“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Bugun, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda “O‘zbekneftgaz” AJ va majmua rahbariyati ishtirokida ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda Majmua Bosh direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Sh.Aslanov, “O‘zbekneftgaz” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi raisi B.Muratov, Boshqaruv raisining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Y.Odilova hamda Boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi U.Mamatqulov ishtirok etdi.
Uchrashuvni majmua Bosh direktori Sh.Aslanov kirish so‘zi bilan ochib, ishchi-xodimlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish borasida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi hamda bugungi ochiq muloqot ushbu e’tiborning amaliy ifodasi ekanligini alohida ta’kidladi. Shundan so‘ng rahbarlar birma-bir so‘zga chiqib, bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy loyihalar, shuningdek, jamoada sog‘lom muhitni mustahkamlash, ma’naviyat va ma’rifatni yuksaltirishga qaratilgan ishlar hamda ularning xodimlar hayotidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Shundan so‘ng ishchi-xodimlar bilan savol-javob ko‘rinishida ochiq muloqot boshlandi. Uchrashuv ochiq va samimiy ruhda o‘tkazilib, ishchi-xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, mavjud muammolar hamda takliflar yuzasidan erkin fikr bildirdilar. Rahbariyat tomonidan bildirilgan murojaat va takliflarga alohida e’tibor qaratilib, ularga batafsil va asosli javoblar berildi. Shuningdek, ilgari surilgan takliflar Boshqaruv raisiga yetkazilishi va ularni amalga oshirish masalalari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida xodimlar rahbariyat bilan bunday ochiq muloqotlar doimiy tus olayotganini ijobiy baholab, o‘z fikr va takliflariga e’tibor qaratilayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Bunday muloqotlar ishchi-xodimlarning mehnatga bo‘lgan munosabatini yanada mustahkamlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shuningdek, mazkur uchrashuv yoshlarning tashabbuskorligi, ijodiy fikrlashi va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Bu kabi ochiq va samimiy muloqotlar xodimlar faolligini rag‘batlantirish bilan birga, majmua faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi g‘oya va takliflar uchun mustahkam zamin yaratishi shubhasizdir.