"Rahbar va yoshlar" uchrashuvi — ochiqlik va ishonch maydoni
2025-yil 11-noyabr kuni “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda navbatdagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Utkirbek Mamatkulov hamda “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ bosh direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Uktam Isayev ishtirok etib, yosh mutaxassislar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bordilar.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — yosh kadrlarning kasbiy o‘sishini rag‘batlantirish, ularning tashabbuskorligi va innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida Uktam Isayev korxona faoliyatida yoshlarning o‘rni va ahamiyatini alohida qayd etib, ularning yangi loyihalardagi ishtiroki “Shurtan gaz kimyo majmuasi”ning barqaror rivojlanishida muhim omil ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yosh xodimlarni zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish va kasbiy mahoratini doimiy oshirib borishga chorladi.
Yosh mutaxassislar texnologik yangiliklar, yashil energetika, innovatsion loyihalar hamda kadrlar salohiyatini oshirishga doir masalalar yuzasidan o‘z fikr va savollarini bildirdilar. Ularning murojaatlari rahbarlar tomonidan diqqat bilan tinglanib, har bir savol bo‘yicha batafsil javoblar berildi.
Utkirbek Mamatkulov yurtimizda, xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, amalga oshirilishi kutilayotgan yangi loyihalar hamda xalqaro grant dasturlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shuningdek, yoshlarni doimiy ravishda o'z ustlarida ishlash, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, xorijiy tillarni puxta o‘rganish, shuningdek, soha bo‘yicha xalqaro standartlarga asoslangan malaka oshirish dasturlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Uchrashuv yakunida rahbarlar yoshlarni zamonaviy ish uslublarini o‘zlashtirishga, kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga hamda neft-gaz va kimyo sanoatida innovatsion loyihalarni amalga oshirishda faol bo‘lishga undadilar. Tadbir so‘ngida majmuada faoliyat yuritib, o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh yoshlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Mazkur “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi davomida ilgari surilgan takliflar rahbariyat tomonidan ijobiy baholandi va ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
“Shurtan gaz kimyo majmuasi”da muntazam o‘tkazilayotgan bunday uchrashuvlar yosh mutaxassislarning faolligini oshirish, ularni yangilik yaratish va innovatsion jarayonlarga jalb etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu orqali rahbariyat va yoshlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch mustahkamlanib, korxonaning kelajakdagi barqaror rivojlanishiga zamin yaratilmoqda.