junseok ularning harakatlariga e’tibor bermay, oynaga qarab turar edi.

“ – Seni yana qachon ko‘raman, Dain?”-pichirladi u sekingina.

* * *

Dain butun kunni Junseokni kutish bilan o‘tkazdi. Qizning yuragi shubha va xavotir bilan to‘lib-toshayotgan edi. Kechagi iliqlik, shahzodaning lablari uning xotirasida aniq aks etgan, lekin hozir uning o‘rnida faqat bo‘shliq bor edi.

U saroy bog‘ida sekin yurarkan, har lahza atrofga qarar, go‘yo Junseokning ko‘rinishini kutganday edi.

– Shahzoda qachon keladi?-so‘radi u yonidagi xizmatkor qizdan.

Bu savolni kechgacha olti marta qayta-qayta eshitgan xizmatkor qiz javob berishga shoshilmay, avval toʻgʻri soʻzlarni topishga qaror qildi.

– Xonim, ishonchim komilki, zoti oliylari iloji boricha sizning oldingizga qaytishga harakat qilayotganlar. Faqatgina, ular band boʻlishlari mumkin. Axir, valiahd shahzoda boʻlsalar...

Shu payt yoshi 15-16 lar atrofida boʻlgan qiz uzoqdan shoshilgancha keldi-da, Sarimning qulogʻiga bir nimalarni pichirladi. Tezda bosh irgʻagan Sarim:

– Xonim, hech qayerga ketmay, shu yerda meni kutib turing, hozir qaytaman,-dedi-da, shoshgancha haligi qiz bilan devor toʻyiga oʻtib gʻoyib boʻldi.

Bir necha daqiqadan soʻng, xizmatkor qiz qaytib keldi. Uning yuzida jiddiylik aks etgan, ovozi esa past va mahzun edi.

– Xonim, kechirasiz...lekin valiahd shahzoda bugun tongda shimolga jo‘nab ketayotgan ekanlar.

– Shimolga...?-so’radi ko’zlari kattalashgan, ichi esa yanada bo’m-bo’sh boʻlib qolgan Dain.

– Ha, qirol zoti oliylari ularni bir oyga shimolga surgun qildilar,-deb tushuntirish berdi koʻzlarini pastga tikkan qiz.

Dainning yuragi gursillab tushdi. Surgun? Bir oy?

Shu paytgacha Junseok doim yonida bo‘lgan, u esa uning har doim shu yerda bo‘lishiga ishonardi. Endi esa...

O’zini majburan tutib olgan Dain asta bosh irgʻadi. Ammo uning yuragi hozir koʻkrak qafasi ichida xavotir va sarosima bilan dukkillab urar, qiz endi nima qilishni bilmay qoldi. Junseoksiz bu gullar bogʻiga ega boʻlgan dam olish saroyi ham unga begona, axir...

* * *

Shimol. Sovuq va begona.

Oqshom cho‘kayotgan edi. Junseok shimoldagi saroyning baland minorasidan uzoq-uzoqlarga qaradi. U yerda Dain bor edi. Poytaxt bor edi.

Ammo hozir uning o‘rni shu yerda.

U darchadan tashqariga tikilib, uzoq nafas oldi. Yuragida ichki qarama-qarshiliklar girdobi hukm surardi. Ichida hali ham otasiga nisbatan norozilik, begunoh yigitning o‘limi uchun o‘zini aybdor his qilish va Dainni sog‘inish hissi bor edi.

“ – Agar seni ham olib kela olganimda edi...”

Junseok oʻzicha oʻy surar edi, ammo Dainni ham shimolga boshlab kelish saroy qoidalariga zid edi. Shahzodani esa ikkinchi bir xato qilishga haqqi yoʻq.

* * *

Oradan bir hafta ham o‘tmay, Dainning yuragidagi bo‘shliq battar chuqurlashdi. Har kuni erta tongda uyg‘onar, lekin yuragini iliqlik bilan to‘ldiradigan odam yo‘q edi.

Kunlar bir-biriga o‘xshab qoldi.

Oxir-oqibat chiday olmagan qiz shahzodaga xat yozoshga qaror qildi. Xona ichida qizning yurak urishi tezlashgan, uning qoʻlida qog‘oz va siyoh bor edi. Uning barmoqlari titrarkan, u qog‘ozga quyidagi satrlarni yoza boshladi:

“Shahzodam, men sizni intiq bo‘lib kutmoqdaman. Tongda uyg‘ongan har bir lahzam sizsiz begona. Bu yerda men bilan hamma narsa joyida, ammo sizsiz bu saroy ham, gullar bogʻi ham o‘z jozibasini yo‘qotdi. Qachon qaytasiz?”

