Yoshlar kuni munosabati bilan majmuada bayram tadbiri tashkil etildi
30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda yoshlar uchun madaniy dastur hamda “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Tadbir avvalida so‘z olgan majmua Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh. Hasanov hamda Yoshlar yetakchisi M. Ulashov barcha yoshlarni bayram munosabati bilan samimiy muborakbod etdilar. Shundan so‘ng M. Ulashov ishtirokchilarga joriy yilning birinchi yarim yilligida yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiziqtirayotgan masalalar, taklif va tashabbuslar tinglandi. Muloqot davomida yoshlarning majmua hayotidagi faolligini yanada oshirish, ularning ijtimoiy, madaniy va sport yo‘nalishlaridagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Dasturning madaniy qismida yosh ijodkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar va samimiy bayramona muhit ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bayramning yakuniy qismida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha “Yoshlar kubogi — 2026” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda majmuaning turli tarkibiy bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar jamoalari o‘zaro bilim va tafakkur bellashuvida ishtirok etdilar.
Musobaqa davomida ishtirokchilar o‘zlarining topqirligi, zukkoligi, tezkor fikrlashi hamda jamoaviy hamjihatligini namoyon etdilar. Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, Umumiy ovqatlanish sexining “IQ oshpazlar” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. Avtotransport bilan ta’minlash xizmatining “Feniks” jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bug‘ gaz havo ta’minoti sexining “BGHT” jamoasi esa eng yuqori natijani qayd etib, “Yoshlar kubogi — 2026” musobaqasi g‘olibi deb topildi.
Musobaqa g‘oliblari majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday tadbirlar majmua yoshlarining intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ular o‘rtasida do‘stona va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni yangi tashabbuslar va yutuqlarga ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirdan fotolavhalar: