May 25, 2025

𝐓𝐀𝐐𝐃𝐈𝐑 𝐊𝐎’𝐙𝐆𝐔𝐒𝐈

𝘛𝘢𝘲𝘥𝘪𝘳 𝘬𝘰'𝘻𝘨𝘶𝘴𝘪 𝘰'𝘻𝘪𝘥𝘢 𝘪𝘬𝘬𝘪𝘵𝘢 𝘵𝘢𝘲𝘥𝘪𝘳𝘯𝘪 𝘴𝘢𝘲𝘭𝘢𝘺𝘥𝘪: 𝘣𝘪𝘳𝘪 𝘰𝘺𝘯𝘢𝘥𝘢 𝘬𝘰'𝘳𝘪𝘯𝘨𝘢𝘯 𝘵𝘢𝘲𝘥𝘪𝘳, 𝘪𝘬𝘬𝘪𝘯𝘤𝘩𝘪𝘴𝘪 𝘰𝘺𝘯𝘢 𝘰𝘳𝘵𝘪𝘨𝘢 𝘺𝘢𝘴𝘩𝘪𝘳𝘪𝘯𝘨𝘢𝘯 𝘵𝘢𝘲𝘥𝘪𝘳.

1-epizod

“ – Shu kungacha hayotim oq va qora rangda bo’lgani uchun o’zimni baxtsiz his qilar edim. Ammo to’satdan u paydo bo’ldi va hayotimga rango-ranglik kirib keldi. Bir muddat o’zimni hamma hammadan ko’ra baxtli his qildim. Biroq, bu uzoqqa cho’zilmadi. U shunchaki g’oyib bo’ldi va hayotim avvalgidan ham battarroq bo’lib qoldi. Go’yo zulmat meni o’z domiga tortib ketdi-yu, endi hech qachon yorug’lik yuzini ko’ra olmaydigan bir ahvolga tushib qoldim. Bilasizmi nima? Endi men o’sha eski oq va qora rangdan iborat hayotimni qo’msab yashayapman. Chunki hozirgi tunning zulmatidan so’ng hech qachon kun yorug’i kelmaydi!”

- Stop! – rejissyorning kamerachilarga bergan buyrug’i studiyada baralla yangradi.

Buyruqqa bo’ysungan kamerachilar aynan “Stop!” deyilishi bilan pauza qildilar. Rejissyor asosiy kameraga yaqinlashib, hozirgina olingan kadrni tomosha qila boshladi.

- Yomon emas, keying kadrga tayyorlaning, - dedi rejissyor va yoshgina aktrisa tomon yurdi.

Grimyorlar chaqqonlik bilan hozirgina boshini suv to’ldirilgan shisha idishga tiqib chiqargan aktrisa oldiga keldilar. Ssenariy bo’yicha aktrisa boshini suv to’ldirilgan shisha idishga tiqib, suv ichida yuqoridagi gaplarni aytishi lozim edi. U shunday ham qildi. Va mana endi kadr tamomlangach, soch tolalaridan oqayotgan suv uning yuzi bo’ylab sizib, kiymiga tommoqda.

Aktrisaning boshiga darrov sochiq tashlagan grimyorlar bir paytning o’zida uning pardozini yangilashga harakat qilar edilar. Boshqa tomonda esa, kamerachilar keying kadrga tayyorgarlik ko’rayotgandilar. Albatta, yangi kadrni suratga olishdan avval kameralarning sozligiga ishonch hosil qilish kerak edi-da.

Grimyrolarning yrodamida keyingi sahnaga tayyorlanayotgan aktrisa oldiga kelgan rejissyor beo’xshov jilmayib:

- Nimadir xohlaysizmi, Kayoon xonim?-deb so’radi.

Rejissyorning bu qilig’i aktrisadan ham ko’ra bosh grimyorning chap tomonida turgan qizga yoqmadi. “ – Kap-katta odam yosh aktrisaga xushomad qilishini qarang-u, bezbet!” deb o’yladi Hemi ichida.

