Sog‘lom psixologik-ijtimoiy muhit – xavfsiz mehnat garovi
Xalqaro Mehnat Tashkiloti tashabbusi bilan 2003-yildan buyon har yili 28-aprel sanasi butun dunyoda “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” sifatida keng nishonlanib kelinadi. Ushbu sana mehnat muhofazasi madaniyatini yuksaltirish, ish joylarida baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklarining oldini olishga qaratilgan muhim global tashabbus hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, bugun “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda “Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlaylik” mavzusida mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi yo‘nalishidagi navbatdagi tadbir tashkil etildi. Tadbirda majmua ma’muriyati, Kasaba uyushma qo‘mitasi vakillari hamda barcha sex, xizmat va bo‘limlardan ishchi-xodimlar faol ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish qismida so‘zga chiqqan majmua Bosh direktori o‘rinbosari Sh.Eshmurodov ishtirokchilarni Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni bilan tabriklab, korxonada mehnat muhofazasi va xavfsizlik masalalari doimo ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Sanoat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, mehnat va atrof-muhit muhofazasi boshqarmasi boshlig‘i U.Xaydarov so‘zga chiqib, ushbu sananing mazmun-mohiyati va joriy yilgi mavzuning dolzarbligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Bugungi kunda tashkilotning muvaffaqiyati faqat texnologiyalar yoki iqtisodiy resurslarga emas, balki eng avvalo inson omiliga, ya’ni xodimlarning ruhiy holati va psixologik muhitga bevosita bog‘liqdir.” - deydi U.Xaydarov o'z nutqida.
Tadbir davomida Sog‘liqni saqlash va mehnat muhofazasi xizmati faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videolavhalar namoyish etildi. Xususan, majmua matbuot xizmati va boshqarma xodimlari hamkorligida tayyorlangan, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik oqibatlarini yorituvchi ta’sirli videoroliklar ishtirokchilarda ish xavfsizligiga nisbatan yanada ongli yondashish va mas’uliyat hissini kuchaytirishga turtki bo‘ldi.
Tadbir yakunida mehnat muhofazasi va xavfsiz ish muhitini ta’minlashga hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh ishchi-xodimlar majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.