March 23, 2025

𝐙𝐔𝐋𝐌𝐀𝐓 𝐎𝐆’𝐔𝐒𝐇𝐈𝐃𝐀

– Zulmatni bag‘riga bosgan kishi avval uni panoh deb biladi, so‘ng uni o‘ziga yaqin his qiladi, oxir-oqibat esa uning ichida yo‘qolib, asirga aylanadi...—

6-epizod

“Saroy sukunati”

Yorug‘ osmon ostida, bog‘dagi gullarning mayin hidlari havoga taralgan bir paytda, Dain va Junseok nihoyat bir-birining diydoriga to‘ydi.

Junseok uning yuziga bir lahza hayrat bilan boqdi. Dainning mayin ko‘zlari, nozik tabassumi va yuzida aks etgan beg‘ubor hislar shahzodaning yuragini yana titratdi. U ayolning uzun qoshlarini ohista siladi va pichirladi:

– Seni nihoyatda sog‘indim, Dain.

Dain unga javob qaytarmadi, ammo nigohlarining chuqurligidan, ichki iztiroblaridan bu so‘zlarning unga qanday ta’sir qilganini anglash qiyin emas edi. U ham Junseokning yuzini qo‘llari orasiga olib, barmoqlari bilan muloyimlik bilan uning yonoqlarini siladi.

– Men ham sizni sog‘indim, shahzodam...

Uning mayin ovozi shabadaday yumshoq eshitildi.

Junseok sekin Dain tomon engashdi. Dastlab ularning peshonalari bir-biriga tegdi, keyin esa Junseok uning lablaridan ohista bo‘sa oldi. Bu ehtirosli, ammo shoshilmasdan, sokin his-tuyg‘ular bilan to‘la bo‘sa edi. Dain hech qanday so‘z aytmasdan, ko‘zlarini yumdi va bu lahzani yuragida muhrlashga harakat qildi.

Ular uzoq vaqt shunday turishdi. Bog‘dagi qushlarning chirqirashi, yengil shabadaning yaproqlarni silkitishi ham ularga g‘ov bo‘la olmadi. Bu onlar faqat ular uchun edi.

* * *

Bog‘dagi lahzalar ortda qolganda ham, ularning yuraklarida yoqimli hislar hali uzoq vaqt davom etardi. Dain va Junseok so‘zsiz bir-birlariga boqib turishardi. Gullar bog‘ining mayin shabadasi sochlarini yengil silkitardi, atrof esa orombaxsh jimjitlikka to‘la edi.

– Ichkariga qaytishimiz kerak,-dedi Junseok, uning ovozi past, lekin ishonchli edi.

Dain uning ko‘zlariga tikildi. Yana bir necha daqiqa shu yerda qolishni xohlardi. Yana bir bor uning qo‘llarini ushlab, yurak urishini his etishni istardi. Lekin u sekin bosh irg‘adi va Junseokning ortidan ergashdi.

Ular saroy ichiga kirganlarida, qalin devorlar va uzun yo‘laklar ularni ichiga yutgandek bo‘ldi. Xizmatkorlar ularni hurmat bilan qarshi olib, ta’zim qilishdi. Lekin hech kim ortiqcha gapirmadi. Go‘yo saroyning o‘zi ham sir saqlayotgandek edi.

Yo‘laklar bo‘m-bo‘sh edi. Junseok Dainning xonasiga yetib kelgach, uning bilagini ohista ushladi. U chuqur nafas olib, uning yuziga qaradi.

– Hali ham ishonolmayman, nihoyat, seni yana koʻrib turibman,-shivirladi u.

Shahzoda Dainni shunchalar sogʻingan, hozir uning diydoriga to’ynoqchi edi-ki, maktub haqida savoli ham yodidan koʻtarildi.

Dain esa mayin jilmaydi, va sekingina shahzodadan nigohlarini qochirdi. Uning yuragi qattiq urayotgan edi. Ichidagi hislarni so‘z bilan ifodalash qiyin edi.

Ular xonaga kirdilar. Og‘ir yog‘och eshik ortlaridan yopildi. Xona ichida faqat sokinlik va shamning xira nurigina bor edi.

