Nazariya va amaliyot uyg‘unligi: “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda talabalar amaliyoti davom etmoqda
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda Toshkent kimyo-texnologiya institutining neft va gaz yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalari uchun amaliyot mashg‘ulotlari tashkil etildi. Mazkur tashabbus yosh mutaxassislarning nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Mashg‘ulotlar avvalida talabalar umumzavod xavfsizlik yo‘riqnomalari bilan tanishtirildi. Shundan so‘ng, majmuaning malakali mutaxassislari tomonidan korxonaning tashkil etilishidan boshlab bugungi kungacha bo‘lgan faoliyati, mavjud texnologik qurilmalarning texnik tavsifi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda ularning turlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Talabalarning ishlab chiqarish jarayonlarini bevosita kuzatishlari uchun amaliy mashg‘ulotlar nafaqat tashkil etilgan maxsus o‘quv binolarida, balki laboratoriyalar hamda ishlab chiqarish sexlarining o‘zida, ishlab chiqarish jarayonlariga ta'sir qilmagan holda tashkil etilmoqda. Darslar davomida texnologik qurilmalarning tuzilishi va ishlash prinsiplari zamonaviy metodlar, animatsion videomateriallar hamda mavjud texnologik sxemalar asosida tushuntirilmoqda.
Shuningdek, ko‘p yillik tajribaga ega ustoz xodimlar tomonidan kasbiy faoliyat davomida orttirilgan tajribalar, ishlab chiqarish jarayonidagi mas’uliyat va mehnat intizomi haqida yoshlar bilan samimiy muloqotlar tashkil etilmoqda. Talabalar bundan tashqari, majmuada mavjud xavfsizlik infratuzilmasi bilan tanishib, yong‘in o‘chirish vositalaridan amalda foydalanish, yong‘in xavfsizligi xodimlarining maxsus himoya kiyimlarini kiyib ko‘rish hamda ko‘rgazmali-taktik amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
“Biz uchun yoshlarning ishlab chiqarish muhitini amalda ko‘rishi va texnologik jarayonlarni joyida o‘rganishi juda muhim. Bu mashg‘ulotlar kelgusida malakali, mas’uliyatli va raqobatbardosh kadrlar shakllanishiga xizmat qiladi,” — deydi majmuada tashkil etilgan Ilg‘or muhandislar maktabi rahbari Sultonov Abror Yanvarovich.
Amaliyotda ishtirok etayotgan talabalardan biri o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodalamoqda:
“Nazariyada o‘rgangan bilimlarimizni real uskunalar va ishlab chiqarish jarayonlari orqali ko‘rish biz uchun juda foydali bo‘lmoqda. Ayniqsa, xavfsizlik mashg‘ulotlari va laboratoriya darslari katta qiziqish uyg‘otmoqda,” — deydi talaba.
Ma’lumot uchun, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ — O‘zbekiston neft-gaz va kimyo sanoatining yirik korxonalaridan biri bo‘lib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Majmuada sanoat, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.