Sport — salomatlik garovi, jamoaviylik — muvaffaqiyat kaliti!
“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ishchi-xodimlar o‘rtasida jamoaviylik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan sport tadbirlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Majmuada erkaklar va ayollar o‘rtasida tashkil etilgan voleybol musobaqalari ham ana shunday muhim tashabbuslarning yorqin namunasidir.
Mazkur musobaqalarda erkaklar o‘rtasida 14 ta, ayollar o‘rtasida esa 8 ta jamoa o‘zaro bellashdi. Turnirlar uzoq muddatli formatda o‘tkazilib, xodimlarning jismoniy faolligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda korxonada ijobiy ish muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shuningdek, musobaqalar ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan holda, xodimlarning tushlik tanaffuslari va ish vaqtidan tashqari bo‘sh vaqtlarida tashkil etildi. Bu esa ish jarayonining uzluksizligini ta’minlash bilan birga, xodimlar uchun qulay va samarali sport muhitini yaratdi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslar murosasizligi va yuqori darajadagi faollik bilan ajralib turdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra ushbu jamoalar yuqori o‘rinlarni egalladi:
🥇 1-o‘rin — Maishiy xo‘jalik xizmatining “MXX” jamoasi
🥈 2-o‘rin — Uy-joydan foydalanish xizmatining “UJFX” jamoasi
🥉 3-o‘rin — Umumiy ovqatlanish sexining “UOS” jamoasi
Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlar esa keskin va yuqori raqobat muhitida kechdi. Turnir yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib va sovrindor bo‘ldi:
🥇 1-o‘rin — Tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexining “TM va XAS” jamoasi
🥈 2-o‘rin — Mexanik ta’mirlash sexining “Mexanik” jamoasi
🥉 3-o‘rin — Ichki suv ta’minoti sexining “Energetik” jamoasi
Musobaqalar davomida ishtirokchilar nafaqat sport mahoratini, balki jamoaviylik, o‘zaro hurmat va intiluvchanlik kabi muhim fazilatlarni ham namoyon etdilar.
9-may — “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan musobaqa yakuniga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbirda “Shurtan GKM” MCHJ Bosh direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Sh. Aslanov so‘zga chiqib, jamoalardagi ahillik, yuqori kayfiyat va shijoatni alohida e’tirof etdi. Shuningdek, u g‘olib jamoalarni tabriklab, bunday sport musobaqalari xodimlar salomatligini mustahkamlash hamda jamoaviy ruhni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shundan so'ng, g‘olib va sovrindor jamoalar majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. G‘olib jamoalarga esa musobaqa kuboklari tantanali ravishda topshirildi.
Bunday sport tadbirlari majmuada sog‘lom va faol hayot tarzini qaror toptirish, xodimlar o‘rtasida jamoaviylikni mustahkamlash hamda korporativ madaniyatni yuksaltirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Taqdirlash marosimidan lavhalar: