Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovidir
8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovidir” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ Yuridik departamenti Metrologiya bo‘limi boshlig‘i N. Xodjayev, Xalqaro huquqiy ishlar bo‘limi boshlig‘i R. Sharipov, majmua bosh direktorining iqtisod va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari J. Xalimov, Yuridik xizmat xodimlari hamda korxonaning ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
Seminar ochiq muloqot tarzida o‘tib, unda “O‘zbekneftgaz” AJdan tashrif buyurgan yuqori malakali mutaxassislar tomonidan yangi tahrirdagi bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, undagi bo‘limlar, boblar va moddalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Ishtirokchilar Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni, inson huquq va erkinliklarini kafolatlashdagi ahamiyati bo‘yicha savol-javoblar orqali o‘z bilimlarini yanada mustahkamlashdi.
Tadbirni yanada jonlantirish va ishtirokchilar faolligini oshirish maqsadida Konstitutsiyaga oid viktorina savollari ham tashkil etildi. Unda eng faol qatnashib, savollarga aniq va to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Seminar korxona xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, Konstitutsiyamiz mohiyatini chuqurroq anglash hamda undagi tamoyillarning hayotimizdagi o‘rnini yanada teranroq tushunishga xizmat qildi.