"O‘zbekneftgaz" AJ rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh Shurtan gaz kimyo majmuasida bo‘ldi
"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari S.Hamroyev va ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari A.Xudoyberganov boshchiligidagi ishchi guruh "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Tashrif dastlab «Qarshitermoplast» sexidan boshlandi. Rahbariyat sexdagi mavjud ishlab chiqarish quvvatlari hamda texnologik jarayonlar holatini ko‘zdan kechirdi. O‘rganish davomida sex faoliyatini sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh a’zolari Shurtan gaz kimyo majmuasiga tashrif buyurib, korxonada amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan bevosita tanishdilar.
Tashrif yakunida majmuada kengaytirilgan sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Unda korxona faoliyati samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini yanada takomillashtirish hamda yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihalari konsepsiyalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Shurtan mintaqasida tabiiy gaz qazib chiqarish prognozlari tahlil qilinib, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ hamda "Uzbekistan GTL" MCHJni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, xarid jarayonlarini samarali tashkil etish kabi muhim yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida muhokama etilgan barcha yo‘nalishlar, xususan, istiqbolli investitsiya loyihalari bo‘yicha "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisiga tegishli takliflar kiritish belgilandi.