Dain qalamini bir muddat qog‘oz ustida ushlab qoldi. Yuragi shunchalar tez urayotgan ediki, xuddi bu xat uning yuragining bir bo‘lagi singari edi. U chuqur nafas olib, yana qoʻshimcha qilishga qaror qildi:

“Siz bilan bo‘lgan tunlarni eslash yuragimni siqadi. Sizning ovozingiz, iliq nigohingiz, hatto sharpangiz ham bu saroyda sezilmay qoldi. Men har kuni siz yurgan yo‘laklarda yuraman, ammo u yo‘llar shunchaki bo‘m-bo‘sh. Men sizni yana qachon ko‘raman, zoti oliylari?”

U qog‘ozga oxirgi nuqtani qo‘ygach, xatini bir necha bor qayta o‘qib chiqdi. Barcha his-tuyg‘ulari qog‘oz satrlarida aks etgan edi. Ammo bu so‘zlar uning yuragidagi bo‘shliqni to‘ldira olarmidi?

U xatni chiroyli buklab, muhrladi va oʻziga tanish boʻlib qolgan xizmatkor qiz – Sarimni chaqirdi.

– Bu xatni shahzodaga yuborishni istayman,-dedi u, ovozi titrab.

Muxrlangan xatni asta qoʻliga olgan Sarim, asta bosh irgʻab, tilga kirdi:

– Tushundim, choparlardan biriga berib yuboraman, xonim.

Sarim bosh egib, xatni qattiq ushlab olgancha, ortiga burildi va xonani tark etdi. Xizmatkor qiz yoʻlak boʻylab yurar ekan, Dainning martabali oilalardan boʻlishi mumkinligini taxmin qildi. “– Xonim yozishni bilar ekanmi, demak u martabali oilalardan ekan!”-degan xulosaga keldi Sarim.

Dain esa uzoq vaqtgacha uning ketidan qarab qoldi. Koshki, shu payt Dain katta xato qilganini tushunsa edi. Balki, xatni umuman yozmagan boʻlarmidi?...

* * *

Junseok shimoldagi saroy hovlisida qo‘llarini orqaga qo‘ygancha sekin yurardi. Osmonda qalin bulutlar suzib yurar, havo esa odatdagidan ancha sovuq edi. Bu joy poytaxtning hashamatidan yiroq, ammo uning nigohi uchun yangilik emasdi. U bu yerga surgun qilingan bo‘lsa ham, vaqtni behuda sarflash niyatida emasdi.

Shahzoda viloyatdagi amaldorlar va mulkdorlarning qanday ishlar bilan band ekanini o‘rganishga qaror qildi. Otasining so‘zlari hanuz qulog‘ida jaranglardi: “Adolatli hukm bo‘lishini istasang, avval adolatning o‘zi nimadan iborat ekanini tushun!”

Junseok o‘ziga yaqin bo‘lgan xizmatkori – Jo Yongni chaqirdi. U sadoqatli va aqlli yigit bo‘lib, Junseokning qiyofasiga qarab ham uning qanday kayfiyatda ekanini bilardi.

– Yong, men viloyatdagi amaldorlar va boy mulkdorlar haqida aniq ma’lumot olishim kerak. Ular qanday ishlaydi, kim bilan aloqa qiladi, odamlarga qanday munosabatda bo‘ladi– hammasini o‘rgan. Biroq, buni hech kim sezmasin.

– Buyrugʻingiz bosh ustiga, shahzodam,-dedi Jo Yong bosh egib.

– Har bir xabarni bevosita menga yetkaz, hatto mayda ikir-chikirlarigacha.

– Tushundim, shahzodam.

Jo Yong ta’zim qilgach, asta orqaga burilib, xonani tark etdi. Junseok esa oʻsha doimiy sukut hukm suradigan xonada qoldi.

“ – Bu safar adolatli bo‘laman. Otam ko‘rmoqchi bo‘lgan adolatni emas, o‘z ko‘rganimni.”

* * *

Jo Yong bilan boʻlgan suhbatdan keyin oradan bir necha kun oʻtdi. Hozir esa Junseok shimoldagi saroy hovlisida sayr qilib yurgan edi. Havodagi sovuq havo uning e’tiborini tortmadi, chunki u butunlay boshqa fikrlar bilan band edi.

