“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda rejalashtirilgan joriy ta’mirlash ishlari boshlandi
Bugun, 2026-yil 10-may kuni erta tongdan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda navbatdagi rejali joriy ta’mirlash ishlari boshlandi. Mazkur ishlar majmua faoliyati samaradorligini yanada oshirish, texnologik jarayonlarning barqaror ishlashini ta’minlash hamda kuz-qish mavsumida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uglevodorod mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ta’mirlash jarayonlari doirasida texnologik qurilmalar belgilangan tartibda bosqichma-bosqich to‘xtatilmoqda. Ayni paytda qabul qilinayotgan xom ashyo gazi to‘liq to‘xtatilib, asosiy uskuna va jihozlarda profilaktik hamda modernizatsiya ishlari boshlangan.
Ushbu profilaktik ta’mirlash ishlari doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan jami 1038 ta ish bo‘yicha kamchiliklar qaydnomalari hamda ta’mirlash uchun zarur hujjatlar tayyorlanib, ro‘yxatdan o‘tkazilgan va bosh mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan.
• Etilen ishlab chiqarish sexida – 267 ta;
• Polietilen ishlab chiqarish sexida – 100 ta;
• Bug‘ gaz havo ta’minoti sexida – 123 ta;
• Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish sexida – 415 ta;
• Elektr ta’minoti sexida – 93 ta;
• Tayyor mahsulotlar va xomashyo sexida – 4 ta;
• Ichki suv ta’minoti sexida – 24 ta;
• Tashqi suv ta’minoti sexida – 5 ta;
• Oqova suvlarni tozalash sexida – 6 ta;
• Metrologiya xizmatida – 1 ta banddan iborat texnik ko‘rik, diagnostika hamda ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.
Shuningdek, kamchiliklar qaydnomalari asosida profilaktik ta’mirlash ishlari vaqtida bajariladigan ishlar ro‘yxati, tarmoq jadvali hamda ta’mirlash jarayonida zarur bo‘ladigan material-texnik resurslar, asbob-uskunalar va maxsus texnikalar ro‘yxati shakllantirilgan.
Bundan tashqari, joriy yilgi ta’mirlash ishlari jarayonida majmua texnologik qurilmalari to‘xtagan vaqtda quyidagi asosiy ta’mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan:
• "DA-1701" / "DA-1702" absorber va desorber kolonnalarining nasadka va tarelkalarini tushirish hamda tozalash;
• "BA-1101" va "BA-1102" piroliz pechlarida ichki ko‘rik va ta’mirlash ishlari, shuningdek, "BA-1103" pechi radiant trubalarini to‘liq yangisiga almashtirish;
• Polietilen sexida "EA-2105" (polimer) issiqlik almashinish qurilmasini ochish, tozalash, sinovdan o‘tkazish va qayta yopish;
• Etilen sexida gazlarni ajratish qurilmasidagi "FF-1801A" quritgichda (4Å) hamda "FF-1201B" quritgichda (3Å) molekulyar sitoni yangisiga almashtirish;
• "FA-2123" separatorini ochib, ichki qismini polimerdan tozalash;
• 165 dona bosim ostida ishlovchi idishlarni tashqi va ichki ko‘rikdan o‘tkazish, shundan 64 donasini suv bilan sinash;
• 68 dona issiqlik almashinish qurilmalarini ochish, tozalash va sinash;
• 81 dona bosimdan saqlovchi klapanlarni texnik nazoratdan o‘tkazish va sinash;
• 70 dona par turbinalari, kompressor hamda nasos agregatlarini ta’mirlash;
• 116 dona quvuruzatkichlarni ta’mirlash, taftish qilish va suv bilan sinovdan o‘tkazish.
Ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun majmuaning 1100 nafardan ortiq ishchi-xodimlari kunduzgi va tungi smenalarda ish olib boradilar. Shu bilan birga, ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxonalaridan ham mutaxassislar hamda maxsus texnikalar jalb etilgan.