So’ng bosh grimyor Lee xonimga asta nigoh tashlab, studiyani tark etdi. Yo’lak bo’ylab yurar ekan, Hemining hayolida anavi rejissyorning qilig’i qayta gavdalanar, Hemining o’zi bundan yanada jirkanib ketardi.

Ko’p o’tmay kattagina bir marketga kirgan Hemi o’zi va Lee xonim uchun 2 ta qulupnayli sut sotib olgach, ortga qaytdi. U studiyaga qaytganda Lee xonim pardozni tugatay degan edi. Boyagi shilqim rejissyor esa qayergadir chiqib ketgan ekan. Hemi studiyaning chetrog’ida turgan stulga borib o’tirdi-da, Lee xonim pardozni tugatishini kutdi.

“ – Bugun zerikarli kun bo’lyapti, - deb o’yladi Hemi o’zicha, - Ertalabdan yana o’sha ahmoqona tush, ishga kech qolish, anavi betarbiya rejissyor…Jin ursin!”

Hemi asabiylashgancha qo’lidagi yelim paketdan qulupnayli sutlardan birini olib, u uchun mo’ljallangan cho’pni sutga tiqib, simirishni boshladi. Qulupnayli sutning shirin ta’mini his qilib o’tirgan Hemi ikkinchi marta asabiylashmas edi, agar uning yoniga bir yigit o’tirmaganda.

Hemi bu yigitni taniydi. U yordamchi kamerachi. Ishga olinganiga 2 oydan oshmadi. U bilan ishlaydigan ko’pchilik allaqachon Taehyung bilan chiqishib ketgan. Biroq, Hemi emas. Lee xonim aytishicha bu yigit quvnoq va do’stona xulq-atvorga ega, ammo Hemi bunga ishonmaydi va Taehyungni shunchaki yengiltabiat yigit sifatida ko’radi.

Hemining o’ziga nisabatan fikrlaridan mutlaq bexabar bo’lgan Taehyung doim bu qizga yaqinlashishga harakat qiladi, biroq harakatlar oxir-oqibatda natijasiz bo’ladi. Hozir ham atayin Hemining yonidagi o’rindiqqa o’tirgan yigit qiz bilan suhbat boshlashga harakat qildi:

- Seni asosan avzoyi buzuq holda ko’raman… - biroz to’xtalgan yigit gapini davom ettirishdan avval to’g’ri so’zlarni tanlab oldi, - Nega shunday? Boshqa qizlardan farq qilasan. Tengdoshlaring doimo uyatchan va quvnoq bo’ladilar, faqatgina sen 23 yoshli qizning tanasiga kirib olgan 80 yoshli kampirga o’xshaysan…Yo’q, adashdim hatto 80 yoshli kampir ham sendan quvnoqroq, har holda ular xursand bo’lganda jilmayadilar.

Yigitning gaplari Hemiga zarracha ham ta’sir qilmadi. U jimgina o’tirib, qulupnayli sutini simirishda davom etdi. Atayin e’tiborsiz qoldirilganini sezgan yigit asta tomoq qirib, Hemining tizzasida turgan yelim paketga qo’l uzatdi. Taehyung shunchaki Hemining reaksiyasini ko’rmoqchi edi.

Yigit kutgandan ham tezroq bir chaqqonlik bilan Hemi havoning o’rtasida uning bilagini tutib qoldi. Taehyung hech bo’lmaganda, barmoqlarining uchi yelim paketga yetib borishini kutgandi, ammo qizning tez harakati tufayli hali orada yarim metrlik masofa bor edi.

- Nima qilyapsan? – jiddiy ohangda so’radi Hemi.

Jilmaygancha vaziyatni to’g’irlamoqchi bo’lgan Taehyung qo’lini ortga tortmoqchi bo’ldi. Hemi birinchi bor u tomon yuzini burdi-da ko’zlarini yigitning ko’zlariga qadadi.

