“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda rejali ta’mirlash oldidan texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda joriy yilgi rejali ta’mirlash dasturi doirasida ishlab chiqarish quvvatlarining ishonchli va barqaror faoliyatini ta’minlashga qaratilgan muhim texnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, rejali ta’mirlash jarayonida PA-6101A bug‘ qozonining asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblangan GBT-6101AX bug‘ turbinasida keng qamrovli texnik ishlarni bajarish rejalashtirilgan. Mazkur turbina majmua ishga tushirilgan davrdan buyon uzluksiz ekspluatatsiya qilinib kelayotgani inobatga olinib, uskunaning samaradorligi va ekspluatatsion ishonchliligini yanada oshirish, shuningdek, ehtimoliy favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida joriy ta’mirlash ishlari davomida ishchi rotorni yangisiga almashtirish belgilangan.
Rejalashtirilgan ishlarni sifatli tashkil etish maqsadida yangi rotorni o‘rnatishdan avval texnik ko‘rik va nazorat-sozlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Siemens Energy mutaxassislari ishtirokida rotorning texnik holati atroflicha tekshirilib, barcha zarur parametrlar yuqori muhandislik talablari asosida sozlandi. Texnologik jarayonlar esa amaldagi texnik reglamentlar va sanoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilgan holda bajarildi.
Mazkur tayyorgarlik ishlari rotorni keyingi montaj bosqichiga puxta tayyorlash, uskunani sifatli ekspluatatsiyaga topshirish hamda uning samaradorligi va ishonchliligini yuqori darajada ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Olib borilgan texnik tadbirlar natijasida yangi rotorni o‘rnatish uchun to‘liq texnik tayyorgarlik yaratildi. Bu esa rejali ta’mirlash ishlari majmuada zamonaviy muhandislik yondashuvlari va ilg‘or texnik standartlar asosida tashkil etilayotganidan dalolat beradi.