“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ishchi-xodimlar navbatdagi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda mehnat muhofazasini ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish hamda ishchi-xodimlarning sog‘lig‘ini asrash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda majmuada xodimlar belgilangan tartib asosida muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning salomatligi doimiy nazorat qilib boriladi.
Ayni kunlarda majmuada mehnat faoliyatini olib borayotgan ishchi-xodimlar navbatdagi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Mazkur ko‘rikning asosiy maqsadi xodimlar salomatligi holatini baholash, sog‘liq bilan bog‘liq ehtimoliy muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, xodimlarning sog‘lig‘ini mustahkamlash hamda ularning mehnat faoliyatini xavfsiz davom ettirish uchun zarur tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tibbiy ko‘rik davomida terapevt, nevropatolog, xirurg, oftalmolog, otorinolaringolog (LOR), stomatolog, ginekolog (ayol xodimlar uchun) va sanitariya shifokorlari tomonidan ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, elektrokardiografiya (EKG), ultratovush (UTT) diagnostikasi, rentgen tekshiruvlari, qon tahlillari hamda zaruratga qarab boshqa laboratoriya va instrumental tekshiruvlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayonlar majmua poliklinikasining zamonaviy diagnostika uskunalari va malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan tashkil etilmoqda. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra sog‘lig‘ida o‘zgarishlar aniqlangan xodimlar qo‘shimcha tekshiruvlarga yo‘naltirilib, ularga individual davolash va profilaktika choralari tavsiya etiladi.
Hozirgi kunga qadar majmuaning 1 875 nafar ishchi-xodimi navbatdagi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik jarayonlari belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda va barcha xodimlarning to‘liq qamrab olinishi ta’minlanmoqda.
Bundan tashqari, tibbiy nazoratga olingan ishchi-xodimlar sog‘lomlashtirish dasturlari asosida sanatoriylar va ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yuborilib, ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Korxonada tibbiy ko‘riklarning muntazam tashkil etilishi nafaqat xodimlar salomatligini muhofaza qilish, balki kasb kasalliklari va ishlab chiqarish bilan bog‘liq salbiy omillarning oldini olish, sog‘lom mehnat muhitini yaratish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.