Junseok Dainning bilagidan ohista tortdi va uni o‘z bag‘riga mahkam bosdi. Bu oddiy quchoqlashish emas edi – bu sog‘inchni unutish, yo‘qotish qo‘rquvini bosish va bir-birlarini his etish istagi bilan to‘la edi.

Dainning yuragi shu qadar tez urdiki, go‘yo Junseok ham uni eshityotgandek edi.

– Azizam, seni juda sog‘indim,-avvalgi soʻzlarini qaytardi shahzoda.

Junseokning ovozi past, shirin ohangda yangradi. U Dainning sochlari orasiga yuzini yashirib, uning mayin hididan chuqur nafas oldi.

Dain hech narsa demadi, u hozir jimgina turishni afzal bildi.

Junseok ohista uning iyagini ko‘tardi. Endi ular bir-birlarining nigohlariga cho’kib borishardi. Junseokning ko‘zlarida ehtiros va mehr bilan qorishgan hislar bor edi. U Dainning so‘zsiz roziligini kutayotgandek edi.

– Seni faqat ko‘zlarim bilan emas, qalbim va tanam bilan his qilishni istayman. Shu on, shu kecha va bundan keyin har doim faqat menga tegishli bo‘lishingni istayman.

Dainning yuragi yana qattiq urdi. Uning yonoqlari qizarib ketdi. Ammo nigohlarida na hayrat, na shubha bor edi. Faqat ishonch va mayin muhabbat.

U ohista bosh irg‘adi.

Junseokning barmoqlari yengilgina Dainning yuziga tegdi, so‘ng u lablarini qiznikiga sekin yaqinlashtirdi. Birinchi bo‘sa yengil, sokin, ta’biri joiz bo‘lsa, nihoyatda hurmat bilan boshlangan edi. Ammo keyin asta-sekin chuqurlashdi.

Dain qo‘llarini ohista Junseokning yelkasiga qo‘ydi. Uning ichki titrog‘i endi muloyim, mayin istakka aylanib borardi.

Junseok Dainni yotoqqa tomon yengil olib bordi va o‘zi yotoqqa qulay oʻtirib olgach, qizni tizzasiga o‘tqazdi. Bu holatda ular bir-biriga yanada yaqin bo‘lishdi. Bo‘salar tobora chuqur, tobora yoqimli bo‘lib borardi.

Junseokning qo‘llari Dainning belini mahkamroq quchdi, uning yelkasini, bo‘yin chizig‘ini ohista silab, mayinlik bilan bag‘riga tortdi. Dain esa uning ishonchli, iliq qo‘llariga suyanib, o‘zini butunlay unga topshirdi.

Bir necha daqiqalik bo‘salar, sokin shivirlashlar, yurak urishlari…

Keyin Junseok qizni ehtiyotkorlik bilan yotoqqa yotqizdi.

Xona ichida faqat ularning nafas olishi va yurak urishlari eshitilib turardi. Shamning xira nuri devorlarda akslanar, sokin kecha esa saroy devorlariga sir saqlashga va’da bergandek edi.

* * *

Ertalab osmon hali ham yengil binafsha tusda edi. Quyosh endi ufq ortidan bo‘y ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, uning mayin nurlari allaqachon yer yuzini asta-sekin yoritishni boshlagandi. Havoda shamollarning sokin pichirlashi eshitilib, bog‘ atrofida beozor qushlar o‘zining shirali ovozida sayray boshladi. Yengil shabada gullar hidini olib kelib, saroyning ayvonlariga urilardi.

Dain erta tongning sokinligi ichida bir zum ko‘zlarini yumib, chuqur nafas oldi. Bu ertalabki osoyishtalik uni tinchlantirdi. Ammo yuragining tub-tubida bir xavotir bor edi — u poytaxtdagi saroyga qaytishi bilan yana eski muhitga tushib qolishini yaxshi bilardi. U yerda hammasi boshqacha.

Junseok esa Dainning yonida turib, uni yon burchakdan kuzatdi. Quyosh nurlari qizning oppoq chehrasini yoritib turar, ko‘zlarida esa allaqanday chuqur o‘ychanlik aks etardi. U shunday paytlarda Dainning yuragidan nimalar kechayotganini tushunishni istardi.

