“Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir”
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda "8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir” shiori ostida majmuada mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbir “Erkatoy” Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan qiziqarli va mazmunli chiqishlar bilan boshlandi. Bolajonlar ijrosidagi rang-barang sahna ko‘rinishlari, musiqali shou dasturlari va quvnoq raqslar barchaga yuqori kayfiyat, iliq taassurot va samimiy tabassum ulashdi. Ularning beg‘ubor chiqishlari tadbir ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Tadbirda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Shuhrat Aslanov so‘z olib, majmuada faoliyat yuritayotgan barcha xotin-qizlarni bahoriy bayram bilan samimiy muborakbod etdi. Shuhrat Aslanov o‘z nutqida xotin-qizlarning jamiyatdagi tutgan o‘rni, mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotidagi muhim roli hamda majmuaning barqaror rivojlanishiga qo‘shayotgan munosib hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Majmuamiz xotin-qizlarining o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishlari bilan bir qatorda, viloyat va respublika darajasidagi turli ilmiy, intellektual hamda sport musobaqalarida faol ishtirok etib, doimiy ravishda yuqori natijalarga erishib kelayotgani alohida tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi. Shuningdek, mehnat fidokori bo‘lgan ayollarning tashabbuskorligi, faolligi va mas’uliyati korxona taraqqiyotida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.
Shundan so‘ng, majmuaning bir guruh fidoyi ayollari tantanali ravishda taqdirlandilar. Jumladan, mamlakatimizda neft va gaz sanoati tarmog‘ining yuksalishi yo‘lida ko‘p yillik samarali xizmatlari e’tirof etilib, "8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan majmuaning 3 nafar xotin-qizi "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyatining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.
Shuningdek, korxonada uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan, jamoat ishlarida faol bo‘lgan yana 8 nafar xotin-qiz "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, kuni kecha majmuada o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida o‘zlarining zukkoligi va o‘tkir zehnini namoyish etgan g‘olib jamoalar majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Ushbu taqdirlash marosimi ham tadbirga alohida ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Tadbirda majmuaning Xotin-qizlar va gender masalalari bo‘limi boshlig‘i Dinara Osimovaga ham so‘z berildi. U o‘z nutqida majmuada xotin-qizlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash hamda kasbiy rivojlanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, majmua rahbariyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun ayollar nomidan samimiy minnatdorchilik bildirdi hamda barcha xotin-qizlarni bayram bilan qutlab, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va ish faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir davomida tashkil etilgan ko‘ngilochar dasturlar, majmua ijodkorlari guruhi a’zolari ijrosidagi go‘zal kuy-qo‘shiqlar, sahna chiqishlari va bayramona tabriklar ishtirokchilarga unutilmas kayfiyat bag‘ishladi. Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan ushbu tadbir xotin-qizlarga bo‘lgan yuksak e’tibor va hurmatning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.