REGENERATSIYA GAZIDAN — ELEKTR ENERGIYASIGA: «SHURTAN GKM» MCHJDA 4,6 MVTLIK LOYIHA
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda energiya samaradorligini oshirish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Xususan, majmuada umumiy quvvati 4,6 MVt bo‘lgan, har biri 2,3 MVt quvvatga ega ikkita gaz-porshenli generator qurilmasini barpo etish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Loyihaning muhim jihati shundaki, elektr energiyasi ishlab chiqarishda majmuaning texnologik jarayonlarida hosil bo‘ladigan regeneratsiya gazidan yoqilg‘i sifatida foydalanish ko‘zda tutilgan. Ikkilamchi energiya resurslaridan qayta foydalanish mavjud imkoniyatlarni samarali ishga solish, tashqi elektr ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish va korxonaning energetik mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida yangi energiya markazi binosi va zarur muhandislik infratuzilmasi barpo etilmoqda. Shuningdek, elektr taqsimlash uskunalari, texnologik quvurlar, sovitish tizimlari, avtomatik boshqaruv hamda generatorlarning umumiy elektr tarmog‘i bilan sinxron ishlash tizimlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda asosiy generator agregatlari va yordamchi uskunalar obyektga yetkazib kelingan. Energiya markazining qurilish konstruksiyalari va tom qoplamasi bo‘yicha ishlar bajarilgan. Ayni paytda texnologik kommunikatsiyalar, kabel trassalarini yotqizish, elektr jihozlarini montaj qilish hamda obyektni ishga tushirishga tayyorlash ishlari davom etmoqda.
Yangi generatsiya quvvatlarining ishga tushirilishi majmuaning ichki elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining muayyan qismini o‘z manbalari hisobidan qoplash imkonini beradi. Natijada elektr energiyasi xarajatlarini maqbullashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarining energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish va mahsulot tannarxini kamaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Mazkur loyiha Shurtan gaz kimyo majmuasida zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, mavjud resurslardan samarali foydalanish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlardan biridir.