- Ahmoq! – deb pichirlagan Hemi asta Taehyungning qo’lini bo’shatdi.
-
Yutingancha qo’lini ortga qaytargan Taehyung yuragida g’alati gursillashni his qildi. U boshqa tomonga qarab, qo’lini ko’kragi ustiga aynan yuragi ustiga qo’yib chuqur nafas oldida, o’rnidan turib, bu yerdan uzoqlashdi.

* * *

Yarim tun. Butun uy bo’ylab jimjitlik hukm surmoqda. Hemi o’zidan bir necha xona narida orom olayotgan ota-onasining bir tekis nafaslarini eshitib turardi. O’zi deraza yonida o’tirgancha, shaharga va osmonga tikilardi. Aksariyat odamlar uxlagan bo’lsa ham, ko’chada ora-orada farasi uzun yo’lni yoritayotgan mashinalar o’tib turardi. Shahar ham jimjit. Ba’zida shamolning mayin esishi-yu daraxt shoxlarining shitirlashi eshitib turadi. To’q moviy va cheksiz samoda faqatgina to’lin oy nur sochib turibdi. Bugun osmonda yulduzlar yo’q, go’yo ertaga yog’adigan yomg’ridan darak berayotgandek.

Hemi anchagacha uxlashga yotmadi. Qiz shunchaki tomoshadan zavqlanib o’tirdi. Ammo oxir-oqibat uxlashga majbur bo’ldi. Ertaga yana bir ish kuni. Injiq aktrisa bilan ishlash uchun Hemi kuchli va sabrli bo’lishi lozim.

Yumshoq yostiqqa boshi tekkan Hemi uyqudan avval doimgidek o’zining sirli tushlarini esladi. Mana, uch oydirki, Hemi har kun bir xil ammo sir-sinoatga to’la tush ko’radi. Ularning barida Hemi uzundan-uzun yo’lak bo’ylab bir yorug’lik manbasi tomon yuradi. Har qadamida uzun kiyimi shitirlaydi. Hemi na o’ngga van a chapga qaray oladi, yo’q, u tushida umuman o’z tanasini boshqara olmaydi. Qo’lidan kelgani faqat o’sha nur taratib turgan nimadir tomon yurish. Tushning oxirida esa Hemi faqat bir narsani ko’radi. Ko’zgu. Oltindan yasalgani uchunmi biroz sarg’ishroq nur taratadi. Tutqichi-yu asosi turli xil gulli naqshlar bilan bezalgan ko’zgu g’oyatda nafis ishlangan. Hemi hayotida unday ko’zguga qo’l tekkazish tugul, ko’rmagan ham. Ammo, negadir u uyg’onishdan avval doim o’sha ko’zguni sindiradi. Ko’zguning asosiga uncha zarar yetmaydi, lekin, uning shaffof va silliq yuzasi chil-chil bo’lib parchalarga bo’linadi-yu,m atrofga sochiladi.

Hemi bunday tushlar ko’rishi haqida hech kimga aytmagan. O’zi ham bu tushni to’liq tushunmagan bir paytda bu haqida boshqa odamga aytib berish qiz uchun erish tuyulardi. U shunchaki bu tushlardan halos bo’lishni istardi. Albatta, uch oy davomida bir xil tushni qayta va yana qayta ko’rish, undan tashqari o’sha la’nati tushlarda bir soniya ham o’zi xohlagandek harakatlana olmaslik qizni bezdirgan edi. Afsuski, Hemi bu tushdan qutulish chorasini haligacha topgani yo’q edi. Shuning uchun ham u hart un o’sha tushlarni ko’rishga majbur edi.