Hali ham otasining hukmiga bo‘lgan g‘azabi so‘nmagan, ichidan alanga olib, uni tinch qo‘ymasdi. Shunday boʻlsa-da, u oʻzini hozir qilayotgan ishlari bilan chalgʻitishga harakat qilar, bu safar adolatli boʻlishini ta’kidlar edi. Lekin barchadan ham ko‘proq Dainni sog‘inayotganini tushunib yetgan edi.

Shu payt uzoqdan chopar yetib keldi.

– Shahzodam, bu sizga!-dedi chopar uning qarshisida bosh eggancha, maktubni uzatib.

Junseok hayron bo‘lib, xatni oldi. Uning yuragi shiddat bilan urar, ko‘zlari tanish muhrni ko‘rishi bilan beixtiyor qo‘llari titrab ketdi. Lekin uni hayratga solgani narsa shunchaki xat emasdi. Balki, Dain unga xat yozgani edi. “– Axir u bir qul qiz bo’lsa, yozishni qayerdan oʻrgandi ekan?”-deya oʻziga savol berdi shahzoda.

Qattiq qiziqqonlik tufayli u shoshilinch ravishda muhrni ochib, qog‘ozni yoydi. Uning ko‘zlari bir necha bor satrlarga yugurdi. Dain...

U xatni oxirigacha o‘qib bo‘lgach, uning butun vujudini hayrat va oʻychanlik egallab oldi. U Dain yozgan xatdagi na biror gapni va na biror soʻzni tushunmas edi. Axir, xatni yozgan Dain oʻzining davri – yigirma birinchi asrga xos hangil alifbosidan foydalangan, Korti davrida esa hali bu alifbo oʻylab topilmagan, faqatgina zodagonlar xitoy iyerogliflaridan foydalanib yozar edilar. Dainning hangil alifbosiga xos bu xati esa, Junseokka tushunarsiz edi.

Shahzoda uzoq o‘ylab o‘tirmadi, nima boʻlsa ham, qizga javob xati yozishga qaror qildi.

“Dain, sening maktubingni oldim, ammo biror soʻz va satrga tushunmadim,-deb boshladi u gapni,-shunday bo’lsa-da, men senga javob xati yozyapman. Bu yerda kunlar sukunat bilan o‘tmoqda, lekin men har kun, har daqiqada seni o‘ylayman. Sening ovozing, yuzing, hatto eng mayda harakatlaring ham ko‘z oldimdan ketmaydi. Hali ham men sening oldingda ekanimni his qilaman.

Meni kut. Tez orada seni ko‘rish uchun qaytaman. Qaytganimda esa xatda nima deb yozganing va qaysi yozuvdan foydalanganing haqida ham bilib olaman.”

U xatni tugatib, o‘z qo‘li bilan muhrladi va choparga uzatdi.

– Uni tezroq poytaxtga, senga maktubni bergan kishiga yetkaz,-dedi u.

Chopar yana bosh egib, jo‘nab ketdi.

Junseok esa xatni yozgandan keyin ham o‘zini ancha yengil his qildi. Endi u poytaxtga qaytish sanasini intiqlik bilan kutardi.

* * *

Dain bugun negadir kech uygʻondi. U hali ham tanasida ogʻir charchoq va xorg’inlikni his qilar edi. Aslida, u bu dam olish saroyida hech nima qilmas edi. Uning kuni bogʻni aylanish va Junseokni kutish bilan oʻtib ketar edi. Shunday ekan, u nega charchaganini oʻzi ham tushunmas edi.

Xonadagi shitir-shitir ovozlardan Sarim Dain uygʻonganini sezdi. U asta xona eshigini taqqillatib, kirishga ijozat so’radi. Dain ruxsat bergach, u asta ichkariga kirdi-da, ta’zim qildi. Soʻng qo’yniga qo’l solib, bir maktubni chiqardi.

– Xonim, buni shahzoda sizga yuboribdilar, erta tong, hali quyosh chiqmay turib, chopar buni olib keldi,-deya tushuntirish berdi Satim xatni Dainga uzatar ekan.

Koʻzlari hayratdan katta-katta ochilgan Dain
Junseokning xatini asta qoʻliga oldi. Bir necha soniya xatdagi muxrga tikilib turgan qiz, xatning chetrog’ini ehtiyotkorlik bilan yirtib, uning ichidan yozuv oʻramini oldi.