U Dainning qo‘lidan muloyim siqib, pichirladi:

– Hali ham saroyga qaytishdan cho‘chiyapsanmi?

Dain sekin ko‘zlarini ochdi, quyosh nurlarida porlagan nigohini unga qaratdi va yengil jilmaydi. Shamol mayin jingalak sochlarini yengil tebratib o‘ynardi.

— Yo‘q...siz bilan bo‘lsam, hamma narsa joyida bo‘ladi.

Junseok uni bir necha soniya kuzatdi, so‘ng qo‘lini bo‘shatmasdan yo‘lida davom etdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, saroy darvozalari oldida xizmatkorlar va soqchilar saf tortib turishardi. Ularning ta’zimlari ostida Dain va Junseok saroy hududiga qadam qo‘ydilar.

Dain havodan chuqur yutib, ich-ichidan o‘zini tinchlantirishga harakat qildi. Hali oldinda uni qanday kunlar kutayotgani noma’lum edi, ammo bir narsa aniq edi – bu safar u yolg‘iz emas.

* * *

Saroyga qaytganlaridan so‘ng Junseok tez orada Dain uchun yangi xizmatkor tayinlash masalasini ko‘rib chiqdi. U ko‘p o‘ylab o‘tirmadi — xizmatkorlardan biri bo‘lmish Sarimni tanladi.

Sarim yosh bo‘lsa-da, ishonchli va sadoqatli edi. Undan tashqari Junseok shimolda boʻlgan vaqt ham, Sarim doim Dain bilan birga edi. Shunday ekan, Dainga yaqin kishi boʻlish, uni xizmatlarini qilish uchun Sarim eng yaxshi nomzod edi.

Junseok qirol oilasining maxsus dam olish saroyiga maktub yo’lladi. U maktubda Sarim ismli xizmatkor qizni asosiy saroy xizmatiga joʻnatishlarini buyurdi.

Tez orada xizmatkor qiz yetib kelgach, Junseok uni xonasiga olib kelishlarini buyurdi. Xizmatkor qiz eshikdan asta kirar ekan, Junseok unga vazifasini tushuntirdi. Sarim darrov rozi boʻldi, xizmatkor qizning bundan boshqa ilojisi ham yoʻq edi. Shunday boʻls-da, u qarshilik qilishni hayoliga ham keltirmagan edi.

Junseok gapini yakunlashdan avval oxirgi qoʻshimchani aytib oʻtdi.

– Bu sir bo‘lib qolishi shart. Dainning yonida bo‘lasan, unga xizmat qilasan, lekin hech kimga biror narsa demaysan, tushundingmi? Saroyda hech kim, eshityapsanmi, hech kim bu haqida xabar topmasligi shart!

Sarim bosh egib, itoat bilan javob berdi:

– Sizning har bir buyrug’ingiz menga qonun, shahzodam.

* * *

Oradan bir necha kun o‘tdi. Dain saroy yo‘laklarida Sarim bilan yonma-yon yurardi. U bugun o‘zini biroz g‘alati his qilayotganini sezdi. Yuragi noxush urar, oyoqlari og‘irlik qilayotgandek edi. Ammo u bunga e’tibor bermadi — axir, saroyda kunlar shoshqin o‘tardi, charchoq odatiy hol edi.

Yo‘lakning baland ustunlari bo‘ylab quyosh nurlari tushib turar, marmar pol esa havo issiqligiga qaramay, salqin edi. Atrof sukunatga cho‘mgan, faqat uzoqdan xizmatkorlarning ohista ovozlari eshitilardi. Dain Sarim bilan ohista gaplashib borayotgan edi, biroq birdan ko‘zi oldi xiralashib ketdi.

Boshida nimadir aylanib ketgandek tuyuldi. Nafasi qisilib, yuragi tez-tez ura boshladi. U qadam tashlamoqchi bo‘ldi, lekin tanasi unga bo‘ysunmadi.

— Xonim, ahvolingiz yaxshimi? — dedi Sarim xavotir bilan, uning qadamlaridagi beqarorlikni sezib.

Dain javob berishga urindi, ammo og‘zidan biror so‘z chiqmasdan, nafasi og‘irlashdi. Uning boshi yana aylana boshladi, yuragi esa qandaydir notabiiy tezlikda urar edi.