Shularni o’ylab yotgan Hemi qanday qilib uxlab qolganini sezmay qoldi. U mavxum bir qorong’ulik qarisida o’zini uchib borayotgandek his qilar ekan, tushida birdan oyoqlari polga tegdi. Hemining ko’zlari o’z-o’zidan ochildi. Biroq, bus afar hamma narsa o’zgargandek edi. Hemining birinchi qilgan harakati yon-atrofiga qarash bo’ldi. “ – Qila oldim,”-deya xitob qildi Hemi. Atrofda kech tushib, osmon allaqchon binafsha, moviy tusga kirgan bir pallada edi. Uzoqda tutilib nafas olayotgan qiz saroy yo’lagi bo’ylab shoshilgancha, atrofga xavotirli nigohlar tashlab yugurib bormoqda edi. Lekin negadir u Hemini ko’rmadi yoki e’tibor bermadi. Bir necha qadam orqada yurib kelayotgan Hemi bir on o’zini uchinchi shaxsdek his qildi. Anavi qizning esa bo’y-basti, orqa tomondan o’ziga o’xshab ketishini ham sezdi. Hemi ajablanib qizning ortidan jimgina ergashar ekan, u yo’lakning oxiridagi kichkina eshiki oldida to’xtadi. Qiz yana bir bor yon-veri va ortiga nazar tashlagach, xonaga kirib ketdi.

Hemi biroz hayron bo’ldi. Qizning harakatlaridan ko’rinib turibdiki, u biror narsani yashirmoqda yoki nimadir ayb ish qilgan. Biroq, u Hemi yo’lak bo’ylab uning ortidan kelayotganini ko’rib turib ham, xonaga kirib ketdi. “ – G’alati,” deb o’ylagan Hemi qadamini tezlatib, bir necha soniya avval qiz kirib ketgan xonaga kirdi.
Hemi nim qorong’u, shifti past qurilgan xonaga kirganda anavi qiz xonaning har bir burchagini ko’zdan kechirayotgan edi. Xona bo’sh, odam ko’rinmaydi. Yolg’izligiga ishonch hosil qilgan qiz bir necha qavat qilib tikilgan uzun ko’ylagi qatidan sarg’ish matoga o’ralgan buyum chiqardi. Hemi qizning harakatlarini kuzatar ekan, birinchi bor, qizning kiyimi eskicha hanbok uslida tikilgani va etaklari uzun ekanini ko’rdi. Biroq bu Hemi uchun unchalar ahamiyatli emasdi. Chunki, hozir u qizning qo’lidagi buyumga qiziqib qolgan edi.

Qiz sarg’ish mato o’ramini asta yechib, buyumni qo’liga olar ekan, Hemi juda ajablandi. Qizning qo’lida ko’zgu bore di. Ha, aynan Hemi har doim tushida ko’radigan, tanish ko’zgu. Hemi qiz tomon qadam tashlab yaqinlashdi. Qiz esa ko’zguning asosi va chetlarini barmoqlari bilan paypaslab, gulli naqshlarni tomosha qilardi. Bir necha soniyada so’ng, qiz nimadir deb pichirladi. Uning ovozi shunchalar past ediki, Hemi qiz nima deganini ilg’ay olmadi.

Birdan ko’zgu osmondan tushib qolgan yulzduzdek charaqlab, qorong’u xonani yoritib yubordi. Qiz kabi Hemining ko’zlari ham bu yorqin nurdan qamashdi. Hemi qo’llarini ko’tarib, o’zini biroz panaga oldi. Bir muddat yaraqlagan ko’zguning nurlari asta o’z joyiga tushar ekan, ko’zguda xira tasvirlar paydo bo’ldi.

Ko’zgudagi tasvir noaniq va ko’rinarli emasdi. Hemi yana qiz tomnon yaqinlashdi. Endi tasvirlar aniqroq ko’rina boshladi. Ko’zgu orqali qandaydir xona ko’rinmoqda. Deraza orqali tushgan oy nura qorong’u xonani biroz bo’lsa ham yoritmoqda. Yerda hech nima yo’q, bir necha qadam narida esa kimdirning sharpasi sezilmoqda. Ana ko’zgudagi tasvir burchakni o’zgartirar ekan, yotoq ham, undagi ko’lanka ham aniq ko’rina boshladi.

