Shurtan gaz kimyo majmuasida may oyiga rejalashtirilayotgan navbatdagi rejali ta’mirlash ishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligini ta’minlash hamda texnologik qurilmalarning ish samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning may oyiga rejalashtirilgan keng ko‘lamli profilaktik ta’mirlash ishlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mazkur jarayonlarni tizimli tashkil etish maqsadida 2026-yil 1-aprel kuni majmuada direktor o‘rinbosarlari, bosh mutaxassislar hamda barcha ishlab chiqarish tsexlarining mas’ul xodimlari ishtirokida kengaytirilgan texnik yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig'ilish davomida rejalashtirilgan barcha texnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda, o‘rnatilgan texnik talablarga qat’iy muvofiq holda bajarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, ta’mirlash jarayoni uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar hamda kimyoviy reagentlar zaxirasi atroflicha ko‘rib chiqilib, har bir bo‘linma va xizmat ko‘rsatish tarmoqlariga aniq vazifalar hamda muddatli topshiriqlar yuklatildi.
Ta’kidlash joizki, bunday texnik ko‘rik va profilaktik ta’mirlash jarayonlari zavodning uzoq muddatli hamda talofatsiz ishlashini ta’minlashda eng muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Hozirda amalga oshirilayotgan tayyorgarlik choralari ta’mirlash jarayonlarini sifatli o‘tkazishga, ishlar yakunlangach esa ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini saqlash va majmua faoliyatining umumiy samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yig‘ilish yakunida barcha yig'ilish ishtirokchilariga belgilangan vazifalarga mas'uliyat bilan yondashish va jarayon davomida xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat’iy rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.