O’ramni sekingina yozgan Dain maktubni oʻqiy boshladi. Biroq, u ham huddi Junseokdek xat satrlari boʻylab koʻzini yugurtirar, ammo hech nimaga tushunmas edi. U xatni qayta-qayta 2 marta koʻzdan kechirgach, esladi: “ – Axir men Koryodaman. Bu davrlarda hali hangil alifbosi boʻlmagan, demak, u meni maktubimni oʻqiy olmay, qiynalibdi-da? Endi men ham uning maktubini oʻqiy olmaymanmi?”

Maktubni yana oʻram holiga keltirilgan Dain chuqur uh tortib qoʻydi, soʻng, boshini koʻtarib Sarimga qaradi-da, biroz ikkilangancha soʻradi:

– Oʻqishni bilasanmi?

Biroz hayron boʻlgan Sarim asta bosh chayqadi:

– Yoʻq, xonim. Men oddiy bir savodsiz xizmatkor boʻlsam, oʻqishni qayerdan bilay?

Xorgʻinlik bilan asta bosh irgʻagan Dain bu safar Sarimdan boshqa narsa soʻradi:

– Biror ichimlik olib kela olasanmi?

– Albatta,-degan Sarim jilmaygancha xonani tark etdi.

Kayfiyati birdan tushib ketgan Dain oʻrnidan turib, asta derazaga yaqinlashdi. U yupqa pardani biroz yuqoriga koʻtardi-da, gullar bogʻiga tikilib qoldi. Huddi shu yerda bir necha kun avval u Junseok bilan edi. Endi esa...

Birdan xonaga kirgan Sarim xonani koʻzdan kechirib, Dainni deraza oldida koʻrdi-yu, nafasi ichiga tushdi. Soʻng u Dainga tezda yaqinlashib, pardani tushirdi.

– Xonim,-dedi u xavotirlangancha,-qayerga tikilyapsiz? Nega derazani ochdingiz? Koshki, malika Yeonhwaning biror odami sizni koʻrib qolmagan boʻlsa...Yo xudo, yuring tezroq, yuring,-degancha Sarim Dainning qoʻlini mahkam ushlagancha, yoʻlak boʻylab yura boshladi.

Nima boʻlayotganini tushunmagan, malika Yeonhwani tanimagan Dain esa asta Sarimga ergashar ekan, uni savollarga koʻmib tashladi.

– Malika Yeonhwa deganing kim? Nega bu yerga keldi? U malikami? Yoki boshqa biror kishimi? Nega men yashirinishim kerak?

Savollarga keyinroq bafurja javob berishga qaror qilgan Sarim jimgina uni yoʻlak boʻylab tortib ketar ekan, birdan ularning qarshisida ikki soqchi, ularning ortidan esa moviy rangli harir ipak matodan libos kiygan, oppoq yuzli, koʻzlari katta-katta bir ayol qiz paydo boʻldi.

Dain qizga boshdan oyoq nazar tashlab, uning ortida yana bir nechta xizmatkor qizlar ham turganini koʻrdi. “ – Malika Yeonhwa deganlari shumi?”-deya savol berdi u oʻziga oʻzi.

Bu paytda esa Sarim allaqachon boshini egib, malikaga taʼzim qilayotgan edi.

Sarimning ta’zimiga eʼtibor ham bermagan malika sinchkov nigoh bilan Dainni kuzatdi. Soʻng, Sarimga qarab, asta murojaat qildi:

– Bu kim? Qirollik oilasining maxsus dam olish saroyiga begona odam kirishiga kim ruxsat berdi?-uning takabbur ovozi odatdagi mehribon va doʻstona xulq-atvoriga toʻgʻri kelmasdi.

Buni sezgan Sarim bir on nima deyishni bilmay qoldi va toʻsatdan Dianning yelkasidan ushlab, uni ham taʼzim qilishga majburlay boshladi.

– Zoti oliyalariga taʼzim qil,-dedi Sarim Dainni majburlar ekan, soʻng u malikaga yolgʻon tushuntirish bera boshladi,-malikam, ma’zur tutasiz, bu yangi kelgan xizmatkorlardan biri, hozircha u bu saroy qoidalarini bilmaydi. Sizga tik boqqani uchun ham ma’zur tuting.

Dain Sarimning soʻzlarini eshitib, biroz hayron boʻldi va koʻz qiri bilan unga qaradi. Koʻzlarini asta-yumib ochgan Sarim goʻyo Dainni tinchlantirmoqchi boʻlgandek, bilinar-bilinmas boshini qimirlatib qoʻydi.

