February 6

"Shurtan GKM" MCHJ Temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmatiga umumiy foydalanadigan temir yo‘llarga chiqishi uchun ruxsatnoma berildi

Joriy yilning 3-fevral kuni “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Temir yo‘l transporti bilan ta'minlash xizmati xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan navbatdagi bilimlar sinovi tashkil etildi. Mazkur tadbir majmua Temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmati tomonidan Transport vazirligining Qashqadaryo hududiy boshqarmasi nazorati inspeksiyasi hamda Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli texnik ishlab chiqarish bo‘limi xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu bilimlar sinovi har yili belgilangan tartibda o‘tkazilib, teplovoz mashinistlari, mashinist yordamchilari va poyezd tuzuvchilarining amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar, temir yo‘ldan texnik foydalanish qoidalari hamda xavfsizlik talablari bo‘yicha bilimlarini muntazam ravishda tekshirib borishga xizmat qiladi.

Sinov jarayonida ishtirokchilarning signalizatsiya yo‘riqnomalari, poyezdlar harakati bo‘yicha yo‘riqnomalar, shuningdek, mehnat va harakat xavfsizligi qoidalariga oid bilimlari atroflicha baholandi. Bunday tadbirlar temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonida xavf-xatarlarni kamaytirish va inson omili bilan bog‘liq xatolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bilimlar sinovi yakunlariga ko‘ra, majmua Temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmati ishchi-xodimlariga RBU-9 shakldagi guvohnomalar — ya’ni temir yo‘ldan texnik foydalanish qoidalari, signalizatsiya va poyezdlar harakati bo‘yicha yo‘riqnomalar hamda xavfsizlik qoidalariga muvofiq sinovdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar topshirildi. Shu bilan birga, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tasarrufidagi harakatlanadigan tarkib (teplovozlar)ning “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning umumiy foydalaniladigan temir yo‘llariga chiqishi uchun tegishli ruxsatnomalar taqdim etildi.

Qayd etish lozimki, bunday bilimlar sinovlarining muntazam o‘tkazib borilishi ishchi-xodimlarning kasbiy mas’uliyatini oshirish, ishlab chiqarish intizomini mustahkamlash hamda temir yo‘l transportida barqaror va xavfsiz faoliyatni ta’minlashga qaratilgan.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|