“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash hamda jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish va seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ Ichki nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish departamenti komplayens-inspektori Behzod Mamadiyorov, korxona rahbariyati hamda ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida Prezident Murojaatnomasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar — ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mas’uliyatni oshirish, samarali boshqaruv tizimlarini joriy etish kabi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Ushbu vazifalarning ishlab chiqarish jarayonlari va korporativ boshqaruvdagi amaliy ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Bosh direktorining o‘rinbosari Nodir Xalilov davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib, jumladan, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish hamda sanoat obyektlarini modernizatsiya qilish, suv ta’minoti, ekologiya, ta’lim va raqamlashtirish sohalaridagi islohotlarning ahamiyatini qayd etdi.
Seminar doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, korrupsiya xavflarining oldini olish mexanizmlari, komplayens-nazorat tizimining amaliy jihatlari va huquqiy asoslari yuzasidan tushunchalar berildi. Shuningdek, korporativ etika, ichki nazorat hamda shaxsiy mas’uliyat masalalari muhokama qilinib, ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi standartlarning ahamiyati yuzasidan fikr almashishdi.
O‘z nutqida Behzod Mamadiyorov komplayens tizimlarining ahamiyatiga to‘xtalib, ularning asosiy vazifasi faqatgina nazoratni kuchaytirish bilan cheklanmasdan, balki korxonada ishonchli va barqaror ish muhitini shakllantirishdan iborat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarning amalda ta’minlanishi har bir xodimning ongli va mas’uliyatli yondashuviga bevosita bog‘liqligi qayd etildi.
Tadbir yakunida xodimlar tomonidan bildirilgan savollar, taklif va tashabbuslar muhokama qilinib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ochiqlik, shaffoflik va strategik fikrlash tamoyillariga asoslangan zamonaviy korporativ madaniyatni shakllantirishga qaratilgan ta’limiy va ma’rifiy tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. “Shurtan gaz kimyo majmuasi”da o‘tkazilgan mazkur seminar davlatning strategik maqsadlarini kundalik ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.