Asta yutinib qoʻygan Dain holatga moslashishga harakat qildi-da, tilga kirdi:

– Z-zoti...oliyalari..kechiring,-u yana nimadir deyishga, qoʻshimcha qilishga harakat qildi ammo miyasiga toʻgʻri soʻz kelmasdi.

Dainga takabburona nigoh bilan tikilib turgan malika Yeonhwa jimgina bosh irgʻadi.

Sarim kabi sukut saqlagan Dain endi nima boʻlishiga qiziqib turar ekan, malika soqchilarga asta qarab, nimadirga imo qildi. Buni sezgan Sarim tezda Dainni qoʻlini ushlab, yoʻlak chetiga oʻtdi. Malika Yeonhwa esa oʻz xizmatkorlari bilan ularning oldidan oʻtib, yoʻlak oxiriga ketdi.

Asta qad koʻtargan Dain esa Sarimga savolga nigohi bilan tikilib, tushuntirish talab qildi.

– Siz malika Yeonhwani bilmaysiz,-pichirlagancha ma’lum qildi Sarim, malika va uning soqchilari ancha uzoqlashgandan soʻng,-Aslida siz bu yerda bo’lmasligingiz kerak edi. Sizning o’rningiz saroyda emas. Agar malika siz aslida...shahzodaning..shahzodaning mexmoni ekanligingizni bilib qolsa, bormi...ishonavering, I ko’ringanchalik muloyim va rahmdil emas. Bundan buyon undan ehtiyot boʻlishingiz kerak, xonim.

* * *

Kunlar o‘tdi. Nihoyat, bir oy yakunlanib, Junseokka poytaxtga qaytish vaqti keldi.

Shimoldagi muammolarni hal etish, yerni boy amaldorlarning zulmidan tozalash uchun qilgan ishlari ortda qoldi. U endi faqat bir narsani o‘ylardi – Dainni.

Yo‘l bo‘yi yuragi tez urdi, hayajon va intiq tuyg‘ulari uni o‘rab olgan edi.

Junseok ot choptirishda davom etdi. Kecha tunda yo‘lga chiqqan bo‘lsa ham, charchoqni his qilmasdi. Uning qalbini faqat bir tuyg‘u qamrab olgan edi – Dain.

“ – Men u bilan uchrashishim kerak. Endi uzoq vaqt kutolmayman.”

Poytaxt darvozasiga yetib kelganida, shahar har doimgidek gavjum edi. Bozor rastalarida odamlar oldi-sotdi bilan band, soqchilar esa yo‘lovchilarni tekshirardi. Ammo Junseok hech biriga e’tibor qaratmadi.

U otini qirollik oilasining maxsus dam oladigan saroyiga burdi.

Saroy darvozalariga yaqinlashgach, soqchilar uni tanib, shoshilinch ta’zim qilishdi.

– Zoti oliylari.

Junseok ularning salomiga quruq bosh irg‘ab, darvozaning ochilishini kutdi. Yuragi butun tanasiga urilayotgandek edi. Nihoyat, ichkariga kirdi.

Saroy ichida tinchlik hukm surardi. Gullarning xushbo‘y hidi havoga singgan, qushlarning mayin sayrashi bog‘ga o‘zgacha fayz bag‘ishlardi. Junseok darhol xizmatkorlardan birini to‘xtatdi.

– Dain qayerda?

Xizmatkor bosh egib javob berdi:

– Xonim o‘z xonasida, shahzodam.

Bu so‘zlarni eshitishi bilan Junseok ortiq kutmadi. U tez qadamlar bilan oldinga yurdi. Yuragining urishi yanada tezlashdi. U Dainni nihoyat ko‘radi.

Uning xonasiga yaqinlashganida, Dain deraza yonida turganini ko‘rdi. Yelkalari pastga tushgan, nigohlari esa uzoq ufqqa qadalgan edi.

Junseok bir lahzaga harakatdan to‘xtadi. Shu qadar yaqin bo‘lsa ham, u Dainni sog‘inganini yana bir bor his qildi.

Dain birdan ortiga o‘girildi. Ko‘zlari katta ochildi.

– Shahzoda…?

Junseok hech narsa demay unga yaqinlashdi. Dain esa bir zum ikkilanib turdi, so‘ng unga tomon yugurib keldi.

Shahzoda uning nozik barmoqlarini ushladi va asta jilmaydi.

– Men qaytdim, Dain.

5-epizod tugadi.
#Minatozaki_Mitsuki