Pensiyani qayta hisoblash mumkinligini bilasizmi?
Pensioner pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos paydo bo‘lgan taqdirda pensiyaning tayinlangan turi miqdorini qayta hisoblab chiqish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Quyidagi holatlar tayinlangan pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi:
1. pensioner tomonidan pensiya hujjatlar yig‘majildida mavjud bo‘lmagan va pensiya miqdoriga ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi (ish staji va pensiya tayinlangunga qadar ish haqi to‘g‘risida);
2. nogironlik guruhining o‘zgarishi;
3. boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari sonining o‘zgarishi;
4. ustama haq olish huquqining paydo bo‘lishi;
5. bazaviy hisoblash miqdorining o‘zgarishi;
6. daromadlarning indeksatsiya qilinishi.
Pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza pensioner yashaydigan joy bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi.
Oilaning voyaga etmagan a’zosi (boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi) yoki belgilangan tartibda huquqiy layoqatsiz deb e’tirof etilgan shaxsning nomidan pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza uning ota-onasi yoki qonuniy vakili yashaydigan joy bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga berilishi mumkin.
Quyidagi hollarda pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risida ariza berish talab qilinmaydi:
- qonunchilikka muvofiq pensiyani hisoblash tartibi o‘zgarganda, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori o‘zgarganda;
- tayinlangan pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda;
- oilaning 16 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan a’zolaridan biri ta’lim muassasasidan berilgan uning o‘quvchi ekanligi haqidagi ma’lumotnomani taqdim etgan taqdirda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari soni o‘zgarganda;
- nogironlik guruhi o‘zgarganda;
- I guruh nogironligi belgilanganda.
Pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan besh kun muddatda ko‘rib chiqiladi.