– Xonim?-Sarim yana chaqirdi, ammo Dain endi biror narsani anglashga ham ulgurmay, ko‘zlari yumilib, birdan yerga yiqildi.

Sarimning yuragi shuv etib ketdi. U shoshib tiz cho‘kib, Dainning tanasini ushlab qoldi, uning muzdek qo‘llarini silab, hushiga qaytarmoqchi bo‘ldi.

– Xonim! Xonim, iltimos, ko‘zlaringizni oching!-dedi u titroq ovoz bilan.

Ammo javob yo‘q edi. Dainning kipriklari titradi-yu, biroq ko‘zlari ochilmadi. Uning nafasi zaiflashib, yuzi oqarib ketgan edi.

Sarim bir lahza qotib qoldi, lekin o‘ziga tezda keldi. O‘ylab ham o‘tirmay, Junseokning oldiga yugurdi.

Yo‘lak bo‘ylab yugurar ekan, yuragi qattiq urar, har bir qadamidan titroq o‘tar edi. U bor ovozi bilan chaqirdi:

– Shahzodam! Shahzodam!

Junseok bir nechta amaldorlar bilan suhbatlashayotgan edi, ammo Sarimning shoshilinch yugurib kelganini ko‘rib, darhol unga e’tibor qaratdi.

– Nima bo‘ldi?-dedi u, Sarimning nafas ololmay turgan qiyofasini kuzatarkan.

Sarim bo‘g‘ilib, chuqur nafas oldi va nihoyat, ovozini tiklab shivirladi:

– Dain xonim... U hushidan ketdi!

Junseokning yuragi bir lahzaga to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Xuddi tomirlaridan qon yurishdan to‘xtagandek, butun vujudi bo‘shashib ketdi.

Ammo u biror soniya ham ikkilanmadi.

Ortiga ham qaramasdan, darhol yugurdi.

Uning qadam tovushlari marmar yo‘lakda aks sado berar, ko‘nglidagi vahima tanasiga tarqalardi. “– Yo‘q, yo‘q…Nima bo‘ldi, Dain?”

U har doimgidan tez yugurardi. Saroy xizmatkorlari bir-biriga qarab, sarosimaga tushgancha chetga chiqishar, ammo Junseok uchun hozir hamma narsa ahamiyatsiz edi.

U Dainning xonasiga yetib kelganida, eshik oldida xizmatkorlar yig‘ilib turgan edi. Ular shahzodaning shoshilinch qadamlarini eshitib, shoshib yo‘l ochishdi.

Junseok eshikni shiddat bilan ochdi.

Xonaning ichi sokin edi. Faqat Dainning chuqur, zaif nafasi eshitilardi.

Junseok asta unga yaqinlashdi. Yuragi ezilib borardi.

Dainning rangsiz yuzi, shalvirab tushgan sochlari va shiddat bilan harakat qilayotgan kipriklari uni vahimaga soldi.

– Hoziroq tabibni chaqiring!-qat’iy ohangda buyruq berdi shahzoda.

Xonada og‘ir sukut hukm surardi. Faqat Dainning zaif nafas olishi va Junseokning yurak urishlari eshitilardi. U Dainning nozik qo‘lini ushlagancha, o‘z yurak urishining tezlashayotganini sezdi. U hech qachon bu qadar qo‘rqqan emasdi.

Dainning yuzi oqarib ketgan, lablari esa mayin titrayotgandek edi. Go‘yo u nimadir demoqchidek, ammo ovoz chiqara olmayotgandek tuyuldi. Junseok uning qaltirayotgan barmoqlarini o‘z kaftlari bilan mahkam siqdi va yengil pichirladi:

– Dain... Men shu yerdaman... Iltimos, ko‘zlaringni och…

Ammo javob bo‘lmadi.

Shahzodaning ichida nimadir uzilib ketgandek bo‘ldi. Yuragining ichkarisidan bir to‘lqin tarqalib, butun vujudini titrattirdi. U o‘zini yo‘qotmaslikka harakat qildi, lekin nigohlaridagi vahima yaqqol sezilib turardi.

