August 17

Kuch, birdamlik va jamoaviy ruh: arqon tortish bahslarida g‘oliblar aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan majmua tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida turli sport turlari bo‘yicha musobaqalar davom etmoqda.

Navbatdagi bellashuvlardan biri — arqon tortish bo‘yicha chempionat bo‘lib, unda ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, kuchi, chaqqonligi va, eng muhimi, jamoaviy hamjihatligi sinovdan o‘tdi.

Musobaqalar erkaklar va ayollar o‘rtasida alohida tashkil etildi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda 15 ta jamoa ishtirok etib, bellashuvlar bosqichma-bosqich qizg‘in va murosasiz kurashlar ostida kechdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida Tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexi jamoasi barcha raqiblarini mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Polietilen ishlab chiqarish sexi jamoasi esa ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda 4 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Majmua poliklinikasi jamoasi barcha raqiblaridan ustun kelib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Uy-joydan foydalanish xizmati jamoasi esa ikkinchi o‘rinni egalladi.

Arqon tortish musobaqasi nafaqat ishtirokchilarning jismoniy kuchini, balki yagona maqsad yo‘lida birlashish, o‘zaro ishonch va jamoaviy harakatning naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Yubiley sanalari munosabati bilan tashkil etilayotgan bunday sport musobaqalari majmua jamoasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jamoaviy birdamlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Musobaqa g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan majmuada tashkil etiladigan tantanali tadbirda munosib taqdirlanadi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|