“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Qarashi shahrida o‘tkazilgan sanoat yarmarkasida faol ishtirok etdi
Joriy yilning 30–31-oktabr kunlari Qashqadaryo viloyatida “Neft va gaz sanoati, elektr-energetikasi, kimyo sanoati, charm-poyabzal, to‘qimachilik, elektrotexnika va farmatsevtika sanoati” mavzusiga bag‘ishlangan hududiy sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ hamda uning tarkibidagi korxonalar 100 kvadrat metr maydonda joylashgan yagona stend bilan ishtirok etishdi. Stendda neft-gaz sanoati tarmoq korxonalari ehtiyoji uchun bugungi kunda import orqali xarid qilinayotgan 300 dan ortiq turdagi mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar (sharli kranlar, zadvijkalar, kimyoviy reagentlar, moylash materiallari, podshipniklar, burg‘ulash dolotolari, neft-gaz uskunalari, o‘lchov asboblari va boshqalar) namunalarining texnik va iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan tanishtirildi.
Yarmarka doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tarmoq korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsad qilingan. Ushbu yirik sanoat yarmarkasida “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ ham faol ishtirok etib, o‘z ishlab chiqarish salohiyati, yangi texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlari va hamkorlik imkoniyatlarini namoyish etdi.
Shuningdek, yarmarka doirasida “Shurtan GKM” MCHJ vakillari tomonidan “WHEELTECH” MCHJ va “TEPLOOBMENNIK” MCHJ mahalliy ishlab chiqaruvchilari bilan muzokaralar olib borildi. Muzokaralar yakunida “Shurtan GKM” MCHJ ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan, ilgari import yo‘li bilan xarid qilingan mahsulotlar — “WHEELTECH” MCHJda ishlab chiqarilayotgan boshqaruv klapanlari hamda “TEPLOOBMENNIK” MCHJda ishlab chiqarilayotgan plastinalar (issiqlik almashinish qurilmalari uchun) bo‘yicha umumiy qiymati 1 milliard 82 million so‘m miqdoridagi anglashuv memorandumlari imzolandi.
Yarmarkadagi faol ishtiroki va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Tashakkurnomani majmua bosh muhandisi Shokir Eshmurodov qabul qilib oldi.