Shu lahzada u boshini ko‘tarib, xizmatkorlarga o‘tkir nigoh tashladi. Uning ovozi xavotir bilan yangradi:

– Tabib qayerda?!

Xizmatkorlar shoshib qoldilar, soʻngra ulardan biri bosh egib, shoshib chiqib ketdi.

Junseok esa yana Dainning qo‘liga termuldi. Uning qachonlardir iliq bo‘lgan kaftlari endi sovib qolgandek edi. Junseokning bo‘g‘zi quruq tortdi. Yuragining ich-ichidan bir og‘riq ko‘tarildi.

Unga hech narsa bo‘lmaydi… Bo‘lishi mumkin emas!

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, nihoyat, tabib yetib keldi. U xizmatkorlar orasidan yurib o‘tib, Junseokning yoniga tiz cho‘kdi.

Junseok o‘rnidan turib, bir qadam orqaga chekindi, ammo nigohlarini Dainning yuzidan uzmadi.

Tabib o‘z qutisidan ingichka ipak ro‘mol chiqardi va Dainning bilagiga ohista bog‘ladi. So‘ng tomirini ushlab, bir necha lahza sukut saqladi. Bu lahzalar Junseok uchun asrlarga teng tuyuldi.

– Nima bo‘ldi?-deb so‘radi u nihoyat, sabrsizlik bilan.

Tabib javob bermadi. U Dainning yurak urishini tingladi, yuziga muloyimlik bilan qaradi, so‘ng sekin qaddini rostladi.

Junseok uning yuzidagi ifodani sinchiklab kuzatdi. Bu odatiy xotirjamlik emasdi. Tabib chuqur nafas oldi, go‘yo so‘zlarini e’tibor bilan tanlab olmoqchidek, so‘ng xotirjam, lekin aniq ovozda dedi:

– Xonim homilador, zoti oliylari.

Xonada sukunat cho‘kdi.

Junseokning nigohlari kengayib ketdi. Dastlab, u bu so‘zlarga ishonmadi, go‘yo qulog‘i yanglish eshitgandek edi.

Homilador…?

Uning nafas olishi sekinlashdi, yuragi esa bitta zarbni o‘tkazib yuborgandek bo‘ldi.

– Ishonchingiz komilmi? Adashmayapsizmi?-deb so‘radi u shivirlagancha.

Tabib iloji boricha ishonchli ohangda gapirdi:

– Ha, shahzodam. Xonim homilador. U biroz kuchsizlangan, shuning uchun hushidan ketgan bo‘lishi mumkin, ammo xavotirga o‘rin yo‘q. Unga yaxshi parvarish kerak.

Junseok bir necha lahzaga qotib qoldi. Bu xabar uni shunchalik hayratga solgandiki, u hatto qanday his qilishini ham bilmasdi. Ichidan o‘tib ketayotgan tuyg‘ularni so‘z bilan tasvirlash qiyin edi — hayajon, baxt, hayrat, mas’uliyat…

Dainning qo‘llari hamon uning kaftida edi. U barmoqlari bilan ularni ohista siladi.

– Unga yaxshi g‘amxo‘rlik qilish lozim. Shunday ekan, buni sizga topshiraman. Uning sogʻligʻini muntazam ravishda nazorat qilib borasiz, hatto homiladorlik davrida nima qilish va qilmaslik kerakligini ham nazorat qiling. Agar unga biror nima boʻlsa, bari siz tufayli boʻladi, tushunarlimi?-dedi Junseok past ammo yetarlicha dag’dag’ali ovozda.

Tabib asta bosh irg‘adi:

– Albatta, shahzodam.

Shahzoda yana Dainning yuzi tomon engashdi. Uning ko‘zlari yumuq, nafas olishi esa sekin edi. Junseok barmoqlari bilan uning yonog‘iga tegdi, asta pichirladi:

– Men seni himoya qilaman… Senga ham, farzandimizga ham hech narsa bo‘lmaydi.

U so‘z berayotgandi. Bu so‘zlari faqat yengil va’dalar emas edi. Junseok butun qalbi bilan Dain va ularning farzandini himoya qilishga tayyor edi.

Ammo endi uni oldinda qanday sinovlar kutayotganini faqat taqdir bilardi…

* * *

Junseok xonadan chiqqach, shoshib ketayotgan xizmatkorlarni ko‘rib, bir lahzaga to‘xtadi. Ularning nigohlari bir-biriga tez-tez almashar, ayrimlari esa tabibga bir qarab, yana pichirlab olishardi. Junseok darhol bu xabar allaqachon quloqlarga yetganini tushundi.

Bu yaxshi emas…

Shahzoda nigohlarini sovuq va o‘tkir qildi. Uning birgina qarashidan xizmatkorlar birin-ketin bosh egib, qaltirashdi. Saroyda mish-mishlar tez tarqaydi, ayniqsa bu kabi sirlar uzoq saqlanib qolmaydi. Ammo Junseok bunga yo‘l qo‘ya olmasdi.

– Hammani shu yerda to‘plang,-buyurdi u jiddiy ohangda.

Biroz o‘tib, Dainga yordam koʻrsatgan 3 ta xizmatkor qiz va tabib Junseok oldida tizilib turishdi. Hammalarining boshi egik, sukut saqlagan holda turishar edi.

Shahzoda oldinga bir qadam tashladi va atrofga sinchiklab qaradi.

– Sizlar bugun nima ko‘rganingizni va nima eshitganingizni yaxshi bilasizlar,-dedi u ovozini past, lekin keskin qilib,-Bu masala saroyning eng maxfiy sirlari qatoriga kiradi. Agar kimdir bu haqda og‘iz ochsa, oqibati qanday bo‘lishini tushunasiz.

Uning ohangida ogohlantirish bor edi, ammo bu shunchaki tahdid emas edi. Hammani ham o‘z qo‘l ostida qanday ushlab turishni biladigan odamning ogohlantirishi edi.

Xizmatkorlar va tabiblar bosh egishdi.

– Hech kim bu haqda hatto shivirlab bo‘lsa ham gapirmaydi,-davom etdi Junseok.-Agar kimdir bu sirni oshkor qilsa, u faqatgina o‘z hayoti uchun emas, balki oilasi, avlodlari uchun ham javobgar bo‘ladi.

Xizmatkorlar-u, tabib dahshat ichida bosh irg‘ashdi. Bu faqat ogohlantirish emas, balki rasmiy hukmday yangragandi. Saroyda har kim bilardi: shahzoda o‘z so‘zini aytdimi, ortga qaytish yo‘q.

Junseok esa davom etdi:

– Endi qasam iching. Har biringiz.

Xizmatkorlardan biri engashdi va sekin, titroq ovozda dedi:

– Qasam ichamiz, shahzodam… Bu sir biz bilan dafn etiladi.

Qolganlar ham shunday deya bosh egishdi.

Junseok ular yuzlariga oxirgi bor sinchiklab tikildi. So‘ng past ovozda so‘z qotdi:

– Agar biror kimda shubham bo‘lsa, men uni yo‘q qilish oldidan ikkilanib ham o’tirmayman.

Bu bilan suhbat tugadi. Junseokning nigohi ostida xizmatkorlar birma-bir chiqib ketishdi.

Shahzoda chuqur nafas oldi va bir lahzaga ko‘zlarini yumdi. Endi hech kim Dain va ularning farzandi haqida bilmasligi kerak. Hali emas…

* * *

Junseok kechasi bilan uxlamadi. U bir necha kun davomida hech kimga hech narsa demay, faqatgina ich-ichidan tortishib, o‘ziga savollar berib yurdi. Saroyning sovuq devorlari orasida, qalin pardalar ortida, u faqat bir narsa haqida o‘ylardi: Endi nima bo‘ladi?

Dainning homilador ekanini eshitgan ilk lahzasidayoq u sevgan ayolini va bolasi taqdirini o‘z qo‘liga olishga qaror qilgandi. Ammo bu shunchaki xohish bilan hal bo‘ladigan masala emas edi. Saroyda qonunlar qat’iy, qirolicha va boshqa xonimlar nazorati esa shafqatsiz edi. Lekin u chekinishni emas, kurashishni tanladi.

Qirol huzuriga borish kerak.

* * *

Tong endigina yorishayotgan bo‘lsa-da, qirol Taejo allaqachon uyg‘onib, o‘zining shinam, keng xonasida jimgina choy ichib o‘tirardi. Uning nigohlari chuqur o‘yga cho‘mgan, harakatlari esa har doimgidek qat’iy edi. U boshqalarga o‘xshamasdi — qarshisida turgan odamning yuragiga kirib, niyatlarini o‘qiy oladigan hukmdor edi.

Eshik oldida Junseok chuqur nafas oldi. Yuragi tez urayotgan bo‘lsa-da, yuzidagi ifodasi qat’iyatli edi. U endi yo‘qotishdan qo‘rqmaydigan darajada kuchli edi.

U sekin qadam tashlab, ichkariga kirdi.

Qirol uni sovuq nigohlar bilan kutib oldi.

– Shahzoda Junseok,-dedi qirol ohangida hech qanday hayrat yoki qiziqish sezilmasdan.-Nima masalada kelding?

Junseok otasining oldiga borib, og‘ir tiz cho‘kdi. Saroy qoidalariga ko‘ra, shahzodalar qirol oldida tiz cho‘kishi shart emas edi. Lekin bugun bu qoidalar unutiladi. Bugun bu uchrashuv boshqa kunlardan farq qiladi.

Qirol nigohlarini Junseokdan uzmadi.

Shahzoda bir lahza sukut saqladi. Ichidagi so‘zlarni aniq, kuchli, lekin hurmat bilan ifodalashga harakat qilib, sekin gap boshladi:

— Zoti oliylari, agar ijozat bersangiz, men o‘zimning sevgan yorimga uylanmoqchiman.

Xona ichida sukut cho‘kdi.

Faqatgina choy ichish uchun harakatlanayotgan qirolning qo‘li lahzalik to‘xtab qoldi. Uning nigohlari o‘zgarib, Junseokka yanada chuqurroq qaray boshladi. Go‘yo uning yuragini, ichki olamini o‘qiyotgandek edi.

Qirol piyolasini ohista stolga qo‘ydi va orqaga suyanib, kaftlarini bir-biriga birlashtirdi.

_ Sevgan yorim deysan...-dedi u sekin, biroq ohangida nimadir yashiringan edi.-Demak, bu shunchaki oddiy iltimos emas. Sen mendan faqat ruxsat so‘rayotganing yo‘q, balki qaysidir ma’noda o‘zing uchun hukm kutayotgandaysan.

Junseok boshini ko‘tardi.

– Ha, zoti oliylari, men sevgan ayolim bilan oila qurmoqchiman.

Qirol uni sinchiklab kuzatdi.

– Sen juda yaxshi bilasan, Junseok. Saroy qonunlari shunchaki qoidalar emas. Ular qirollik obro‘sini, sulola qudratini himoya qiladi. Vazir Leening qizi esa sen uchun tanlangan...U esa Qirollik Kengashi va zodagonlar oldida munosib kelin.

Junseok nigohini pasga tushirmadi. Uning yuragi g‘azab va chidamsizlik bilan urayotgan edi.

– Ammo men uni sevmayman,-dedi u qat’iyat bilan.

Qirolning nigohlari biroz o‘zgardi. U birinchi marta Junseokdan bunday ochiq gaplarni eshitayotgan edi.

– Sevgi…-qirol xayol bilan chuqur nafas oldi,-Bu sulola tarixida sevgi haqida qancha yozilgan? Bizning avlodlarimiz qaysi biri sevgi bilan taxtda qoldi?

Junseokning yuragi tobora g‘azab bilan to‘lib borayotgan edi. Ammo u o‘zini bosdi.

– Men sulola tarixi uchun emas, o‘z hayotim uchun yashayman,-dedi u sekin.-Va men oʻzim xohlagan ayolga uylanaman.

Qirol chuqur o‘yga cho‘mgancha, uni kuzatishda davom etdi.

Xona ichidagi og‘ir sukut bosim kabi edi. Junseok ichidan yuzlab fikrlarni o‘tkazib, qanday javob kelishini kutdi. Uning hayoti, sevgisi va hatto farzandining kelajagi shu birgina sukunat ortidagi hukmga bog‘liq edi.

• 6-epizod tugadi.
• #Minatozaki_Mitsuki