Bir muddat Hemining ko’zlari kattalashib ketdi. “ – Bo’lishi mumkin emas,”-pichirladi Hemi. Ko’zgu orqali ko’rinayotgan ko’lanka bu uning o’zi. Ana, uning o’rta uzunlikdagi jigarrang sochlari yumshoq yostiq bo’ylab har yoqqa yoyilgan. Ko’zlari hiyol yumilgan, bir tekisda bafas olmoqda. Ustidagi momiq yopinchiq, biroz ko’tarilib, uning oyoq uchlarini ko’rsatmoqda.

Hemi hayratdan bir on qotib qoldi. U hech nimaga tushunmasdi. Nima uchun bu ko’zgu uni ko’rsatmoqda? Bu qiz nimani maqsad qilgan? Hemi o’zini asta qo’lga olib, qizga yaqinroq borib, uning yuziga nazar tashladi.

Qizning yuzini ko’rganda Hemi “ – Jin ursin!,”-deyishga majbur bo’ldi. Butun diqqat e’tibor ko’zguda bo’lgan qiz ham go’yo uning nusxasidek edi. Mana, huddi Heminiki kabi tekis, biroz parashroq qoshlar, uzun kipriklar va shishgan lablar. Hemi endi butunlay to’xtab qoldi. Bu qiz unga juda o’xshaydi. Huddi uning egizagidek. Ammo nimadir noto’g’ri…

* * *

Birdan cho’chib tushgan Hemi ko’zlarini ochganda, notanish xonada edi. Qiz asta qinirlab, o’rnidan turdi va atrofga nazar tashladi. U qandaydir eskicha tuzalgan, pastak tomli uyda ekanligini angladi. Hemi asta yotgan o’rniga o’tirar ekan, xonaga razm solishda davom etdi. Xonaning eshigi yog’ochli, yo’q, yo’q, bambukdan qilinganga o’xshab gajaklari bor. Xonaning chap tomonida kichkina deraza bor, oq parda tushirilgani uchun u tomonni ko’rib bo’lmaydi. Hemining oostiga oq par ko’rpa to’shalgan, xona bo’m-bo’sh. Na bir jihoz bor yoki boshqa narsa. Ammo xona juda ozoda va pok edi. Pol ham, devor ham, derazaga tutilgan oq parda ham yangi va toza.

Hemi hayron bo’lgancha asta oyoqqa turdi. Negadir ayni shu payt uning miyasidan “ - Bu boya ko’rgan tushimdagi xonaga o’xshar ekan,”-deb o’yladi. Chunki o’sha xona ham shunday past tomli, bo’sh edi. Faqat u xona nisbatan qorong’uroq edi xolos. Shularni biroz o’ylab turgan Hemi gajakli eshik tomon yurdi. Yetib kelganda eshikning bir tavaqasini tashqariga surgan qiz u tomondagi manzara ko’rib biroz to’xtab qoldi.

Eshikning u tomoni katta bog’ edi. Atrof yam-yashil, darxtlar, maysalar, butalar…quyosh allaqachon osmonga ko’tarilgan, osmon tiniq, u yoq bu yoqda oppoq bulutlar suzib yuribdi. Huddi ertaklardagidek biroz nariroqdagi lolalar, moychechaklar, qizg’aldoqlar ustida oppoq mitti kapalaklar o’ynoqilarcha uchib yuribdi. Havo iliq, mayin shamol esyapti shekilli, daraxtlarning barglari ohista qimirlayapti.

Hemi bir muddat bunday takrorlanmas manzaraga tikilib qoldi. Keyin esa xonadan chiqib, yon atrofiga qaradi. Uzun yo’lakni quyoshning yorqin nurlari yoritmoqda. Shift esa yo’lakning faqat bir qismigagina soya solib turmoqda. Hemi negadir ikinchi bor “ - Bu yo’lak ham tushimdagiga o’xshar ekan,”-deb o’yladi. Qiz yo’lak bo’ylab ikkilanib qadam bosib borar ekan, o’zining yelkasida kimdirning yumshoq qo’lini his etdi.

1-epizod tugadi.
#Minatozaki_Mitsuki