February 10

Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi

Bugun “Shurtan gaz kimyo majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 11-fevral — “Ilm-fanda xotin-qizlar ishtiroki xalqaro kuni” munosabati bilan majmua Xotin-qizlar va gender masalalari bo'limi tashabbusi bilan “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida olima ayollar seminari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar majmuada faoliyat olib borayotgan hamda bir vaqtning o‘zida ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanayotgan olima ayollarning ilmiy sohadagi ilg‘or tajribasi va erishayotgan yutuqlari bilan yaqindan tanishish, yosh xotin-qizlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish, ularda yetakchilik va liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga qaratilgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish maqsadida tashkil etildi.

Seminar avvalida Xotin-qizlar va gender masalalari bo'limi boshlig'i Dinar Osimova so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning ilm-fan, ishlab chiqarish va boshqaruv sohalaridagi ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar mohiyati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. U ayollarning bilimli, tashabbuskor va yetakchi bo‘lishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbir davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan gender tengligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati, olima ayollarning ilm-fan rivojidagi o‘rni, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda xotin-qizlarning intellektual salohiyati va faolligining ahamiyati yuzasidan muhim fikr va mulohazalar bildirildi.

Seminarning amaliy qismida ikki nafar faol ishtirokchi tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. Jumladan, Operatsion samaradorlik xizmati mutaxassisi Abduraxmonova Nasiba ilmiy tadqiqot olib borishga qiziqishni kuchaytirish, ilmiy ishlarni rejalashtirish va samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan taqdimoti bilan ishtirok etdi. U o‘z chiqishida ilmiy izlanishning bosqichlari, mavzu tanlash, ilmiy adabiyotlar bilan ishlash hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdi. Taqdimot yosh xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga undash, ularda ilmiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qildi.

Shuningdek, Buxgalteriya bo`limi hisobchi Rashidova Umida tomonidan ayollarda liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘ziga ishonchni mustahkamlash, jamoada ishlash va boshqaruv qarorlarini qabul qilish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda ayol rahbarlarning zamonaviy qiyofasi, yetakchilik fazilatlari hamda shaxsiy rivojlanish yo‘llari yuzasidan amaliy misollar keltirildi.

Yakunda seminar ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, bunday tadbirlar yosh xotin-qizlarning ilm-fan va liderlikka bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|